
"Real" va "Barselona"ga nima qildi?
Eng qizig‘i ayni paytda, bir vaqtning o‘zida eng baxtli va eng baxtsiz insonlar – bu so‘zsiz Xulen Lopetegi va Ernesto Valverdelar bo‘lsa kerak.
Ularning baxtsizligi shundaki, ular shu qadar yomon natija ko‘rsatmoqdaki, autsayderlar bilan o‘yinda misqo‘llab ochko yig‘ayotgan bo‘lsa, ularning baxti –azaliy raqobatchi jamoasi, ulardan yaxshi o‘yin ko‘rsatayotgani yo‘q.
Keling dastlab “Real” va Lopetegi haqida to‘xtalsak.
1.“Real” murabbiy tayinlashda o‘z muvaffaqiyatli yo‘lidan chekindi. Odatda so‘ngi yillarda “Real”da muvaffaqiyatli ishlagan Joze Mourino, Karlo Anchelotti va ularning davomchisi Zinedin Zidan qarshi hujumni xush ko‘ruvchi va futbolda katta “nom”ga ega murabbiylar edi, lekin Lopetegi asosan to‘p nazoratiga e’tibor qaratuvchi, Ispaniya termasidan boshqa jiddiy jamoada ishlamagan murabbiy edi.
2. Yangi davr boshlash uchun hech qanday qadam qo‘yilmadi. Jamoani asosiy yulduzi – Krishtianu Ronaldudan tashqari Mateo Kovachich, Teo Ernandes va Ashraf Xakimi singari futbolchilar tark etdi, Ularning o‘rniga esa Vinisius Junior, Alvaro Odriosola va Federiko Valverdelar “topib kelindi”.
Qiziq, “Real” dunyodagi eng kuchli yulduzlar to‘p suradigan grand klubmi yoki o‘rtamiyona va yosh futbolchilarni tarbiyalab beradigan klubmi? Bu erda murabbiy qat’iyatliligi, qaror qilishda o‘z pozitsiyasini ko‘rsatishi lozim edi. Bundan kelib chiqadiki, Lopetegi yo katta klubni boshqarish uchun hali to‘liq tayyor emas, yoki butun dunyoga yulduz bo‘lmagan yoshlar bilan qanaqadir syurpriz qilmoqchi bo‘ldi, yoki...
3. Lopetegida ayni paytdagi jiddiy muammo – jarohatlar, kadrlar muammoasi, ya’ni zaxiraning yo‘qligi. Buning echimi esa Lopetegiga imkoniyat berib, keyingi transfer oynasi vaqtida jiddiy haridni ko‘zlab sabr qilish, yoki yangi murabbiy olib kelish orqali keskin chora ko‘rishdan iborat. Ammo masalaning ikkinchi tomoni ham bor, bu biroz shoshqaloqlik bilan chiqarilgan qaror bo‘lishi ham mumkin. Chunki mavsum endigina boshlandi va boshqa murabbiy ham birdan jiddiy o‘zgarish qila olmasligi mumkin.
Masalan, Antonio Konte jamoa uchun tezkor qarshi hujum, qanotdan havoda to‘p oshirishlari va uslub nuqtasidan “Real”ga mos keladi, lekin uchta markaziy himoyachi bilan o‘ynash sinovi Zidanda muvaffaqiyatsiz chiqqan, shuningdek Kazemiro – Isko – Asensiolardan faqat birini tanlash varianti qoladi.
“Barselona”da esa muammo bundanda jiddiy. Tarkib ajoyib, zaxira ajoyib, lekin jamoani qaysidir elementlari nosoz. Qaysidir futbolchilar yaxshi jismoniy holatda emas. Shuningdek himoyalanish va hujumga o‘tishda qandaydir bo‘shliq mavjud. Bu muammolarni echish Valverde uchun og‘irlik qilmoqda. Ko‘rinishidan “Barselona”da murabbiy almashtirish varianti yo‘q hozircha.
Birinchidan, ayni paytda Valverde o‘rnini egallaydigan munosib nomzod topish oson emas va jamoa rahbariyatidan bunday keskin qaror kutish ham qiyin.
Ikkinchidan “Barselona”da o‘yin qahramoni va antiqahramonlari sifatida futbolchilarni ko‘rsatish osonroq va to‘g‘riroq bo‘ladi. Bu haqda kelgusi safar bafurja yozamiz...
Fikrlar