
18 yoshli dzyudochimiz Olimpiada chempioniga munosib qarshilik ko‘rsatdi
Yaqindagina yoshlardan kattalarga o‘tgan Laziza Haydarova (-48 kg) o‘zi uchun birinchi katta sinovdayoq jiddiy raqibga ro‘baro‘ keldi.
Navoiylik 18 yoshli dzyudochimiz jahon chempionatining birinchi davrasida Parij-2024 Olimpiadasi bronza medali sovrindori, Olimpiya o‘yinlarining jamoaviy bahslarida chempioni, jahon chempionati kumush medali sohibi, to‘rt karra Evropa chempioni frantsiyalik Shirin Bukliga munosib qarshilik ko‘rsatdi.
Bunday nufuzdagi musobaqada ilk bor ishtirok etgan Laziza faqatgina qo‘shimcha daqiqalardagi shido sabab nomdor raqibasiga imkoniyatni boy berdi.
Ma’lumot uchun, Haydarova shu yil "Grand Prix Upper Austria" turnirida bronza medalini qo‘lga kiritgan edi. U shuningdek, kadetlar o‘rtasidagi jahon chempionatining bronza medali sovrindori ham hisoblanadi. Bu haqda O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Birinchi qadam tashlandi. Hali hammasi oldinda, eng muhimi to‘xtab qolmaslik!
Fikrlar