4 ta mahalliy, 3 ta legioner. Turning eng zo‘rlari haqida

  • 30 iyun, 2024, 07:13
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Birinchi davraning oxirgi 13-turida bo‘lib o‘tgan o‘yinlar va uning natijalaridan yaxshi xabardorsiz. Odatga ko‘ra, har bir uchrashuvning eng yaxshi futbolchisiga aylanganlar haqida to‘xtalamiz.

“Olimpik” – “Surxon” – 2:0. Eng yaxshi futbolchi: Saidazamat Mirsaidov

13-turni boshlab bergan “Olimpik” – “Surxon” bellashuvda uchta qizil kartochka ko‘rsatildi. Bittasi mezbonlarga, ikkitasi mehmonlarga. “Surxon”dan 42 va 72-daqiqalarda chetlatish yuz berdi. “Olimpik” a’zosiga esa 90+7-daqiqada qizil kartochka ko‘rsatildi. Ya’ni, Kapadze jamoasi o‘yinning katta qismida son jihatdan ustunlikka erishdi. Tinib-tinchimas qanot himoyachisi Saidazamat Mirsaidov o‘z pozitsiyasida raqiblariga umuman imkon qoldirmadi.

“Metallurg” – “Nasaf” – 0:0. Eng yaxshi futbolchi: Ivan Yosovich

Chempionatda birgina “Metallurg” g‘alaba qozongani yo‘q. Bekobodliklar “Nasaf”ga qarshi bellashuvda 0:0 hisobida durang o‘ynadilar. “Metallurg”ning legioner himoyachisi Ivan Yosovich kuchli raqibga qarshi munosib kurashdi va xavfli hujumlarni bartaraf etib, “Metallurg”ning jonkuyarlaridan biriga aylana oldi.

“Andijon” – “Navbahor” – 3:0. Eng yaxshi futbolchi: Farhod Sohibjonov

Vodiy derbisida “Andijon” chempionlikka da’vogarlik qilayotgan “Navbahor”ni 3:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Hali chempionatda yutqazmay kelayotgan namanganliklar “Bobur arena”da nokautga uchradi. “Andijon” futbolchilari g‘alaba uchun katta ishtiyoq bilan o‘ynadilar. Ularning har biri eng yaxshisi bo‘lishga munosib edilar. Bu borada Farhod Sohibjonov e’tirof etildi. U gollarda faol qatnashdi. Masalan, penalti ishladi. Ikkinchi gol kiritilishida esa uning xavfli uzatmasi sabab bo‘ldi.

“Paxtakor” – “Bunyodkor” – 1:0. Eng yaxshi futbolchi: Hojiakbar Alijonov

Uzoq vaqt jarohatidan forig‘ bo‘lish uchun davolangan tajribali himoyachi Hojiakbar Alijonov nihoyat yana “Paxtakor” tarkibida maydonga tushdi. “Bunyodkor”ga qarshi bahsda Dragan Cheranning yagona goli “Paxtakor”ga uch ochko keltirdi. Ammo eng yaxshi futbolchi nominatsiyasida Alijonov alohida e’tirof etildi. U futbolni sog‘inganini “Bunyodkor”ga qarshi bellashuvda ko‘rsatdi.

“Neftchi” – “Lokomotiv” – 1:1. Eng yaxshi futbolchi: Xusayn Norchaev

Levchenko boshchiligidagi “Neftchi” klubi 13-turda o‘z uyida omadi chopmayotgan “Lokomotiv”ni qabul qildi. Biroq muxlislari qarshisidagi o‘yinda mezbonlar qimmatli ikki ochkodan mahrum bo‘ldi. “Neftchi” Norchaevning goli evaziga hisobda oldinda ediyu, ammo yakunda mehmonlar durangga erishishdi. Xusayn esa raqibga katta muammolar tug‘dirdi. Shu bois u eng yaxshi o‘yinchiga aylandi.

“So‘g‘diyona” – “Dinamo” – 4:2. Eng yaxshi futbolchi: Vladimir Yovovich

Chernogoriyalik legioner Vladimir Yovovich “So‘g‘diyona”ning “Dinamo”ga qarshi uchrashuvida hisobni ochib beruvchi gol muallifi bo‘ldi. Aslida u yaxshi legionerligini o‘tgan o‘yinlar davomida ko‘rsatib bo‘ldi. “Dinamo” bilan uchrashuvda esa Yovovich chinakam qahramonga aylandi va jamoasining g‘alabasida katta hajmdagi ishni bajardi.

“Qizilqum” – OKMK – 1:0. Eng yaxshi futbolchi: Elguja Lobjanidze

Nihoyat, “Qizilqum” klubi birinchi davraning oxirgi turiga kelib g‘alaba qozonishni uddaladi. Yodingizda bo‘lsa, navoiyliklar chempionatni ketma-ket ikkita g‘alaba bilan boshlagandi. Shundan beri ular yutuqni unutib qo‘ygandilar. Bu safar turnir jadvalida peshqadam bo‘lib turgan OKMKni qabul qildi va yagona gol evaziga “Qizilqum” o‘zi uchun juda muhim g‘alabani qo‘lga kiritdi. Uchrashuv oxirlarida gruziyalik legioner Elguja Lobjanidzening urgan goli bellashuv taqdirini hal qildi. Albatta, raqibning bir futbolchi kam bo‘lib qolgani ham “Qizilqum”ga qo‘l keldi. Lobjanidze esa uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi bo‘ldi. O‘yindan keyingi matbuot anjumanida navoiyliklar ustozi Jamshid Saidov ham legionerlarini maqtadi.

Shuhratbek Jo‘raev.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!