
Yosh merganlar o‘rtasida O‘zbekiston chempionati start oldi
Bugun Toshkent shahrida pnevmatik quroldan o‘q otish bo‘yicha 1998 yilda va undan kichik yoshdagi sportchilar o‘rtasida O‘zbekiston chempionati boshlandi.
Olimpiya oilasiga kiruvchi boshqa sport federatsiyalar singari O‘zbekiston o‘q otish sporti federatsiyasi ham O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi nazoratida Indoneziyaning Djakarta va Plembang shaharlarida o‘tadigan XVIII yozgi Osiyo va ParaOsiyo o‘yinlari hamda Argentinaning Buenos-Ayres shahrida bo‘lib o‘tadigan o‘smirlar o‘rtasidagi III yozgi Olimpiada o‘yinlarida munosib ishtirok etadigan eng iqtidorli sportchilarni saralash borasida aniq rejalarni ishlab chiqqan.
– Mazkur musobaqa ham avvalo Olimpiya oilasiga kiruvchi o‘q otish sporti bo‘yicha O‘zbekiston yoshlar terma jamoasini aniqlash vazifasini o‘taydi. Mana yaqinda, hali ikki hafta o‘tmadi, Buxoroda federatsiyamizning ochiq kubogini o‘tkazgan edik. Ortidan Respublika texnik va amaliy sport turlari markazi tomonidan O‘zbekiston kubogining birinchi bosqichi tashkil etildi. Endi esa 20 yoshgacha bo‘lgan sportchilar o‘rtasida chempionatni boshlayapmiz. Bulardan ko‘zlangan maqsad birinchidan, mamlakat miqyosidagi musobaqalar orqali viloyatlarning terma jamoalari sportchilariga respublikamizning boshqa hududlaridagi tengdoshlari bilan raqobat muhitini yaratish, tajriba, mahorat almashishlariga imkon yaratish, ikkinchidan, ular orasidan eng kuchlilarini terma jamoaga jalb etish, xalqaro musobaqalarda natija bera oladigan yoshlarni saralashdir, – deydi O‘zbekiston o‘q otish sporti federatsiyasi bosh kotibi J.Atabullaev.
O‘zbekiston chempionatining ochilish marosimidan so‘ng o‘g‘il bolalar o‘rtasida pnevmatik miltiqdan o‘q otish (VP-6) mashqlari boshlandi. Bu yo‘nalishda qizlar o‘rtasidagi bahslar ertaga o‘tkaziladi.
Fikrlar