
Inqirozdan chempionlikkacha: «Real»ga atalgan mavsum!
Dunyoda «Real»ga o‘xshagan klub topilmasa kerak. Bir oy oldin inqirozda bo‘lgan jamoa keyingi oyda sovrin yutmoqda. «Qaymoqranglilar» mana qatorasiga uchinchi marta klublar o‘rtasidagi Jahon chempionatini yutib oldi. Ushbu sovrin madridliklarga o‘zlariga bo‘lgan ishonchni qaytarishda muhim ahamiyat kasb etishi joiz.
Ular KO‘JCh finalida BAA chempioni Al-Ayn ustidan yirik 4-1 hisobida g‘alaba qozondi. O‘z navbatida amirlik klubining finalga chiqishi ham kutilmagan holat bo‘ldi. Ular «River Pleyt»ni yarim finalda penaltilar seriyasida mag‘lub etdi. «Real» esa finalda Luka Modrich, Markos Lorente, Serxio Ramos va avtogol Yaxyo Nodirlarning gollari evaziga raqibidan ustun keldi.
Bu g‘alaba barcha shubhalarga nuqta qo‘ydi. «Qirollik klubi» endi so‘nggi uch mavsumda ushbu nufuzli sovringa ega chiqdi va so‘nggi besh yilda to‘rtinchi marta chempionlikni nishonladi. Ularning biroz avvalgi barcha muammolariga qaramay bunday g‘alaba ajoyib natija hisoblanadi.
Solari uchun ham sovrin e’tiborga loyiq. Xulen Lopetegining iste’fosidan keyin klubni 2021-yilgacha qabul qilib olgan tajribasiz murabbiy uchun katta sinov bo‘ldi. Chunki Mourinoning «Manchester Yunayted» boshqaruvidan ketishi ortidan uning navbatdagi ish joyi «Real» bo‘lishi borasidagi transfer mish-mishlari paydo bo‘la boshladi. Bu esa Solariga yanada kattaroq bosim uyg‘otadi.
«Biz – baxtlimiz. Futbolchilar bunga arziydi. Ular qattiq mehnatlari evaziga erishdilar va ko‘plab sovrinlarga ega chiqishmoqda. Qatorasiga uchta Chempionlar Ligasi sovrinidan keyin uchinchi klublar o‘rtasidagi Jahon chempionati g‘olibligi bayram torti bo‘ldi.» – dedi madridliklar bosh murabbiyi o‘yindan keyin bergan intervyusida.
«Bu jamoa va futbolchilar uchun ahamiyatga molik yutuq. Boshqa murabbiylar Zidan kabilar uchun klub bilan amalga oshirgan ishlari uchun ham biz buni nishonlashimiz kerak. Bunday natijaga erishish boshqalar uchun oson bo‘lmaydi.»
Bu ayni haqiqat va Solari sobiq hamkasbi uchun minnatdorchilik bildirishi kerak. Ammo u ham o‘z ishini yaxshi boshlashga erishdi. Barcha musobaqalar doirasida 13 o‘yinda 11 g‘alabaga erishgan madridliklar faqatgina ikki marta mag‘lub bo‘lishdi.
Lopetegi qo‘li ostida «Real» hatto bu sovrinni ham yuta olmasligi mumkin edi. Basklik murabbiy boshchiligida tarkib naq sakkiz soat birorta gol ura olmay sharmanda bo‘lgandi. Qatorasiga etti o‘yinning naq beshtasida ular qaqshatkich mag‘lubiyatlarni qabul qilib olgandi. Bularning birortasi klub tomonidan hazm qilinmadi. Oktyabr oyi oxirida «Kamp Nou»da «Barselona»ga 5-1 hisobida engilishi klub mutasaddilarining sabr-kosasini to‘ldirdi.
Solari kelishi bilan futbolchilarga o‘zlariga bo‘lgan ishonchni ko‘tarishda yordam berdi. Garet Beylning yarim finalda «Kashima Antlers»ga urgan xet-trigidan keyin Modrich va Lorentelar finaldagi g‘alabaga muhim hissalarini qo‘shishdi.
Og‘ir yoz (Zidan va Ronaldu kabi muhim figuralarning jamoani tark etishi) va kuzdan (Lopetegi qo‘li ostida) keyin qish madridliklar va Solari uchun nisbatan engil keldi.
Madridliklar yana La Liga chempionligiga da’vogarlar safida, Chempionlar Ligasi nimchorak finalida o‘ynaydi. Yangi yil «qaymoqranglilar»ga baxt va omad olib keladigandek taassurot uyg‘otmoqda!
Fikrlar