Server Jeparov: Terma jamoadagi faoliyatimni yakunlash niyatim yo‘q

  • 8 sentabr, 2018, 11:00
  • Baxtiyorjon Toshtemirov
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

O‘zbek futbolining hozirgi kundagi taniqli shaxslaridan biri – Server Jeparovning hali ham muxlislari ko‘p. Xabaringiz bo‘lsa, tajribali yarim himoyachi hozirgi paytda faoliyatini Qozog‘istonning “Jetisu” klubida davom ettiryapti. O‘tgan yili Eron chempionatida to‘p surib yaxshi taassurot qoldirgan o‘yinchi endilikda qo‘shni qozog‘istonlik muxlislarning ham mehrini qozonishni maqsad qilgan ko‘rinadi. Ammo u 35 yoshda ekanligini ham unutmaslik kerak. Yana bir e’tiborga molik tomoni shundaki, O‘zbekiston milliy terma jamoasining bosh murabbiyi Ektor Kuper uni dastlabki yig‘inga taklif qilmadi. Suhbatimiz esa asosan yangi klubga o‘tishi, terma jamoa va o‘zi haqida kechdi.

Tecno

- Server, faoliyatingizni qanday sabablarga ko‘ra Qozog‘istonning “Jetisu” jamoasida davom ettirshga qaror qildingiz?

- Albatta, menda ikkita variant bor edi. Eronda qolib to‘p surish yoki Qozog‘istonda faoliyatni davom ettirish. Eron chempionati nihoyasiga etganidan so‘ng “Istiqlol” bilan imzolangan kelishuv ham o‘z kuchini yo‘qotgandi. Shu bois tanish-bilishlarni ishga solgan holda o‘zimga mos keladigan jamoani qidirishda yordam so‘radim. Ko‘p o‘tmay hammasi oydinlashib, “Jetisu” varianti yuzaga keldi. Ikki kun davom etgan muzokaralardan keyin ushbu jamoa bilan kelishuvga erishdim. Bosh murabbiy, sport direktori va mening ishtirokimda o‘tgan yakuniy muzokarada hammasini o‘zaro hal qilishga muvaffaq bo‘ldik.

- Siz hozirda 35 yoshdasiz va bu yoshda legioner bo‘lib o‘ynash qiyin. Shu bois taklifni tanlashda ikkilanmadingizmi?

- Mening nazarimda, legioner bo‘lish juda qiyin ish. 2010 yildan beri legionerman. Aytish mumkin bo‘lsa, bunga ko‘nikib ketdim. Shu sabab “Jetisu” bilan kelishuvga erishish unchalik murakkab bo‘lmadi. Qolaversa, sakkiz yildan beri chetda yuraverganim tufayli yangicha shart-sharoit va muhitga ko‘nikma hosil qilishim oson kechmoqda. Xususan, “Jetisu” varianti borasida uzoq o‘ylanishimga to‘g‘ri kelmadi. Men munosib taklif kelib tushishini kutgandim xolos.

- Milliy terma jamoamiz yangi bosh murabbiy – Ektor Kuper boshchiligida yig‘inni boshlagan. Ammo u sizni bo‘lajak o‘yinlar uchun chaqirmadi. Ayting-chi, termadagi faoliyatingizni yakunlash haqida o‘ylayapsizmi?

- Milliy terma jamoamizni tajribali murabbiy qabul qilib olganidan juda xursandman. Uning terma jamoaga meni chaqirmaganiga kelsak, hammasini to‘g‘ri qabul qilish kerak. Axir bosh murabbiy jamoaga kimlarni chaqirishni o‘zi hal qiladi. Chunki har bir mutaxassisning o‘yinni tashkil etish borasida o‘z g‘oyalari bo‘ladi. Bevosita o‘zimga kelsak, terma jamoadagi faoliyatimni tugatish niyatim yo‘q. Bu o‘z navbatida klub miqyosidagi faoliyatimga ham taalluqlidir. Sababi, o‘zimni juda yaxshi his qilyapman. Shuning evaziga to‘p suradigan klubim oldiga qo‘yiladigan vazifalarni bajarishda foydam tegishi mumkinligiga ishonaman. Men buni “Istiqlol”da to‘p surib yurgan chog‘imda ham isbotladim. Ushbu jamoa bilan Osiyo Chempionlar ligasi chorak finaliga chiqdim.

- Umuman olganda, sizning Kuper haqidagi fikringiz qanday? U bizni jahon chempionati sari etaklab bora oladimi?

- U ko‘plab mamlakatlarda ishlagan va katta tajriba to‘plagan murabbiydir. Kuper haqidagi fikrim ijobiy. Nazarimda, terma jamoamizda uning ishlari ko‘ngildagidek chiqadi.

- Qozog‘istondagi hayotingiz qanday kechyapti? U erda yaqin do‘stlaringiz – Aleksandr Geynrix, Timur Kapadze, Marat Bikmaevda keyin siz ham u erga yo‘l oldingiz. Bu faoliyatingizning oxirgi qismlarimi?

- Qozog‘istondagi ishlarim qanday? Yaxshi yashayapman. O‘zimni xuddi uydagidek his qilmoqdaman. Hamma rus tilida so‘zlashadi. Shu sabab til borasida hech qanday muammo yuzaga kelmaydi. Faoliyatimni yakunlash haqidagi fikr esa umuman xayolimga kelmayapti.

- Umuman olganda, Server Jeparov yana necha yil futbol o‘ynamoqchi?

- Negadir siz savollaringizda faoliyatingizni qachon yakunlamoqchisiz, deya bunga ko‘p urg‘u beryapsiz. Jahonda ko‘plab futbolchilar 40 yoshga to‘lguncha to‘p surishga erishganlar. Hozircha muayyan maqsadlarga egaman, boz ustiga kuch-g‘ayrat va sog‘lik masalasida menda hech qanday muammo yo‘q. Shunday bo‘lgach, sog‘ligim imkon berguncha futbol o‘ynashda davom etmoqchiman.

- Yangilangan O‘zbekiston chempionatini kuzatyapsizmi? Sizga qanchalik yoqyapti?

- Albatta, milliy chempionatimiz doirasidagi o‘yinlarni kuzatib boryapman. Internetda onlayn orqali uchrashuvlarni tomosha qilmoqdaman. Ammo birinchilikning formati haqida biror narsa deyishim qiyin. Chunki turnirni istalgan format asosida o‘tkazish mumkin. Qolaversa, yuqoridagilar ham o‘z-o‘zidan bunday to‘xtamga kelmaganlar.

- Siz futbol agentligiga qiziqadi deb eshitgandim. O‘zingizni keyinchalik murabbiylik rolida ham ko‘ryapsizmi?

- Hozircha futbol o‘ynashda davom etayotgan ekanman, o‘zimni chalg‘itadigan narsalarga e’tibor bermaslikka intilaman. Menda murabbiylik uchun “V” toifali litsenziya bor. Keyinchalik nima bo‘lishini vaqt ko‘rsatadi. Biroq shuni ishonch bilan aytishim mumkinki, o‘yinchilik faoliyatimni yakunlagan taqdirimda ham o‘zimni futboldan boshqa sohada tasavvur qila olmayman.

- Sizningcha, qaysi klub O‘zbekiston chempioni bo‘ladi?

- Amalga tatbiq qilingan yangi formatga ko‘ra kuchli oltilikdan joy olgan har bir klub chempionga aylanishi mumkin. Ammo holatga real ko‘z bilan boqadigan bo‘lsak, chempionga aylanish imkoniyati “Lokomotiv” bilan “Paxtakor”da ko‘proq. Yana shuni ilova qilishim kerakki, bu mening shaxsiy fikrim.

- Faoliyatingizni O‘zbekistonda yakunlash rejangiz ham bormi?

- Agar faoliyatimni O‘zbekistonda yakunlamoqchi bo‘lsam, buni imkon qadar yuqori notada tamomlashga harakat qilaman.

Shuhratbek Jo‘raev suhbatlashdi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!