Terma jamoada eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan 5 futbolchi

Kuni kecha Italiya terma jamoasi JCh-2018 saralash bosqichi 6-turida Lixtenshteyn terma jamoasiga qarshi bahs olib bordi. Mazkur o‘yin Italiya terma jamoasi darvozaboni Janluidji Buffon uchun terma safidagi 169-o‘yini edi va u  terma jamoada eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan futbolchilar beshligiga kirishga muvaffaq bo‘ldi. Shu munosabati bilan biz bugun terma jamoada eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan futbolchilar bilan sizlarni tanishtirishga qaror qildik.

5. Janluidji Buffon (Italiya) – 169 ta o‘yin

Buffon termada 1997 yil Rossiyaga qarshi o‘yinda debyut qilgan. Rossiyaga qarshi bahsda jarohat olgan Janluka Palyukaning o‘rnini egallagan Buffon bosh jamoadagi debyut o‘yinida Fabio Kannavarodan gol o‘tkazib yuborgan. Angladingiz, bu avtogol bo‘lgan. Shundan beri terma jamoaga muntazam chaqirilib kelinadi. Buffon Italiya termasi safida 2006 yilgi Germaniya mamlakati mezbonlik qilgan mundialda g‘olib chiqadi. Evro-2012 da finalga qadar borgan bo‘lsa, 2013 yilgi Konfederatsiyalar kubogida esa bronza medaliga ega chiqadi.

4. Muxammad Al-Deayya (Saudiya Arabistoni) – 172 ta o‘yin

Saudiya Arabistoni terma jamoasining sobiq kiperi mamlakat bosh jamoasida 13 yil faoliyat olib borgan. Jami 4 ta mundial, ikkita Konfederatsiyalar kubogida ishtirok etgan Al-Deayya Saudiya Arabistoni termasi darvozasini jami 172 ta bahsda qo‘riqlagan. Saudiyaliklar bilan 1996 yilgi Osiyo kubogi g‘olibi bo‘lgan kiper 2006 yilgi JChdan so‘ng termadagi faoliyatini yakunlagan.

3. Klaudio Suares (Meksika) – 177 ta o‘yin

Klaudio Suares bundan oldingi qahramonlarimizdan farqli ravishda darvozabon emas, balki himoyachi bo‘lgan. “Imperator” laqabiga ega bo‘lgan Suares Meksika terma jamoasi safida 177 ta o‘yin o‘tkazgan. “Atsteklar” safida KONKAKAF “Oltin” kubogini uch bor boshi uzra ko‘tarishga erishgan Suares 1999 yilgi Konfederatsiyalar kubogida ham termasi bilan bosh sovringa ega chiqadi.

2. Xossam Xassan (Misr) – 178 ta o‘yin

1985 yilda Misr termasiga ilk bor chaqirilgan Xossam Xassan “fir’avnlar” safida 178 ta o‘yin o‘tkazgan. U buncha o‘yinni 21 yilda o‘tkazdi. Xossam 40 yoshida 2006 yilgi Afrika Millatlar kubogida sardor sifatida qatnashib, yakunda bosh sovringa ega chiqadi.

1. Axmad Xassan (Misr) – 184 ta o‘yin

Yo‘q. Bu futbolchini Xossam Xassanga qarindoshlik joyi yo‘q. Shunchaki, familiyalari bir xil. Biroq har ikkisi ham Misr futboli afsonalari sanaladi. Yarim himoyachi ampluasida harakat qilgan Axmad 1995-2012 yillarda terma jamoada faoliyat yuritgan bo‘lib, Afrika Millatlar kubogida 4 bor g‘olib chiqishga erishgan. Axmad Xassan 17 yillik xalqaro faoliyati davomida 184 ta o‘yin o‘tkazgan. Jahondagi hech bir futbolchi o‘z termasi uchun buncha o‘yin o‘tkazmagan.

Shahzod Xolboev tayyorladi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!