“Nemis Messi”si Maks Mayerga nima bo‘ldi?
Bundesliganing eng iqtidorli yosh futbolchisi sifatida bir paytlar tilga olingan 22 yoshli futbolchi “Shalke”ni tark etganidan beri o‘ziga yangi jamoa topa olganicha yo‘q. Xo‘sh, “nemis Messi”sining kelajagiga nima ta’sir qildi?
1.70 metrlik yigitcha bir vaqtlar dunyo futboli nazariga tushgan edi. 17 yoshidayoq debyutini o‘tkazgan Mayer past bo‘yli ekanligiga qaramay, haqiqiy erkaklar o‘yinida o‘zini ko‘rsata olgandi. Klub akademiyasi mahsuloti bo‘lgan yulduzcha jamoasining sovrinlar uchun kurashishida va Evropaning grand klublarini er tishlatishda katta yordami tegishi haqida tinmay bong urilgandi.
Debyutini o‘tkazgan dastlabki mavsumida u 10 tacha chempionat uchrashuvini o‘tkazgan bo‘lsada, iqtidori etarli ekanligini namoyish qilgandi. U voqealar rivojini oldindan o‘qiy oladigan mohir pleymeyker hislati borligini ko‘z-ko‘z qilgandi.
Keyingi mavsumda esa u professional futboldagi to‘liq mavsumini o‘tkazdi. Shuningdek, u milliy chempionat doirasida olti gol urishga erishdi. Chempionlar Ligasida muntazam ishtirok etdi.
Xuddi Lionel Messi tarixidek. “Shalke”ning katta umidi hisoblangan Maks Mayer 18 yoshidayoq Raulning 7 raqamini olib qo‘ygan edi. O‘zining qahramoni Messidan sakkiz yosh kichik bo‘lgan nemis futbolchisi argentinalik yulduzning hayot yo‘lini takrorlay olishini ta’kidlagandi.
“U mening vazifam modeli hisoblanadi. Undan ko‘p narsani o‘rganishim mumkin. U dunyoning eng yaxshi futbolchisi” – degan edi Mayer.
“Shalke”dagi dastlabki bir necha mavsumni u hujumkor yarim himoyachi ampluasida harakat qilgan bo‘lsada, u ko‘p vaqtini zaira o‘rindig‘ida o‘tkazdi. 2016-17-yilgi mavsumda esa uning o‘yin amaliyoti juda kamayib ketdi. 2017-iyunida kelgan yangi bosh murabbiy Domeniko Tedesko Mayerning mashg‘ulotlarda ko‘rsatgan natijasidan o‘z hayratini yashirmagan bo‘lsada, o‘yin vaqtida baribir Leon Goretska, Amin Xaritlarni afzal ko‘rdi. Yosh murabbiy Mayerga o‘zining sevimli ampluasi – “o‘nlik”ni topshirmadi.
O‘zidan oldingi hamkasblari kabi Tedesko Mayerni “aldamchi to‘qqizlik” vazifasida sinab ko‘rdi. Bu nuqtada esa “nemis Messi”si o‘zini erkin his qilmadi va asosiy tarkibdagi o‘rnini yo‘qotib bordi. Murabbiy esa uning mashg‘ulotlarda ko‘rsatgan jonbozliklari hurmati asosiy tarkibga kiritish yo‘llarini qidira boshladi.
Tedesko yangi formula ishlab chiqdi va Mayerni tayanch yarim himoyachisiga aylantirdi. Bu erda u o‘yinni o‘qiy olish qobiliyati tufayli ancha o‘sishga erishdi. O‘tgan mavsumda u uzatmalarni amalga oshirish bo‘yicha faqatgina “Bavariya” vakillari – Korentin Tolisso, Tyago va Xameslardan ortda qoldi.
Mayer Tedesko qo‘li ostida qayta tug‘ildi, deyishimiz mumkin. Biroq klub rahbariyatini uning natijalari umuman qoniqtirmadi. Rossiyada bo‘lib o‘tgan Mundialga bora olmagan futbolchini shartnomasini uzaytirishni “Shalke” munosib ko‘rmadi. Bundan jahli chiqqan futbolchi va uning agenti 30-iyunda shartnoma muddati tugagach klubdan ketishini ma’lum qildi. Uning sobiq jamoadoshi Leon Goretska yanvardayoq “Bavariya” bilan kelishib olgandi. 1-iyuldan esa myunxenliklar safiga rasman ko‘chib o‘tdi. Bir vaqtlar “nemis Messi”si deya ta’riflangan futbolchi klubdan ketganidan keyin to‘rt hafta o‘tgan bo‘lsada, hamon yangi jamoa safida emas.
Mayer “Shalke”ni pul uchun tark etganini inkor qildi. U bu haqida Bild ga bergan intervyusida gapirib berdi: “Men shunchaki “Shalke”da qolish va Xaydel qo‘li ostida ishlashni istamadim. Bori shu.” Bir qancha klublar bilan bog‘langaniga qaramay, u birorta klub bilan shartnoma imzolaganicha yo‘q. Garchi u erkin agent bo‘lsada, klublar uning yirik maosh – haftasiga 77 ming funt so‘rayotgani sabab bunga rozilik bildirmayapti. “Arsenal” va “Liverpul” yarim himoyachi uchun buncha pul to‘lamasliklarini darhol ma’lum qilishgan.
O‘z vaqtida “Nemis Messi”si deya ta’rif etilgan Maks Mayer aftidan o‘zining moliyaviy talablarini qayta ko‘rib chiqishi kerak. Aks holda, jamoasiz qolib ketishi hech gap emas.
Erkinjon G‘aybullaev tayyorladi.
Fikrlar