Jokovich Marreydan taxtini qaytarib ola boshladi
Qatarning Doxa shahrida o‘tkazilgan xalqaro turnirning final uchrashuvi butun jahondagi tennis muxlislari va mutaxassislar e’tiborida bo‘ldi. Bosh sovrin uchun hal qiluvchi bahsda zamonamizning eng kuchli ikki tennischisi - Endi Marrey va Novak Jokovich o‘zaro bellashdi.
O‘tgan yili dunyoning eng kuchli tennischisi nomini britaniyalik raqibiga boy bergan Novak yana bu mavqeini qaytarib olishga bel bog‘lagan. Marrey esa uzoq vaqt davom etgan mashaqqatli mehnatlari samarasi o‘laroq, o‘zi ega chiqqan tennis taxtini hech kimga bermoqchi emas.
Dohadagi uchrashuv shu jihati bilan ham barchani e’tiborini tortdi. Qariyb uch soat davom etgan finalning birinchi setida Novak Jokovich bexato o‘ynashga harakat qildi va natijada 6:3 hisobida zafar quchdi.
Endi Marrey ikkinchi setda raqibining nozik tomonini bilib oldi. Uchrashuvning kulminatsion nuqtasi hisob 3:3 bo‘lib turgan pallaga to‘g‘ri keldi. Bu vaziyatda Novak Jokovich noqulay yiqildi va oyog‘ida kuchli og‘riq paydo bo‘ldi. Novak dastlabki geymlarda qo‘lidagi qadog‘i yorilib ketgani uchun shifokorlar yordamidan foydalangan edi. Bu gal chidashga qaror qildi. Qo‘li va oyog‘idagi og‘riqqa qaramasdan, mardonavor o‘yin ko‘rsatsa-da, ikkinchi setni 5:7 hisobida boy berdi.
Uchinchi set ham keskin va murosasiz kurashlar ostida boshlandi. Biroq g‘alaba qozonishga shoshilgan Marrey xatolarga yo‘l qo‘yya boshladi. Natijada Jokovich hal qiluvchi partiyada 6:4 hisobida ustun keldi.
Novak yilni ajoyib g‘alaba bilan boshladi va jahon tennis toji sari ulkan qadam tashladi. Bu sovrin Jokovich uchun faolitiyadagi oltmish ettinchisi bo‘ldi.
Endi Novak Jokovich va Endi Marrey "Katta dubulg‘a" turkumiga kiruvchi Avstraliya ochiq chempionatida ishtirok etadi.

Fikrlar