“O‘zgacha”ning “o‘zgacha” intervyusi – muammo nimada?
“Qizil iblislar” bosh murabbiyi kecha Mauritsio Pochettino jamoasiga qarshi uchrashuv oldidan bergan intervyusida jurnalistlar bilan qo‘rs muomalada bo‘ldi.
Premer Liga murabbiylari jurnalistlarning o‘tkir savollaridan qo‘rqqan holda tez-tez matbuot anjumanlariga odatdagi vaqtdan biroz kechikib kelishadi.
Biroq “Manchester Yunayted” bosh murabbiyi Joze Mourino juma kuni tashkil etilgan OAV bilan matbuot anjumaniga belgilangan vaqtdan yarim soat oldin keldi. Keyin esa qisqa va mujmal javob qaytarib to‘rt daqiqadan keyinoq matbuot anjumanini tark etdi.
Portugaliyalik murabbiy so‘nggi vaqtlarda klubning transfer bozoridagi siyosatiga aralashuvi ortidan munosabatlar chigallashib bormoqda. “Real”ning sobiq murabbiyi bunda klub direktori Ed Vudvordni ayblamoqda. Shu sababli ko‘pchilik tez orada klub va bosh murabbiy o‘rtasida uzilish ro‘y berishini taxmin qilmoqda.
Shunga qaramay Mourino Vudvord bilan munosabatlarida hech qanday muammo yo‘qligini aytmoqda. Biroq uning javobi masalani yanada chigallashtirib yubormoqda.
Unga Vudvord bilan o‘rtasidagi munosabatlar yaxshiligi haqida so‘ralgan savolga, “o‘zgacha” “albatta” deya javob bergach, darhol “yo‘q” deya javob qaytaradi.
Shuningdek, Mourinoning klub yarim himoyachisi Pol Pogba bilan munosabatlari ham yangi mavsum oldida hal qilinishi kerak bo‘lgan masalaga aylangan. Ular OAV orqali bir-biri bilan gap aytishib yurishibdi.
Ushbu yozda Frantsiyaga Jahon Chempionati bosh sovrinini yutishida katta hissa qo‘shgan yarim himoyachi “Lester”ga qarshi bahs oldidan yana bir marta barchani o‘ziga qaratdi: “Men aytishim, yoki aytmaydigan gaplar bor.” Pogba bu gaplarni jurnalistlarning unga klubda o‘zini qanday his qilayotgani haqida berilgan savolga javob tariqasida aytgan.
Dushanba kungi “Tottenxem”ga qarshi bahs oldidan Mourino matbuot anjumanida ancha keskir bo‘ldi.
Pogbaning klubdagi vaziyatiga aytgan gaplari haqida portugaliyalik murabbiyning izohini so‘rashganida, u Pol buni aytgan bo‘lsa, bu gaplari uchun uning o‘zi javob qaytarishi kerak, degan fikrda.
“Agarda Polning so‘zlari bo‘yicha tushuntirish istayotgan bo‘lsangiz, uni toping va bu haqida undan so‘rang.”
MYu “Tottenxem”ni so‘nggi turda “Brayton”dan uchralgan mag‘lubiyatdan keyin o‘z uyida qabul qiladi. Xabaringiz bor, “qizil iblislar” 2-turda 3-2 hisobida Kris Xyuton jamoasiga mag‘lub bo‘lgan edi.
Mourino va uning jamoasi bunday natijadan keyin keskin tanqid ostiga olindi. Biroq klub bosh murabbiyi tashqaridan bo‘layotgan fikrlarga qiziqmasligini ta’kidladi.
“Lester”ga qarshi yaxshi o‘ynadik, yutdik, “Brayton”ga qarshi yomon o‘ynadik, yutqazdik. “Tottenxem”ga qarshi yaxshi o‘ynashni va yutishni istayman.” – deydi Mou.
Ushbu matbuot anjumanida shuningdek, so‘nggi vaqtlarda asosiy muammoga aylanayogan himoyachilar masalasi yana o‘rtaga qo‘yildi. Boisi klub markaziy himoyani kuchaytirish maqsadida yangi vakillarni olib kelishni juda istagandi.
Tobi Alderveyreld va Harri Maguayr MYu qiziqish doirasida edi. Biroq ularning hech biri jamoaga kelmadi.
Ko‘rinib turibdiki, portugaliyalik murabbiy klubning ushbu transfer bozoridagi siyosatidan hamon norozi va bu holat mavsum davomida o‘zining salbiy ta’sirini namoyon qilishi mumkin. Klub mutasaddilari va Mourino tezroq bu masalani jamoaga ta’sir qilmasidan yuzma-yuz hal qilib olishlari shart. Aks holda ichki nizolar bilan Evropada o‘zini ko‘rsatish tugul, Premer Ligadayam yuqoriga chiqa olmaydi.
Erkinjon G‘aybullaev tayyorladi.
Fikrlar