Konstantin Tszyu Toshkentda master-klass o‘tkazdi

  • 05.09.2018 16:49
  • 0
  • Boks
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

Bugun poytaxtimizdagi «Universal» sport saroyida boks bo‘yicha sobiq Evropa va jahon chempioni, professional boksda o‘z vaqtida WBC, WBA, IBF yo‘nalishlarida chempionlik kamariga egalik qilgan Konstantin Tszyu ishtirokida master-klass tashkil etildi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar bermoqda.

Milliy olimpiya qo‘mitasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi hamkorligida o‘tkazilgan ushbu tadbir yig‘ilganlar o‘rtasida katta qiziqishlarga sabab bo‘ldi. Mahorat saboqlari oldidan akrobatik shou namoyish etildi. So‘ngra tadbirning asosiy mehmoni Konstantin Tszyu davraga chiqib keldi va yosh bokschilar bilan mashg‘ulotlar olib bordi. O‘zbek boksining ertangi kun egalari o‘tkazilgan mahorat darslarida o‘zlari uchun yangi bo‘lgan bir qancha bilim va ko‘nikmalarni o‘zlashtirdilar.

Ushbu master-klass tadbirni tomosha qilish uchun tashrif buyurgan fahriylar va maktabgacha ta’lim muassasasi tarbiyalanuvchilarida bir olam taassurot qoldirdi. Tadbir davomida muxlislar Tszyu bilan suhbatlashib, suratga ham tushishdi.

Master-klassdan so‘ng o‘tkazilgan ko‘ngilochar tomoshalar ham tomoshabinlarga manzur keldi. Tadbir yakunida sobiq bokschiga esdalik sovg‘alari taqdim etildi. Milliy olimpiya qo‘mitasi nomidan maxsus sovg‘ani Bosh kotib Jasur Matchanov topshirdi.

«Yoshim ellikka yaqinlashib qoldi. Ammo, har kuni mashg‘ulot o‘tkazaman. Chunki, o‘zimga-o‘zim va’da berganman. Sizga ham maslahatim shu. O‘zingizga va’da bering va buni amalga oshiring. Mashg‘ulotlarni to‘xtatmang. O‘z maqsadingiz sari intilishda davom eting. Albatta orzuingizga erishasiz», – dedi Tszyu o‘zbekistonlik yosh bokschilarga qarata.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!