AGMK YoQIMSIZ AN’ANAGA BARHAM BERA OLADIMI?

Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

7-17 avgust kunlari Tailand poytaxti Bangkok shahrida futzal o‘rtasida navbatdagi klublar o‘rtasidagi Osiyo chempionati bo‘li o‘tadi. Mazkur musobaqada esa Olmaliqning AGMK jamoasi yurtimiz sharafini himoya qiladi.

Musobaqaga jo‘nab ketish oldidan esa futzalchilarimiz ishtirokida matbuot anjumani ham tashkil etildi. Umuman olganda, AKMK jamoasi oxirgi yillarda O‘zbekiston chempioni degan sharafli nomga sazovor bo‘lib kelmoqda. Endi esa asosiy kuchini xalqaro maydonlarda ko‘rsatadigan payt keldi.

Vakillarimiz musobaqaning «V» guruhidan joy olishgan bo‘lib, unda Vetnamning «Tay Son Nam», Iroqning «Naft Al Vasat» hamda Qatarning «Al Rayyan» klublariga qarshi bahs olib boradi.

Osiyo chempionatida 16 ta jamoa 4 ta guruhga bo‘lingan va dastlabki ikkita o‘rinni egallagan klublar keyingi bosqichga chiqishadi. Guruhlar quyidagicha ko‘rinishga ega:

“A” guruhi: “Port FK” (Tailand), “Osh Erem” (Qirg‘iziston), “Shenzen Nanling” (Xitoy), “Seul” (Janubiy Koreya).

"B" guruhi: "Tay Son Nam" (Vetnam), “Naft Al Vasat (Iroq), AGMK (O‘zbekiston), “Al Rayyan” (Qatar).

"C" guruhi: “Bank Beyrut” (Livan), “Vamos Mataram” (Indoneziya), “Soro Kompani” (Tojikiston), “Viktoria Yuniversiti” (Myanma).

"D" guruhi: "Mes Sungun " (Eron), "Nagoyya Oshins” (Yaponiya), “Al Dafra” (BAA), “Kazma” (Quvayt)

Aleksandr Petrov ustozlik qilayotgan futzalchilarimiz Osiyo chempionatidagi dastlabki o‘yinni 7 avgust kuni «Tay Son Nam» jamoasiga qarshi o‘tkazishadi. 9 avgustda esa 2-tur doirasida «Naft Al Vasat» bilan bellashsa, guruhdagi oxirgi turni 11 avgust sanasida «Al Rayyan»ga qarshi o‘tkazadi.

Aytish kerakki, AGMK jamoasi ushbu musobaqaga puxta tayyorgarlik ko‘rishdi. Bu borada ular Tojikistonda o‘quv-yig‘in mashg‘ulotini ham olib borishdi. Tarkib esa Rustam Umarov, Dilshod Rahmatov, Davron Choriev, Anasxon Rahmatov kabi tajribali o‘yinchilarimiz bilan bir qatorda yosh iqtidorli futzalchilarimizdan tashkil topganini ham aytish joiz. Axir ular bejizga to‘rt yildan beri O‘zbekistonda chempionlikni hech kimga bermay kelishmoqda.

AGMKning Osiyo chempionatidagi ishtirokiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, afsuski, futzalchilarimizdan omad yuz o‘girmoqda. Boisi oxirgi ikki yildan beri AGMK guruhdan chiqish vazifasini uddalay olmayapti. Xo‘sh, bu safar olmaliqliklar yoqimsiz an’anasiga barham bera olishadimi? Yana shuni ham alohida aytish joizki, O‘zbekiston klublari orasida aynan AGMK Osiyo chempionatida eng ko‘p ishtirok etayotgan jamoamizga aylanmoqda. Navbatdagi ishtirokini qo‘shib hisoblaganda olmaliqliklar to‘rtinchi bor mazkur nufuzli musobaqada qatnashmoqda. Bungacha esa «Ardus» (uch bor), «Lokomotiv» (ikki bor) va «Stroitel» (bir bor) jamoalari Osiyo chempionatida yurtimiz sharafini himoya qilishgan.

Darvoqe, o‘tgan yili Indoneziyada bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionatida Eronning «Mes Sungun» jamoasi musobaqa g‘olibligini qo‘lga kiritgandi. Bu safar ham eronliklar g‘oliblik uchun asosiy vaforit sanalishadi. Boisi, aynan o‘sha «Mes Sungun» jamoasi ham ushbu qit’a birinchiligida ishtirok etmoqda. Shuningdek, Yaponiyang «Nagoyya Oshins», Vetnamning «Tay Son Nam» jamoalari ham asosiy favoritlar qatorida tilga olinmoqda. Lekin AGMK jamoamiz ham Osiyo chempionatiga katta maqsadlar bilan yo‘l olishdi. Bu borada klub rahbarlari ham futzalchilarimizga barcha shart-sharoitlarini yaratib berishdi. Buning ustiga vakillarimiz ham bu safargi qit’a birinchiliga har qachongidan ko‘ra yaxshiroq ishtirok etishlariga va oldilariga qo‘ylgan maqsadiga erisha olishlariga ishonayotganlarini alohida ta’kidlab o‘tdilar. Bu borada biz ham AGMK jamoasiga omad tilaymiz. Umid qilamizki, futzalchilarimiz qit’a musobaqasida O‘zbekiston nomini munosib himoya qila oladilar.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!