Mundial sari. Tanishing - Kosta-Rika terma jamoasi

  • 31.05.2018 13:36
  • Baxtiyorjon Toshtemirov
  • 0
  • Futbol
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

Barchamizga ma’lumki yana sanoqli kunlardan so‘ng Rossiya yashil maydonlarida futbol bo‘yicha XXI jahon chempionati start oladi. Sayyoramizning eng yirik musobaqasi oldidan SPORTS.uz sayti siz aziz muxlislarni mundialda ishtirok etuvchi terma jamoalar bilan tanishtirishda davom etadi. Bu safar Shimoliy Amerika qit’asi vakili hisoblangan Kosta-Rika terma jamoasi haqida fikr yuritamiz.

Kosta-Rika 1927 yil FIFA a’zoligiga qabul qilingan. 1961 yildan buyon esa KONKAKAF tarkibida hisoblanadi. Ushbu yurt vakillari o‘zlarining ilk uchrashuvlarini 1921 yil 14 sentyabr kuni Salvadorga qarshi o‘tkazishgan va yirik - 7:0 hisobida g‘alaba qozonishgan.

Jahon chempionatlaridagi ishtiroki

Kosta-Rika terma jamoasining mundiallardagi ilk ishtiroki 1990 yil Italiya yashil maydonlarida o‘tkazilgan musobaqaga to‘g‘ri keladi. O‘shanda ular “C” guruhida Braziliya, Shotlandiya va Shvetsiya terma jamoalariga qarshi kurash olib borishgan. Shotlandiya (1:0) va Shvetsiya (2:1) termalarini mag‘lub eta olgan Kosta-Rika guruhda faqatgina Braziliyaga (1:0) yutqazib qo‘ygan. Shu tariqa guruhda ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan kosta-rikalik futbolchilar musobaqaning pley-off bosqichiga yo‘l olishdi. Biroq, ularni bu bosqichda Chexiya terma jamoasi 4:1 hisobida tor-mor keltirdi.

Shundan so‘ng Kosta-Rika ketma-ket 2ta (1994, 1998) jahon chempionati saralashidan o‘ta olmadi. 2002 yilgi Yaponiya va Janubiy Koreya mezbonligida o‘tgan navbatdagi jahon chempionatida esa ular yana “S” guruhidan joy olishdi. Guruhda esa yana Braziliyaga to‘qnash kelishdi. “S” guruhida shuningdek Turkiya va Xitoy terma jamoalari ham joy olishgan edi. Dastlab Xitoy 2:0 hisobida taslim etilgan bo‘lsa, keyin Turkiya bilan 1:1 hisobida durang qayd etildi. Ammo, so‘nggi turda Braziliya yana Kosta-Rikani ayab o‘tirmadi. Yakuniy hisob 5:2. Shu tariqa hisobida 4 ochko bo‘lgan kosta-rikaliklar guruhda 3-o‘rinda qolib ketishdi va musobaqani shu bosqichda yakunlashdi.

Oradan to‘rt yil o‘tib mundialga Germaniya maydonlari mezbonlik qildi. Bu safar ular “A” guruhida mezbon Germaniya, Ekvador hamda Polsha terma jamoalariga qarshi kurash olib borishdi. Guruhda barcha raqiblariga imkoniyatni boy bergan Kosta-Rika yakunda 4-o‘rinda qolib ketdi.

Ular Janubiy Afrika Respublikasida tashkil etilgan keyingi to‘rt yillikning eng nufuzli musobaqasida ishtirok eta olishmadi. Kosta-Rika o‘z qit’asi saralashida muvaffaqiyatsizlikka uchradi.

Biroq, 2014 yil Braziliyada o‘tkazilgan navbatdagi jahon chempionatida Kosta-Rika o‘z tarixidagi eng yaxshi natijani qayd etdi. Dastlab “D” guruhida Urugvay, Italiya va Angliya terma jamoalariga qarshi kurash olib borgan kosta-rikalik futbolchilar yakunda 2ta g‘alaba va 1ta durang qayd etishdi. Shu tariqa guruhda 1-o‘rin bilan pley-offga yo‘llanmani qo‘lga kiritishdi. Nimchorak finalda ularga Gretsiya terma jamoasi to‘qnash keldi. Uchrashuvning asosiy va qo‘shimcha taymlari 1:1 hisobida durang bilan yakunlangach, g‘olib nomi penaltilar seriyasida aniqlandi. Unda esa omad kosta-rikaliklarga kulib boqdi. Chorak finalda ular Gollandiya bilan o‘ynashdi. Bu safar ham uchrashuv penaltilar seriyasiga qadar etib bordi. Biroq, bu gal omad Kosta-Rikaga kulib boqmadi va ular o‘z yurishlarini shu bosqichda to‘xtatishga majbur bo‘lishdi.

Qit’a birinchiliklaridagi ishtiroki

Kosta-Rika KONKAKAF mintaqasida ilk bor 1963 yilgi musobaqada ishtirok etgan va debyut ishtirokning o‘zidayoq g‘oliblikni qo‘lga kiritgan. Shundan so‘ng ular 1969 va 1989 yilgi musobaqalarda ham chempionlikni tantana qilishdi.

1965, 1971, 1985, 1993 va 2017 yillarda bronza medallarini qo‘lga kiritishgan. Faqatgina 2002 yilgi chempionatda ular finalda mag‘lub bo‘lishgan va kumush medallarga sazovor bo‘lishgan.

Amerika kubogida esa ular ilk bor 1997 yil ishtirok etishgan. Dastlabki turnirda ular guruh bosqichida qolib ketishdi. So‘ngra ketma-ket ikki marta (2001 va 2004) 1/4 finalga qadar etib borishni uddalashdi. 2011 va 2016 yilda tashkil etilgan Amerika kubogida esa Kosta-Rika yana guruhda qolib ketdi.

Kosta-Rika terma jamoasi haqida qiziqarli faktlar

Eng yirik g‘alabasi: 1946 yil 10 dekabr, Kosta-Rika – Puerto-Riko 12:0.

Eng yirik mag‘lubiyati: 1975 yil 17 avgust, Meksika – Kosta-Rika 7:0.

Eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan futbolchi: Valter Senteno (137).

Eng yaxshi to‘purar: Rolando Fonseka (47).

FIFA reytingidagi eng yuqori o‘rni: 13-o‘rin (2015).

FIFA reytingidagi eng past o‘rni: 93-o‘rin (1996).

Bundan bir necha kun oldin Kosta-Rika terma jamoasi bosh murabbiyi Oskar Ramires JCh-2018ga boradigan 23 nafar futbolchidan iborat yakuniy tarkibni e’lon qidi.

Darvozabonlar: Keylor Navas, Patrik Pemberton, Leonel Moreyra;

Himoyachilar: Kristian Gamboa, Ien Smit, Ronald Matarrita, Brayan Ovedo, Oskar Duarte, Jankarlo Gonsales, Fransisko Kalvo, Kendall Uoston, Jonni Akosta;

Yarim himoyachilar: David Gusman, Eltsin Texeda, Selso Borxes, Rendall Asofeyfa, Rodni Uollas, Brayan Ruis, Daniel Kolindres, Kristian Bolanos;

Hujumchilar: Yoxan Venegas, Xoel Kempbell, Markos Urenya.

Eslatib o‘tamiz, Kosta-Rika terma jamoasi mundialning “E” guruhida Braziliya, Serbiya va Shveytsariya terma jamoalariga qarshi kurash olib boradi. Ular o‘zlarining ilk uchrashuvini 17 iyun kuni Serbiya terma jamoasiga qarshi o‘tkazishadi.

Baxtiyor TOShTEMIROV tayyorladi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!