
Og‘ir atletika. Kumushxon Fayzullaevadan oltin medal
Janubiy Koreyaning Yanggu shahrida og‘ir atletika bo‘yicha Osiyo Kubogi hamda klublar o‘rtasidagi Osiyo chempionati bahslari davom etmoqda. Bugun xotin-qizlar o‘rtasida 63 hamda 69 kg. vazn toifalarida bellashuvlar o‘tkazildi. 63 kg. vazn toifasida chiqish qilgan Kumushxon Fayzullaeva dast ko‘tarishda 87 kg, siltab ko‘tarishda 114 kg, umumiy 201 kg. natijasi bilan birinchi o‘rinni egalladi va terma jamoamiz hisobiga Osiyo kubogidagi uchinchi oltin medalni qo‘shib qo‘ydi.
69 kg. vazn toifasida ishtirok etgan Tursunoy Jabborova esa 91+108=199 natijasi bilan kumush medalini qo‘lga kiritdi. E’tiborlisi, bugun oltin va kumush medallariga ega chiqqan har ikkala qizimiz ham 2002 yilda tavallud topishgan, ya’ni kelasi yili Argentinada bo‘lib o‘tadigan III o‘smirlar Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etish imkoniyatiga egalar. Koreyadagi musobaqada ular kattalar orasida sovrinli o‘rinlarga sazovor bo‘lib, shohsupaga ko‘tarilishdi. Demak, o‘z o‘zidan ko‘rinib turibdiki 2018 yilda Buenos-Ayresda ham yurtimiz sport muxlislari ulardan medallar kutishga xaqlilar.
Ana shu tariqa musobaqaning uch kunida terma jamoamiz a’zolari xozircha 3 ta oltin, 2 ta kumush va 1 ta bronza medallariga ega bo‘lishdi.
Muattar Nabieva - oltin
Sarvar Toshtemirov - oltin
Kumushxon Fayzullaeva - oltin
Muhammadali Qaxramonov - kumush
Tursunoy Jabborova - kumush
Maxliyo Tog‘oeva - bronza
Bugun shuningdek, erkaklar o‘rtasida 85 kg. vazn toifasida bellashuvlar davom etyapti. Ushbu vaznda terma jamoamiz a’zolaridan Fayzullo Nabiev va Sunnat O‘sarovlar ham g‘oliblik uchun bahslarga kirishishgan. Natijalar xaqida biroz keyinroq ma’lumot beramiz.
Fikrlar