O‘zbekiston kubogida "berilmagan penalti hamda qizil kartochka" bo‘yicha izoh berildi!

  • 30.10.2025 17:17
  • Bilolbek Imomov
  • 0
  • Futbol

O‘FA tomonidan "Paxtakor" - "Buxoro" uchrashuvidagi hakamlikka bag‘ishlashgan tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston futbol hakamlari markazi direktori vazifasini bajaruvchi Ma’mur Saidqosimov ishtirok etib, bahsli vaziyatlarni tushuntirib berdi. 
 
Dastlab, birinchi bo‘limda "Paxtakor" foydasiga berilmagan penalti haqida: 
 
"Paxtakor" futbolchisining o‘zi raqib o‘yinchisi tomonga oyog‘ini tiqib bormoqda. "Buxoro" o‘yinchisi ham to‘pga o‘ynadi. To‘g‘ri, "Paxtakor" futbolchisining oyog‘iga ham tegdi, himoyachi ko‘proq to‘pga intilib, to‘p uchun harakat qildi. Shuning uchun hakam to‘pga tegdi deb qaror qabul qildi va VAR ham tekshiruv o‘tkazganidan so‘ng qarorni qo‘llab-quvvatladi". 
 
Xolislik haqida: 
 
"Bu "Paxtakor", bu "Buxoro", bu "Nasaf", Bu "Neftchi" deb hech kimga aytilmagan va aytilmaydi ham. Biz uchun asosiysi - o‘yinni qoidalar bo‘yicha odilona boshqarish hisoblanadi. Albatta, har bir inson xato qilish huquqiga ega. Tushunaman, ba’zida o‘yindagi xato jamoaning natijasiga ta’sir qilib, yoqmasligi mumkin. Lekin hozirgi kungacha hakamlar tomonidan uchrashuv natijasiga ta’sir qiladigan noto‘g‘ri qaror qabul qilinmadi, deb ayta olamiz. To‘g‘ri, ular ham ayrim jihatlarda xatoga yo‘l qo‘yishmoqda. Biz ularni to‘g‘rilashga harakat qilib, takrorlamaslikka umid qilmoqdamiz". 
 
Berilmagan qizil kartochka haqida uchrashuvni boshqarib borgan Nayim Qosimov javob berib o‘tdi: 
 
"Vaziyatni barcha ko‘rib o‘tdi. Birinchidan, bu turdagi qarama-qarshiliklarda biz asosan inobatga oladigan narsa - kontakt bo‘lgan joy. Kontakt bo‘lgan joyni ko‘ryapmiz, oyog‘ining to‘piq qismi hisoblanadi va sariq kartochka berishga asos bo‘la oladigan yana bir jihat bu - sirpanish. Aynan bu yakkakurashda davomiy kontakt yo‘q. Ko‘k futbolkadagi o‘yinchi raqibning oyog‘ini his qildi va imkon qadar tezroq oyog‘ini olishga urindi. Juda qisqa muddatli kontakt va bosish yo‘q. Ya’ni futbolchi o‘z tanasi bilan bosmayapti. E’tibor bergan bo‘lsak, to‘p ikki futbolchi o‘rtasida bir xil masofada edi. "Buxoro" futbolchisi sekundlarga tezroq harakat qildi va to‘pga o‘ynadi. 
 
Bizga berilgan yo‘riqnomalarda aytilganki, bahsli vaziyat qizil va sariq kartochkalar o‘rtasida bo‘lsa va sariq kartochka berish uchun qandaydir elementlar bo‘lsa berishimiz mumkin. Shuningdek, "Buxoro" futbolchisi voqea yuz berganidan so‘ng o‘rnidan turdi va shifokorlarning yordamiga muhtoj emas hamda o‘yinni davom ettirishga tayyor edi. Bundan tashqari, bu final uchrashuvi, barcha buni tushunib turibdi va shu bois, sariq kartochka berishga qaror qildim. 
 
Nega xorijlik hakamlar olib kelinmadi? 
 
Ma’mur Saidqosimov: "Biz o‘zimizni hakamlarga ishonamiz. Chet eldan olib kelish muammo emas, biroq uni xatosini hech kim muhokama qilmaydi. 
 
Oldimizdan oqqan suvni qadrlash kerak".

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!