Yozgi transferning asosiy nishonlari kimlar?

  • 11.05.2018 19:35
  • Bekzod Isayev
  • 0
  • Futbol

Evropada navbatdagi futbol mavsumi o‘z poyoniga etmoqda va yozgi transfer bozori ochilishiga ham sanoqli kunlar qolmoqda. Bir qancha grand jamoalar albatta bu vaqt oralig‘ida o‘z safini kuchli futbolchilar bilan kuchaytirib olishga harakat qiladi. Goal nashri navbatdagi yozgi transfer bozorining asosiy nishoni bo‘lishi kutilayotgan futbolchilar ro‘yxatini tuzib chiqdi. Quyida ushbu ro‘yxatdagi eng muhim charm to‘p ustalari bilan tanishishingiz mukmin.

Alisson («Roma”, darvozabon)

Braziliyaning birinchi raqamli posboni Evropaning bir qancha grandlari e’tiborini o‘ziga tortmoqda. Bunga sabab albatta uning Chempionlar Ligasida ko‘rsatgan katta jasoratlari sabab bo‘ldi. Unga qiziqish bildirayotgan asosiy grandlar – «Liverpul» va «Real Madrid»! 25 yoshli Alissonning kelajagi hali oldinda. Rimliklar esa asosiy futbolchisini yo‘qotishni istamasligi aniq. Faqatgina yirik takliflar uni «Roma»dan olib ketishga qodir.

Garet Beyl («Real Madrid», hujumchi)

Beyl «Real Madrid»dagi faoliyati davomida Ispaniya chempionligi va ikki marotaba Chempionlar Ligasini yutib olishga erishdi. 4 yil mobaynida u jamoasi uchun ko‘plab muhim gollarni urdi, shu jumladan so‘nggi «El Klasiko”da ham aynan u jamoasi joniga oro kirdi. Shunga qaramay, orttirilgan jarohatlar va sport formasini yo‘qotishi tufayli bu yilgi mavsumda unchalik o‘zini ko‘rsata olmadi. Beyl klub prezidenti Peresning ishonchini yo‘qotmagan bo‘lsada, bosh murabbiyning undan ko‘ngli qolgani aniq.

Mish-mishlarga ko‘ra, «Bavariya” 28 yoshli futbolchiga taklif bilan chiqmoqchi. Shu bilan birga, sobiq klubi «Tottenxem»ga qaytishi ham mumkin.

Kristian Eriksen (“Tottenxem”, yarim himoyachi)

Harri Keyn gollar borasida ustun bo‘lsada, «Tottenxem»ning so‘nggi yillardagi zafarlarining bosh arxitektorlaridan biri, shubhasiz, Kristian Eriksen hisoblanadi. Daniyalik futbolchini bir qancha grand jamoalar bilan bog‘lashmoqda. Eriksenning do‘sti Yusuf Poulsenga ko‘ra, u «Barselona»da Inestaning o‘rnini to‘ldira oladi. Biroq ispan nashrlariga ko‘ra, “Real Madrid” uning manzili bo‘lishi mumkin. «PSJ» esa so‘nggi paytlarda bu ro‘yxatga qo‘shildi.

Antuan Grizmann (“Atletiko”, hujumchi)

Grizmann hech bir shubhasiz dunyoning eng mohir hujumchilaridan biri hisoblanadi. So‘nggi uch yil mobaynida “Atletiko”dagi faoliyati davomida ham buni isbotlashga erishdi. Biroq, Grizmann ushbu yozda ispan poytaxtini Barselonaga o‘zgartirishi mumkin. “Manchester Yunayted” ham 27 yoshli frantsuz futbolchisiga qiziqish bildirmoqda. Ammo Kataloniyada Lionel Messi bilan birga o‘ynash imkoniyatini tanlash aniqroqdek ko‘rinmoqda.

Harri Keyn (“Tottenxem”, hujumchi)

«Tottenxem» hujumchisi so‘nggi yillarda gol-mashinasiga aylanib qoldi. Bunday samaradorlik qobiliyati uni Krishtianu Ronaldu va Lionel Messi bilan qiyoslanishiga sabab bo‘la boshladi. 24 yoshli angliyalik futbolchini so‘nggi vaqtlarda muntazam ravishda “Real” bilan bog‘lab kelishmoqda. Ammo La Liga vakili uni o‘z safiga qo‘shib olishni istasa, yaxshigina mablag‘ni to‘lashiga to‘g‘ri keladi. Keynning hozirgi vaqtdagi transfer bahosi 135 million evroni tashkil qiladi.

Toni Kroos (“Real Madrid”, yarim himoyachi)

“Real” safidagi Jahon chempioni 2014-yilda “Bavariya”dan madridliklar safiga qo‘shilganidan beri muhim o‘yinchi bo‘lib kelmoqda. Chempionlar Ligasida erishilgan ketma-ket zafarlarda ham aynan germaniyalik yarim himoyachining xizmatlari beqiyos. Zidan shogirdlari qatorasiga uchinchi marta ushbu nufuzli sovrinni yutishga tayyorlanayotgan bir paytda uni klubdan ketishi g‘alati tuyulishi mumkin. Biroq “Manchester Yunayted” Kroosni o‘z safiga qo‘shib olish niyatida. Joze Mourino yarim himoya chizig‘ini kuchaytirishga bel bog‘lagan. 28 yoshli futbolchi “qizil iblislar”ga judayam asqotishi mumkin.

Robert Levandovski (“Bavariya”, hujumchi)

Dunyoning eng yaxshi hujumchilaridan biri bo‘lgan Robert Levandovski ham “Borussiya D”, ham “Bavariya” safida birday yorqin o‘yinlarni namoyish qildi. Ammo u yozda “Alyans Arena”ni tark etishi ehtimoli bor. “Real” Karim Benzemaning o‘rniga aynan polshalik futbolchini olib kelishi mumkin. Shuningdek, Londonning “Chelsi”si ham uni “Stemford Bridj”ga olib kelishga ahd qilgan.

Levandovski navbatdagi mavsum boshida 30 ni qarshilaydi, biroq uning gol urish samaradorligi yuqoriligi tufayli uning narxi 60-90 million evroni tashkil qiladi.

Neymar (“PSJ”, hujumchi)

Neymar o‘tgan mavsumda “Barselona”dan “PSJ”ga rekord darajadagi mablag‘ – 222 million evro evaziga ko‘chib o‘tganiga qaramay, uning nomi “Real Madrid” va “Manchester Yunayted” bilan bog‘lanmoqda. Ayni vaqtda braziliyalik futbolchi Parijdagi hayotidan roxatlanmoqda edi. Ammo u fevral oyida sonidan jarohat olib, maydondan chetda qolgunicha barcha musobaqalarda 29 gol urishga muvaffaq bo‘ldi. Agarda u bir mavsumdan keyinoq yuklarni yig‘ishtiradigan bo‘lsa, bu g‘alati tuyulishi aniq. Futbolda esa g‘alati narsalar yuz berishi mumkin.

 

Erkin G‘aybullaev tayyorladi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!