
Ro‘zimboy Ahmedov yana katta sahnada
Namanganning “Navbahor” jamoasi mavsum yakunlanishiga ikki tur qolganida bronza medalining rasman egasiga aylandi. Bunga albatta “Bunyodkor”dan jarima sifatida olti ochkoning olib tashlangani sabab bo‘ldi. Bungacha esa namanganliklar o‘z maydonida aynan ushbu jamoani 1:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratishning uddasidan chiqishgandi. O‘sha bellashuvda esa oxirgi paytlarda katta bosim ostida qolgan hujumchi Ro‘zimboy Ahmedov nihoyat o‘zini ko‘rsatishga muvaffaq bo‘lgandi va yana katta sahnaga chiqdi. Boisi u penaltidan gol urib jamoasi uchun o‘ta muhim bo‘lgan g‘alabani taqdim etgandi. Kuni kecha futbolchi SPORTS.uz uchun bir qator masalalarda o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
Bronza medali qo‘lga kiritilgani haqida
- “Navbahor”ning bronza medalini qo‘lga kiritganidan futbolchilar, murabbiylar, rahbarlar, muxlislar, jamoaning ishchi-xodimlari, umuman hamma xursand. Lekin bunday bo‘lishi biz uchun kutilmagan yangilik bo‘ldi. Mashg‘ulotdan oldin shunday xabar tarqaldi. Murabbiyimiz ham bu haqida aytdi. Biz “Bunyodkor”dan to‘rt ochko oldinda edik. Oxirgi ikkita o‘yin esa biz uchun muhim edi. Qaysidir uchrashuvda ochko yo‘qotishimiz ham biz uchun qimmatga tushishi mumkin edi. Baribir biz yil davomida o‘z maqsadimizga erishish uchun oxirigacha kurashib kelayotgandik. Ayniqsa, oxirgi turlar biz uchun juda murakkab o‘tayotgandi. Sababi jamoamizda jarohat olgan futbolchilar ko‘payib qolgandi. Shu bois asosan 11-12 nafar o‘yinchi bilan uchrashuvlarni o‘tkazib kelyapmiz. Zaxira o‘rindig‘imizda esa futbolchilar keskin darajada kamayib ketdi. Shunday sharoitda ham uchinchi o‘rinni egallaganimizdan xursandmiz. Viloyat hokimiga ham rahmat, bizga barcha sharoitlarni yaratib beryapti. Chempionatning oxiriga kelib, qiyin vaziyatda bo‘lishimizga qaramasdan, maqsadimizga erishganimizdan xursandmiz.
Oxirgi ikkita o‘yin ahamiyatsizmi?
- Qolgan ikkita o‘yin endi biz uchun ahamiyatsizdek tuyulishi mumkin. Ammo murabbiyimiz shu haqida gapirdi. Uchinchi o‘rinni naqd qilganimiz qolgan ikkita uchrashuvda mas’uliyat yo‘qoldi degani emas, aksincha bronza medallariga loyiq ekanligimizni ko‘rsatishimiz kerak, degan fikrlarni aytib o‘tdi. Yana bir bor muxlislarning oldida yuzimizni yorug‘ qilishni istaymiz. Safarda “Buxoro”ga qarshi o‘yin kutib turibdi. Biz u erga yuqori kayfiyat bilan g‘alaba uchun boramiz. Bronzani qo‘lga kiritganimiz bois hozirda jamoamizning ruhiyati yanada ko‘tarilgan. Shuningdek, mavsumning oxirgi turida o‘z maydonimizda o‘ynaymiz va “Lokomotiv” bilan bahsga ham jiddiy tayyorgarlik ko‘rib g‘alabali ana’anamizni davom ettirishga harakat qilamiz.
Penaltidan urilgan gol va muhim g‘alaba
- Safarda “Lokomotiv”, “Paxtakor” va “Metallurg” qarshi o‘ta og‘ir o‘yinlardan keyin o‘z maydonimizda ilk bor o‘ynagandik va bu “Bunyodkor” bilan bahsga to‘g‘ri keldi. Qolaversa, “Bunyodkor” bilan o‘rtadagi ochkolar farqimiz qisqarib bir ochkolik tafovut qolgandi xolos. Ular “Buxoro”ni yutib, “Lokomotiv” bilan durang o‘ynab bizga yaqinlashib qolishgandi. Chempionlik qo‘ldan boy berilgach, uchinchi o‘rinni saqlab qolish biz uchun o‘ta muhim edi. “Bunyodkor” bilan bahs biz uchun yilning eng muhim o‘yini ekanligini murabbiylarimiz tinmay ta’kidlab, bizni ruhlantirishdi. Uchinchi o‘rin uchun kurashda ushbu o‘yin ko‘p narsani hal qilib berishini tushuntirdi. Shu bois biz bu uchrashuvning mas’uliyatini tushungandik. Xoh safarda, xoh o‘z maydonimizda bo‘lsin, “Bunyodkor” bilan doim qiziqarli o‘yinlar bo‘lib kelgan. Bunday shiddatli uchrashuvlarni faqat birgina gol hal qilishi mumkin. O‘yindan oldin ham kim gol urishining farqi yo‘q edi, muhimi g‘alaba qozonishimiz lozim edi. Penaltiga to‘xtaladigan bo‘lsam, o‘sha vaziyatda barcha mas’uliyatni o‘z zimmamga oldim. Uchrashuvdan oldin ham murabbiyimiz 11 metrlik jarima zarbasini men yoki Aziz Turg‘unboev o‘zaro kelishib tepishimizni aytgandi. Penalti belgilangach, Aziz tajribamga ishonib zarbani o‘zim bajarishimni aytdi. To‘g‘risi, ko‘p marta penaltilardan gol urganman va bunday mas’uliyatli vaziyatlarda nima qilish kerakligini yaxshi bilaman. O‘sha kuni omadim keldi. Muxlislarimizga qiyin va shirin g‘alabani taqdim eta oldik.
Andrey Kanchelskis xususida
- Avvalo Kanchelskisning insoniylik fazilatlarini alohida ko‘rsatgan bo‘lardim. U odamning ichidagi o‘ylayotganlarini o‘qiy oladi. Qaysidir futbolchida muammolar bo‘lsa, chaqirib nima bo‘lyapti deb so‘raydi. U ko‘p muloqot qiladi. Kamchiliklarimiz bo‘lsa o‘zimizga aytib, tushuntiradi. Har bir murabbiyning o‘z uslubi bo‘ladi. U Evropa futbolining havosini olgani uchun mashg‘ulotlarimizda ham buning nafasi sezilib turibdi. Kanchelskis jismoniy tayyorgarlikka ko‘proq e’tibor qaratishni yaxshi ko‘rar ekan. U hamma bilan yaxshi til topishdi. Qisqasi, Kanchelskis yaxshi mutaxassis. Hozirgi qiyin sharoitda jamoani ruhlantirish murabbiy uchun oson emas. Ammo u bizni ruhlantira oldi.
Klubdagi keyingi taqidiri to‘g‘risida
- Murabbiy ish boshlab, bir-ikkita o‘yin o‘tgach, o‘ziga kerakli futbolchilarni chaqirib, birma-bir gaplashdi. Bu borada men bilan ham suhbatlashdi. Nasib qilsa, jamoamizning o‘zagi saqlanib qoladi. Baribir tarkibga 5-6 nafar yangi kuchlar qo‘shiladi. Oxirgi ikkita o‘yinni o‘tkazib olganimizdan keyin bu mavzuda yanada batafsil gaplashib olamiz.
“Bunyodkor”dan olti ochko olib tashlanishi haqida
- “Bunyodkor”dan olti ochkoning olib tashlanishi baribir achinarli bo‘ldi. Ular qiyin va pulsiz sharoitda o‘ynab, oxirigacha kurashishayotgandi. Hech bo‘lmaganda shu yil uchun ularga tegmay turish kerak edi. Har holda “Bunyodkor” intriganing oshishiga sabab bo‘layotgandi. Yil davomida katta mehnat qilishgandi, shu bois ularga achindim. Qanday jamoa ekanligini hammaga isbotlab berishgandi. Intrigani qizdirib berishgandi. Endi esa klubdan olti ochkoning olib tashlanishi intrigani yo‘qotdi deb o‘ylayman.
Shuhratbek Jo‘raev suhbatlashdi.
Fikrlar