Superchempion bilan suhbat

Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

 

Jahon sportida yakkakurashlar o‘z o‘rniga ega. Yakkakurashlarning turli yo‘nalishdari bo‘yicha o‘tkaziladigan bellashuvlari doimo muxlisu mutaxassislar e’tiborini qozonib kelgan. Jahonda jadal rivojlanayotgan sport turlaridan biri - muaytay bo‘yicha ham nufuzli musobaqalar muntazam o‘tkazib kelinadi.

Muaytay bo‘yija jahon miqyosida yurtimiz sharafini munosib himoya qilib kelayotgan sportchilarimizdan biri Mansur Tolipovdir. SPORTS.uz axborot portali Mansur Tolipovni o‘zbek sporti muxlislariga yaqindan tanishtirish maqsadida suhbat uyushtirdi.

- Mansur murakkab bo‘lgan sport turi muaytay bilan qachondan shug‘ullanib kelasiz?

- Muaytay bilan shug‘ullanishni etti yil avval – 2010 yilda boshlaganman. Menga Rustem Zaripov murabbiylik qiladi. Bu sport turini tez o‘zlashtirdim. Qisqa fursat ichida O‘zbekiston chempionatlarida muvaffaqiyat qozondim va mamlakatimiz terma jamoasiga qabul qilindim. Milliy chempionatlarda uch marta mamlakat chempioni bo‘ldim va bu g‘alabalar menga xalqaro maydonga chiqish imkonini taqdim etdi.

- Xalqaro miqyosdagi ko‘rsatkichlar qanday bo‘lmoqda?

- Dastlab muaytay bo‘yicha jahon chempionatida uchinchi o‘rinni egalladim. Osiyo chempionatida esa o‘z vazn toifamda barcha raqiblarini mag‘lubiyatga uchratib, chempionlikni qo‘lga kiritdim.

Keyinchalik professionallar o‘rtasidagi bellashuvlarda qatnashish ishtiyoqi paydo bo‘ldi. Tayyorgarlikni kuchaytirdim va professionallar o‘rtasidagi bellashuvlarda qatnasha boshladim.

2015 yilda professional muaytaychilar o‘rtasidagi jahon chempionatida g‘alaba qozondim. 2016 yilning 26 dekabr kuni bu muvaffaqiyatni yana takrorlab ikkita chempionlik kamariga ega bo‘ldim.

- Mansur, yangi mavsumda qanday muhim musobaqalarda qatnashasiz?

- 2017 yilgi musobaqalar taqvimidan juda ko‘p musobaqalar joy olgan. Men 16 aprel kuni Tailandda bo‘ladigan yuqori nufuzli turnirda qatnashaman. Bu turnirda eng kuchli sakkiz nafar muaytaychi ishtirok etadi. Birinchi uchrashuvni yutganlar keyingi davraga o‘tadi. Ikkinchi bosqichda to‘rtta sportchi jang qiladi. G‘oliblar finalda bellashadi.

Bo‘lajak turnirda asosiy raqibim tailandlik jahon chempioni Yotpayak bilan bo‘ladigan jangga alohida tayyorgarlik ko‘ryapman.

Shundan so‘ng may oyida havaskor muaytaychilar o‘rtasida jahon chempionati bo‘ladi. 2-12 may kunlari bo‘ladigan jahon chempionatiga Belarus davlati mezbonlik qiladi.

- Muhim musobaqalarga tayyorgarlik qanday bo‘lyapti?

Biz bo‘lajak bellashuvlarga muaytay vatani – Tailandda tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Bu erda jismoniy, texnik va taktik mashg‘ulotlardan tashqari, jang usullarimizni boyitish va yangi uslublarni o‘rganish, ularni amalda sinab ko‘rish uchun sparring janglarini o‘tkazishga alohida e’tibor qaratyapiz. Maqsadimiz – yurtimiz bayrog‘ini balandga ko‘tarish va xalqimiz ishonchini oqlash. Shuning uchun ham tayyorgarligimiz puxta bo‘lishi kerak. Nasib qilsa, g‘alabalarimiz bilan muxlislarimizni xursand qilamiz.

Mansur suhbat uchun rahmat. Muxlislar nomidan musobaqalarda omad va g‘alabalar tilaymiz!

SPORTS.uz axborot portali suhbatni uyushtirishda ko‘maklashgan instagramdagi uzsport_no1  sahifasiga o‘z minnatdorligini bildiradi. 

 

SPORTS.uz

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!