2-tur qahramonlarini bilasizmi?

  • 13 mart, 2024, 04:30
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

Superliganing 2-turi ham ortda qoldi. Bo‘lib o‘tgan 7 ta o‘yinning barchasi o‘zgacha taassurotlari bilan ajralib turdi. Tabiiyki, har bir uchrashuvning o‘z qahramonlari bo‘ldi.

“Metallurg” “So‘g‘diyona” 0:0. Eng yaxshi futbolchi: Milan Mitrovich

Bekobodda “Metallurg” Jizzaxning “So‘g‘diyona”sini qabul qildi. Biroq ushbu uchrashuvda gol urish hech bir klubga nasib qilmadi. Tabiiyki, g‘alaba ham kuzatilmadi. “So‘g‘diyona”ni mag‘lubiyatdan uning darvozaboni Milan Mitrovich ko‘p vaziyatlarda saqlab qoldi. Bir qator seyvlarini amalga oshirdi. Natijada u eng yaxshi o‘yinchiga aylandi.

“Paxtakor” – “Nasaf” – 1:1. Eng yaxshi futbolchi: Abduvohid Ne’matov

Turning markaziy o‘yini – “Paxtakor” hamda “Nasaf” qarama-qarshiligida ham darvozabon alohida e’tirof etildi. Mehmonlar posboni Abduvohid Ne’matov nafaqat “Nasaf”, balki bellashuvning eng yaxshisi bo‘ldi. Buni o‘yinni ko‘rganlar yaxshi bilsa kerak.

“Olimpik” – “Lokomotiv” – 1:1. Eng yaxshi futbolchi: Anzur Ismoilov

Chempionatimizning “qariya” futbolchilaridan biri Anzur Ismoilov hali hamon o‘z darajasini ko‘rsatib kelyapti. Tajribali futbolchi jamoadoshlariga haqiqiy ma’noda o‘rnak bo‘la olmoqda. “Lokomotiv”ga qaytgan himoyachi “Olimpik”ga qarshi uchrashuvda yana bir bor namunali o‘yinchiligini namoyish qildi.

“Navbahor” – OKMK – 1:1. Eng yaxshi futbolchi: Javohir Ilyosov

Bizda yana bir darvozabon eng yaxshi o‘yinchiga aylandi. Namanganda “Navbahor” – OKMK uchrashuvida mehmonlar posboni Javohir Ilyosov alohida e’tirofga sazovor bo‘ldi. U o‘yinni faol o‘tkazib, OKMKni gollardan saqlab qoldi. “Navbahor”ning g‘alabasiga yo‘l qo‘ymadi.

“Andijon” – “Bunyodkor” – 5:1. Eng yaxshi futbolchi: Bektemir Abdumannonov

Turning yirik hisobi Andijonda kuzatildi va unda mezbonlar “Bunyodkor”ni 5:1 hisobida tor-mor keltirishdi. “Burgutlar” safiga yangi qo‘shilgan Bektemir Abdumannonov “Andijon”da maza qilib futbol o‘ynayapti. U “Bobur Arena”da nimalarga qodirligini ko‘rsata boshladi. Masalan, birinchi gol urilishida 90 foiz ishni bajardi. Undan tashqari yana boshqa gollarda ham qatnashdi. “Bunyodkor” futbolchilarini o‘zining reydlari va tekzorligi bilan shoshirib qo‘ydi.

“Dinamo” – “Neftchi” – 0:1. Eng yaxshi futbolchi: Abbos G‘ulomov

O‘yindagi yagona golni urgan Abbos G‘ulomov eng yaxshisiga aylandi. Chunki “Neftchi” G‘ulomovning goli evazigi juda muhim uch ochkoni qo‘lga kiritdi. Darhaqiqat, Abbos “Dinamo” bilan bahsda ancha faol ko‘rindi. “Neftchi”dagi kuchli raqobatda u yanada o‘sayotgani sezilyapti.

“Qizilqum” – “Surxon” – 2:1. Eng yaxshi futbolchi: Giorgi Kuxianidze

“Qizilqum” ikkinchi turda ham g‘alaba qozondi. Gruziyalik legioner Giorgi Kuxianidze o‘yindagi dastlabki gol muallifiga aylandi. Bundan navoiyliklar yanada ruhlandi. Kuxianidze esa raqiblarini shoshirib qo‘ydi. Maydonning har bir erida u faol ko‘rindi va jamoasining g‘alabasiga katta hissasini qo‘shdi.

Shuhratbek Jo‘raev.  

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Elyor Baratov
14/03/2024 07:04
Yuqorida xato ketibdi hurmatli tahrirchi Paxtakor - Nasaf 1:1 emas 0:0