Xitoy klublarining transfer rekordlari TOP-10

Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

Xitoy klublari oxirgi ikki yilda super transferlarni amalga oshirib, butun dunyo e’tiborini ushbu chempionatga qaratishga harakat qilmoqdalar. Shu bois, biz sizning e’tiboringizga Xitoy klublarining eng qimmat transferlari o‘nligini havola qilishni joiz deb topdik.

10. Paulino
Yo‘nalish: "Tottenxem" - "Guanjou Evangard"
Narxi: 11,9 mln.evro

O‘tgan mavsumda braziliyalik 26 yoshli yarim himoyachi Xitoyga ko‘chib o‘tishga qaror qildi. "Guanjou" Paulinoni London klubidan deyarli 12 million evroga sotib oldi.

9. Rikardo Gulart
Yo‘nalish: "Kruzeyro" - "Guanjou Evangard"
Narxi: 12,75 mln.evro

2014/15 yilgi mavsumda Gulart Xitoy chempionatidagi eng qimmatbaho futbolchiga aylangan edi. "Guanjou Evangard" o‘shanda Rikardo uchun 12,75 million evro to‘lagan edi.

8. Gratsiano Pelle
Yo‘nalish: "Sautgempton" - "Shanden Luneng"
Narxi: 12,97 mln.evro

Bu yilgi mavsumda italiyalik futbolchi "Shanden Luneng" jamoasi bilan shartnoma imzoladi. Pelle uchun Xitoy jamoasi 13 millionga yaqin pul sarfladi. 31 yoshli futbolchi klub safidagi eng qimmatbaho futbolchiga aylandi.

7. Jervino
Yo‘nalish: "Roma" - "Xebey China Fortuna"
Narxi: 15,3 mln.evro

Jervino Xitoy chempionatidagi eng qimmat afrikalik o‘yinchiga aylandi. 28 yoshli hujumchi faoliyatining ayni gullagan davrida "Roma"dek jamoani Osiyo qit’asi klubiga almashtirgani ko‘pchilikni ajablantirgan edi.

6. Elkeson
Yo‘nalish: "Guanjou Evangard" - "Shanxay SPIG"
Narxi: 15,73 mln.evro

Braziliyalik 26 yoshli futbolchi Xitoy klublari o‘rtasidagi eng qimmat o‘yinchiga aylandi. "Shanxay SPIG" jamoasi "Guanjou Evengard"ga o‘tgan mavsumda Elkeson uchun 15 million evrodan ortiq mablag‘ni ayab o‘tirmadi.

5. Ramires
Yo‘nalish: "Chelsi" - "Jiangsu Shuning"
Narxi: 23,8 mln.evro

O‘tgan yili Ramires ko‘pchilikni xayrat ko‘chasiga etaklab, "Chelsi"dan Xitoy chempionatiga ko‘chib o‘tgan edi. "Jiangsu Shuning" braziliyalik yarim himoyachi uchun London klubiga rad etib bo‘lmas darajadagi taklifni jo‘natdi. Tabiiyki bu taklif Abramovichni qoniqtirdi. Natijada Ramires sariq qit’aga yo‘l oldi.

4. Jekson Martines
Yo‘nalish: "Atletiko" - "Guanjou Evengard"
Narxi: 35,7 mln.evro

Kolumbiyalik 29 yoshli hujumchi 2015/16 yilgi mavsumdan so‘ng "Guanjou Evengard" safiga borib qo‘shildi. Martines uchun ushbu jamoa "Atletiko"ga 35 mln.evrodan ko‘p mablag‘ sarfladi. Jeksondan ham bunday yo‘nalishni kutganlar kam edi.

3. Aleks Teysheyra
Yo‘nalish: "Shaxtyor" - "Jiangsu Shuning"
Narxi: 42,5 mln.evro

Teysheyra o‘tgan yili Xitoy futbolidagi eng qimmat o‘yinchiga aylandi. Braziliyalik 26 yoshli hujumchi Evropadagi yorqin faoliyat va sovrinlardan, Xitoydagi pullarni afzal ko‘rdi

2. Xalk
Yo‘nalish: "Zenit" - "Shanxay SPIG"
Narxi: 47,43 mln.evro

Xalk "Portu"dan "Zenit"ga ko‘chib o‘tgani singari, Peterburgdan Xitoyga qarab yo‘l olishini ham kutishmagandi. Braziliyalik 29 yoshli hujumchi uchun "Shanxay SPIG" sal kam 50 mln.evro sarfladi.

1. Oskar
Yo‘nalish: "Chelsi" - "Shanxay SPIG"
Narxi: 60 mln.evro

Xitoy klublarining eng qimmat futbolchilari o‘nligidan joy olgan 10 futbolchining 7 tasi braziliyaliklardir. "Shanxay SPIG" ushbu mavsumning o‘zida ikkita fantastik transferni amalga oshirdi. Klub Xalkdan so‘ng Oskarni ham xarid qildi. Shanxayliklar Oskar uchun London jamoasiga 60 million to‘lashdi.

Furqat Yusupov tayyorladi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!