Pulishich uchun Premer Liganing qaysi klubi mos tushadi?

  • 22 noyabr, 2018, 00:57
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

«Borussiya Dortmund»ning yosh iqtidor vakili Kristian Pulishich o‘zining eng yuqori sport formasiga hali chiqmagan bo‘lsada unga ko‘plab grandlardan jiddiy takliflar kelib tushmoqda. Ayniqsa ular orasida ingliz klublarining ko‘pligi tez orada amerikalik futbolchi «tumanli Albion»da paydo bo‘lishiga olib kelishi mumkin. Ammo qaysi ingliz klubi uning o‘yiniga mos tushadi? Quyida shuni tahlil qilamiz.

Tecno

20 yoshli futbolchi hozirgacha bir necha marotaba Angliyaga ko‘chib o‘tishi borasidagi mish-mishlar tarqalgan edi. Uning aytgan so‘nggi gaplari esa bu borgan sari jiddiylashib borganini bildirmoqda.

«Angliya, Premer Liga – ko‘plab yosh futbolchilar o‘ynashni orzu qiladigan chempionat, men ham bir kun kelib u erda o‘ynamasligimga hech qanday sabab yo‘q» – dedi Pulishich Guardian nashriga bergan intervyusida. «Ko‘rib turganingizdek klub bilan ajoyib mavsumni o‘tkazyapman va har bir lahzadan zavq olyapman. Kelajagim haqida muzokara o‘tkazish payti kelganida, bular sodir bo‘lishi mumkin» – deya qo‘shimcha qildi.

Biroq Premer Liganing qaysi grandi amerikalik futbolchiga mos?

Pulishich porlashi shart

Nemis klubida Pulishich ko‘proq o‘ng qanot vingeri sifatida 4-3-3 yoki 4-2-3-1 o‘yin sxemasida o‘z vaqtini o‘tkazmoqda. Biroq u chap qanotda ham o‘ynay olishini isbotladi.

Ikkala vazifada ham futbolchi o‘z texnik driblingini ishga solgan holda, raqib himoyasini yorib kira olishini isbotlay olgan.

U to‘purarlik qobiliyatini ishga solish bilan birga pas uzatishni ham yaxshi biladi. U bu mavsumda allaqachon besh golli uzatmani o‘z hisobiga yozdirib qo‘ygan.

Uning erkin ijodkorligi jarima maydonchasidan tashqarida porlashiga turtki bo‘lmoqda. Biroq unga jarima maydonchasiga yorib kirishiga hech qanday to‘siq ham yo‘q. U hozircha 12 o‘yinda uch gol urishga erishgan. Qisqasi u haqiqiy iste’dod egasi.

«Liverpul»

Mavjud vingerlar: Muhammad Saloh, Sadio Mane, Jerdan Shakiri, Lazar Markovich

Asosiy uslub: 4-3-3

Zaxira uslub: 4-2-3-1

«Borussiya Dortmund» bilan etti yil ichida beshta sovrin, qatorasiga ikki marta Bundesliga chempionliga ega chiqqan Yurgen Klopp hozirda «Liverpul»da o‘z rejalarini amalga tatbiq qilayotganini hisobga olsak, aynan «qizillar» amerikalik futbolchini o‘ziga qo‘shib olishda katta imkoniyatga ega bo‘lib turibdi.

O‘tgan mavsumda «qizillar» bir bosh tepaga sakray olishdi va Chempionlar Ligasining finaligacha etib borishdi. Premer Ligada esa 84 gol urishdi. Bu albatta hujum uchligi – Saloh, Mane va Firminolarning say’i-harakatlari evaziga sodir bo‘ldi. Ammo bu mavsumda ular bunday samaradorlikni qayta ko‘rsatishda qiyinchilikka uchramoqda.

O‘nga qanotda Premer Ligani «shturm» bilan zabt etgan misrlik futbolchi 36 o‘yinda 32 gol urdi va Premer Liganing «Oltin butsa»siga ega chiqdi. Uning tezligi va driblingi bu natijaga erishishiga yordam bergandi.

Pulishich o‘tgan mavsumdagi Saloh va Manelarga to‘purarlik yoki yaratuvchanlik bobida yaqin ham yo‘lamasdi. U shu vaqt ichida klub uchun 9 gol urgandi. Biroq Klopp qo‘li ostida qayta o‘ynash samara berishi mumkin.

Xukm: garchi «Liverpul» uni qo‘lga kiritishda asosiy da’vogar bo‘lsada, uning sevimli pozitsiyasida jahon darajasidagi o‘yinini ko‘rsatayotgan futbolchi borligi sabab bu variant unga to‘g‘ri kelmaydi.

«Tottenxem Xotspur»

Mavjud vingerlar: Xon-Min Son, Nkudu, Lukas Moura, Erik Lamela

Asosiy uslub: 4-2-3-1

Zaxira uslub: 3-4-2-1

«Taqachilar» bosh murabbiyi Maurisio Pochettino yosh iqtidor vakillarini etishtirishda zamonaviy mohir murabbiyga aylangan. Uning qo‘li ostida Dele Alli, Harri Keyn, Erik Dayer, Kristian Eriksen va boshqa ko‘plab futbolchilar yulduzga aylanishmoqda.

Uning klubdagi to‘rt yillik faoliyati davomida «taqachilar» kuchli oltilikdan Chempionlar Ligasi yo‘llanmasi uchun jiddiy kurashadigan jamoaga aylandi. Ammo ichki chempionatni yutishda muammoga uchramoqda.

Pulishich qanday qilib o‘z o‘yinini topib olgan «taqachilar» o‘yiniga moslashib ketishi noaniqligicha qolmoqda. Pochettino hujumkor futbolchilarini mavsum davomida jarohatlar sabab turli sxemalarda rotatsiya qilib kelmoqda.

Ammo Moura va Lamelaning ko‘rsatayotgan o‘yini klubga boshqa hujumchi qidirish istagini yo‘qqa chiqarmoqda.

Ammo Pulishich vinger bo‘lish bilan birga markazga yaqin o‘ynay olish qobiliyati Pochettinoga mos kelishi mumkin. Turli xil sxemalarda bir necha vazifani bajara olishi ehtimol Pochettinoga etishmayotgan unsurdir.

Hukm: Moura va Lamela yaxshi o‘yin ko‘rsatayotgan bo‘lishi mumkin, ammo Pulishichning ko‘p qirrali vinger ekanligi va yoshligi tufayli Pochettino uni tanlov sifatida qabul qilishi mumkin.

«Manchester Yunayted»

Mavjud vingerlar: Markus Reshford, Antoni Marsyal, Aleksis Sanches, Xuan Mata, Andreas Pereyra, Jesse Lingard

Asosiy uslub: 4-2-3-1

Zaxira uslub: 4-3-3

«Qizil iblislar» butun yoz davomida o‘ziga o‘ng qanot vingerini izladi, Mourinoning ro‘yxatida Villian va Ante Rebichlar bor edi. Ammo ularning transferi umuman amalga oshmadi. Pulishich esa kelajakdagi variant sifatda o‘rtaga chiqishi mumkin.

Mourino hujumchilarini o‘tgan mavsumda sovrin yutishda yordam bera olmagani uchun butun yoz mobaynida tanqid qilib vaqtini o‘tkazdi.

Bu mavsumda esa klub ixtiyoridagi qanot hujumchilari muntazam o‘yin amaliyoti kamligi, o‘yinida pasayish bo‘lgani va boshqa sabablari tufayli o‘zlarini ko‘rsata olmayapti.

Portugaliyalik murabbiy o‘z hujumchilaridan himoyada yordam berishni ham qattiq talab qilmoqda. Pulishichning «Borussiya Dortmund»dagi vazifasi asosan hujumda ishtirok etish bo‘lganligi tufayli u «o‘zgacha»ning rejalaridan mutlaqo joy olmasligi mumkin.

Hukm: Pulishich «MYu» izlayotgan vinger bo‘lsada, Mourinoning yosh futbolchilarga imkon bermasligi kirish eshiklarini yopishi mumkin.

«Chelsi»

Mavjud vingerlar: Eden Azar, Xadson-Odoy, Villian, Pedro, Viktor Mozes, Lukas Pyazon

Asosiy uslub: 4-3-3

Zaxira uslub: 4-2-3-1

«Chelsi» Pulishich uchun kurashda ko‘pam tilga olinmayotgan bo‘lsada, aynan londonliklar u uchun asosiy tarkibdan muqim joy bera oladi. «Ko‘klar» yosh futbolchilarni etishtirishda past obro‘ga ega bo‘lsada, o‘z akademiyasidan bir necha iste’dodlarni asosiy jamoaga o‘tkazishga erishgan.

Shu yozda klub boshqaruviga Sarrining kelishi ortidan «Chelsi» 4-3-3 o‘yin uslubiga o‘tdi. Bu esa o‘ng qanot vingerlari uchun keng eshiklarni ochadi. Bu mavsumda ushbu pozitsiyada Pedro va Villianlar rotatsiya asosida o‘zlarini ko‘rsatmoqda.

Ammo Pedro naq 31 ni «urib qo‘ydi», shu sababli u to‘liq mavsum yuqori sport formasida o‘ynay olmasligi mumkin. Villianning uzoq muddatdagi kelajagi ham so‘roq ostida. Mozes esa Konte qo‘li ostida o‘ng qanot vingeri sifatidagi o‘yinini qayta topa olmayapti.

Pulishich esa Sarrismo uslubida o‘ng qanotda porlay oladi. Undagi texnika va dribling chap qanot vingerlari uchun o‘zlarini ko‘rsatishga imkoniyat tug‘diradi.

Hukm: Yosh futbolchilar bilan ishlay olish tajribasi past bo‘lsada, «Chelsi» Pulishich uchun eng yaxshi variant bo‘lishi mumkin.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!