
Javlon Guseynov: Indoneziyada menga yaxshi pul taklif qilishdi
O‘tgan yili OKMK klubining O‘zbekiston Kubogini qo‘lga kiritilishida katta hissa qo‘shgan himoyachi Javlon Guseynov jamoasini o‘zgartirishga qaror qildi. Xabaringiz bor, Olmaliq klubiga Mirjalol Qosimov bosh murabbiy etib tayinlandi. Shundan keyin tarkibda sezilarli o‘zgarishlar boshlandi va o‘tgan yilgi tarkibdan bir qancha futbolchilar ketishdi va Guseynov ham ulardan biri. E’tiborlisi, ushbu o‘yinchi faoliyatini yurtimizda emas, balki Indoneziya chempionatida davom ettiradigan bo‘ldi. Shu maqsadda kuni kecha uning o‘zi bilan bog‘lanib, klubdan ketishi va yangi chempionatga ko‘chib o‘tishi haqidagi masalalar bo‘yicha o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
«OKMK klubiga e’tirozim yo‘q»
- OKMK klubidan ketishimga biror-bir jiddiy sabab bor deb o‘ylamayman. Hammasiga o‘zim sababchi. Menga Indoneziyadan taklif bo‘lganidan keyin ularning sharoitlarini o‘rganib chiqqanimdan so‘ng shartnomaga qo‘l qo‘yishga rozi bo‘ldim. Shunday qilib, o‘zimni yangi chempionatda sinab ko‘rmoqchiman. OKMK klubining rahbarlari va murabbiylariga hech qanday e’tirozim yo‘q. Qolaversa, ular bilan yangi mavsum uchun hali gaplashib ham ulgurmagandik. Chempionatimiz tugaganidan keyin darhol Indoneziyadan taklif bo‘lib qolgani uchun ularning chaqiruvini qabul qilishga qaror qildim. Vaholanki, yangi mavsumda ham OKMK jamoasida qolib faoliyatimni davom ettirishim mumkin edi. Ammo boya aytganimdek, «Pusamania Barneo»da o‘zimning yangi qirralarimni ochmoqchiman.
«Odatda yangi murabbiy kelsa, yangi futbolchilar ham keladi»
- Olmaliq klubidan bir qator o‘yinchilarning ketganini murabbiyning almashgani bilan bog‘liq deb o‘ylamayman. Lekin futbolda hammaning o‘ziga yarasha qarashi bor. Baribir bizning chempionatda qaysidir klubga yangi murabbiy kelsa, o‘zi bilan 5-6 nafar futbolchini jalb qiladi. Balki murabbiylar yangi jamoasiga tezroq moslashib olishi uchun bir qator o‘yinchilari bilan kelishar. Albatta, OKMKdan ketishimga murabbiyning almashgani ham sabab bo‘ldi. Bundan tashqari, jamoaning bu yildagi vazifasi jiddiy. Osiyo Chempionlar ligasining guruh bosqichiga chiqishmoqchi. Shuning uchun Mirjalol Qosimov bunday paytda tajribali o‘yinchilarning xizmatidan foydalanishi turgan gap. Menimcha, shu sababli o‘zgarishlar yuz beryapti.
«Yangi klubim o‘ziga to‘q»
- Menga Malayziya jamoasidan ham taklif bo‘lgandi. Ammo ularning taklifi u qadar aniq va jiddiy bo‘lmadi. Ular avvalo meni ko‘rikdan o‘tishimni istashdi. Ammo bu taklifni ko‘rib chiqishni istamadim. Indoneziya variantiga rozi bo‘lganimning boisi shundaki, ko‘proq moliyaviy tomoni muhim rol o‘ynadi, buni yashirishning keragi yo‘q. Shundan keyin yangi klubim haqidagi ma’lumotlarni o‘rgandim. Xullas, ularning taklifi meni qoniqtirgani uchun birga hamkorlik qilishga rozi bo‘ldim. Bilishimcha, «Pusamania Barneo» o‘ziga to‘q klub ekan. Hozircha Indoneziya chempionatida o‘rtamiyona klublardan biri hisoblanadi. Lekin bu yil ularning asosiy maqsadi OFK Kubogi yo‘llanmasini qo‘lga kiritish ekanligini aytishdi. Bu haqda menga klub prezidenti ma’lum qildi. Biz aniq maqsad uchun kurashamiz.
«Indoneziya futboli marketing tomondan bizning chempionatdan ustun»
- Indoneziya chempionati va u erdagi sharoitlar haqida hozircha faqat yuzaki tanishman xolos. Menimcha, bu davlat geografik joylashuvidan kelib chiqib, chempionat saviyasi bo‘yicha Tailanddan keyingi o‘rinda turadi. Indoneziyadan so‘ng esa Malayziya turadi. Lekin klublarning professionalligi, marketing tomonidan qilinadigan ishlari va tashkiliy masalalarni yo‘lga qo‘yish borasida Indoneziya chempionati biznikidan ancha oldinda. O‘zbekiston chempionatida esa aynan men aytib o‘tgan masalalar to‘liq bajarilmay kelayotgani uchun muammo hisoblanadi. Misol uchun o‘yinchilarni taqdirlash yoki tanishtirish marosimlarini ham yuqori saviyada olib borishadi. Masalan, Jakartaning «Persiya» klubi mamlakat chempioni bo‘ldi. Ushbu jamoaning chempionlik marosimlarini qanday nishonlashganini video orqali ko‘rdim. Adashmasam, 220 mingdan ziyod muxlislar Jakarta ko‘chalarida ushbu klubning chempionlik tantanalarida ishtirok etib tabriklagan. Hali bu darajadagi chempionlikni nishonlash tadbiri va unda qatnashgan muxlislar borasidagi marosim bo‘lmagan ekan, bu borada rekord o‘rnatilibdi. Mening yangi jamoaga qo‘l qo‘yishimga mana shu jihatlar ham turtki bo‘ldi. Qolaversa, mamlakat chempionatidagi o‘yinlarda stadion tomoshabinlar bilan to‘lar ekan. 20 mingdan 60 mingacha ishqibozlar stadionni to‘ldirib turishlarini eshitdim.
«Olmaliqda hammani rozi qilishdi»
- Baxtiyor Ashurmatovning Olmaliqdan ketishi mening keyingi taqdirimga ta’sir qilmadi. Mening jamoadan ketishimga Ashurmatovning umuman daxli yo‘q. 2017 yili Tailand chempionatida ham o‘ynagandim. O‘shanda legioner bo‘lib faoliyat olib borishni his qilgandim. Tan olishim kerakki, shundan keyin baribir menda yana xorijga ketib legioner sifatida to‘p surish xohishi bo‘ldi. OKMK jamoasidan esa minnatdorman. O‘tgan yili biz unutilmas muvaffaqiyatga erishib, O‘zbekiston Kubogini qo‘lga kiritdik. Moliyaviy tomondan yurtimizdagi aksariyat klublarda muammolar bo‘lib turibdi. Shunga qaramay, OKMKda hamma futbolchilarni rozi qilishdi, ajoyib tarzda mukofotlashdi. «Paxtakor», «Lokomotiv» kabi etakchilarni hisobga olmaganda, boshqa klublar bilan solishtirganda OKMKga o‘xshagan jamoa yo‘q deb o‘ylayman. Indoneziya varianti bo‘lmaganida Olmaliqda qolardim.
Fikrlar