
"Sug‘ur kuni“ga oz qoldi! Eron 2-0 O‘zbekiston
O‘sha ertak yana takrorlanmoqda. O‘zbekiston terma jamoasi Jahon chempionat yo‘llanmasini qo‘lga kiritish imkoniyatini yanada qiyinlashtirib yubordi.
Tarkibda uchta jiddiy yo‘qotishga uchragan Samvel Babayan murabbiyligi ostida Tehronga yo‘l olgan milliy terma jamoamiz vatanimizga mag‘lubiyat bilan qaytadigan bo‘lishdi.
Jahon chempionati saralashi 8-tur doirasida Eron terma jamoasi o‘z maydonida o‘zbekistonlik «oq bo‘rilarni» qabul qildi. O‘yin boshidanoq o‘yin tizgini o‘z qo‘liga olgan forslar to‘pga egalik qilish va aniq to‘p uzatmalar bilan chiroyli o‘yin ko‘rsata boshlashdi. Ushbu ustunlik sabab, ular 23-daqiqadayoq hisobda oldinga chiqib olishdi. Toshkentdagi o‘yinda Karlush Keyrush tomonidan zaxirada olib qolingan Sardor Azmun «Ozodi» stadioniga yig‘ilgan 50 mingdan ortiq muxlislarga ajoyib ehtiros ulashdi.
Birinchi bo‘limni kichik hisobdagi mag‘lubiyat bilan yakunlagan terma jamoamiz vakillari ikkinchi bo‘lim avvalida o‘z jarima maydonlarida «qovun» tushurishdi. Ummonlik hakam Ahmad al-Kaf tomonidan O‘zbekiston terma jamoasi darvozasi tomon penalti belgilandi. Biroq, Mas’ud Shojayi penaltidan gol ura olmadi. Uning zarbasi darvoza to‘sini ustidan o‘tib ketdi. “Rahmat senga, Mas’ud Shojayiy” deb qo‘ygan bo‘lsa kerak, terma jamoamiz bosh murabbiyi Samvel Babayan.
Ammo, bu hammasi emasdi. O‘yin yakuniga qadar eronliklar tashabbusni qo‘ldan boy bermadi va 88-daqiqada Mehdi Taremi hisobni ikkitaga oshirib qo‘ydi.
JCh–2018 saralashi
Tehron, “Ozodi”
12 iyun, dushanba
Eron – O‘zbekiston 2:0 (1:0,1:0)
Gollar: Sardor Azmun (23), Mehdi Tarimi (88)
Ogohlantirishlar: Sardor Azmun (75) – Vadim Afonin (28), Davron Xoshimov (90)
Amalga oshirilmagan penalti: Mas’ud Shojayi (50)
Eron: Alirizo Beiranvand, Milod Muhammadi, Jalol Hussayni, Said Izzatullohi, Mas’ud Shojayi (Ashkan Dejaga, 70), Murtazo Puraliganji, Ali Karimi, Mehdi Taremi (Rizo G‘ochannajod, 90), Alirizo Jahonbaxsh (Vohid Amiri, 45), Ramin Rezoian, Sardor Azmun.
O‘zbekiston: Aleksandr Lobanov, Stanislav Andreev (Davron Xoshimov, 6), Anzur Ismoilov, Egor Krimets, Akmal Shorahmedov, Vadim Afonin (Sardor Rashidov, 53), Aziz Haydarov, Igor Sergeev, Odil Ahmedov, Eldor Shomurodov, Temurxo‘ja Abduxoliqov (Jaloliddin Masharipov, 65).
Fikrlar