
Akbar To‘raev: "Oldindan bashorat qilmaylik, lekin..."
Farg‘onaning “Neftchi” klubi joriy yilgi Superligani ancha barqaror va ishonchli boshladi. 5 ta turdan keyin bu jamoa mag‘lubiyatsiz holda 4 ta g‘alaba va 1 durang bilan musobaqa jadvalida 1-o‘rinda ketyapti.
Bu safar “Neftchi” vodiy derbisida “Andijon” bilan jiddiy o‘yinni o‘tkazdi. Keskin kurashlar ostidagi bahsda farg‘onaliklar 2:0 hisobida g‘alaba qozondi. O‘sha uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi darvozabon Akbar To‘raev bo‘ldi. Boisi, u derbidagi bellashuvda ajoyib seyvlari orqali jamoasini bir necha bor gollardan qutqarib qoldi.
Ertasi kuni ikkala jamoaning o‘rinbosarlari yana o‘sha “Istiqlol” stadionida kuch sinashishdi. Akbar To‘raev esa ushbu uchrashuvni kuzatish uchun oilasi bilan stadionga keldi. Fursatdan foydalanib, unga savollar bilan yuzlandik.
- “Neftchi” vodiy derbisida “Andijon” ustidan g‘alabaga erishdi. O‘sha uchrashuv haqida nima deya olasiz?
- Nima deyishim mumkin? Derbi har doim o‘z nomi bilan derbi. Kurashlarga boy o‘tadi. Ikkala jamoa maydonga faqat g‘alaba uchun chiqadi. Bu uchrashuvda shunday ham bo‘ldi. Tezkor gol urganimiz bizga qo‘l keldi. Himoyada tartibli o‘ynab, oxirigacha chidadik. Futbolchimizga ko‘rsatilgan qizil kartochka o‘yinimizga biroz ta’sir qildi. Shundan so‘ng hisobni ushlashga harakat qildik. Xudoga shukr, natijani saqlab qolib, muhim g‘alabani qo‘lga kiritdik.
- Bu g‘alabada bevosita sizning ham munosib xizmatingiz bor. Boisi, bir necha vaziyatda “Neftchi”ni muqarrar gollardan saqlab qoldingiz. Bu uchrashuvga alohida tayyorlanganmidingiz?
- Darvozabonning ishi jamoasini gollardan qutqarib qolish. Derbi bo‘lgani uchun “nastroy” ham shunga yarasha edi. Albatta, har uchrashuvda 100 foiz kuchimizni berib, aql-idrokimiz etgunicha o‘ynab, g‘alabalarga o‘z hissamizni qo‘shishga harakat qilib kelyapmiz. Hamma uchrashuvga shunday tayyorlanamiz. Derbi baribir o‘z nomi bilan derbi. Balki shuning uchun ushbu o‘yinga yanada jiddiy tayyorgarlik ko‘rdik. Raqib jamoaning o‘yinlarini kuzatdik va o‘rganib chiqqandik. Shularning hisobiga va to‘g‘ri taktikada o‘ynaganimiz evaziga uch ochkoni qo‘lga kiritdik.
- Qolaversa, uchrashuvning eng yaxshi futbolchisiga aylandingiz. Bu haqida o‘ylaganmidingiz?
- Buni ekspertlar hal qiladi. Maydonga tushganimda faqat o‘z ishimni qilaman. Butun jamoamiz eng yaxshisi bo‘ldi.
- “Neftchi” mag‘lubiyatsiz holda turnir jadvalida peshqadamlik qilyapti. Buning asosiy sababi nima bilan bog‘liq?
- “Neftchi”da yaxshi kollektiv yig‘ilgan. Futbolchilar bir-biriga ishonishyapti. Oldimizga maqsad qo‘yganmiz va maqsad sari qadam tashlyapmiz. Albatta, bunda murabbiylarning ham qo‘li bor. Ular bizni o‘yinlarga yaxshi tayyorlashyapti, maydondan tashqarida ham ruhlantirib, motivatsiya berishyapti.
- Nima deb o‘ylaysiz, bu yil “Neftchi”dan chempionlikni kutsak bo‘ladimi?
- Jo‘jani kuzda sanaymiz. Oldindan gapirib, bashorat qilmaylik. Lekin biz oxirigacha kurashamiz. Aytganimdek, yigitlar bilan oldimizga maqsad qo‘yganmiz. Shunga erishishga harakat qilamiz.
- Eshitishimcha, klubda futbolchilar oldida qarzdorlik bor ekan...
- Moliyaviy muammolar hamma jamoada bor. Bu xavotirli holat emas. Rahbariyat hammasini yopishga va’da bergan. Pul birinchi o‘rinda emas. Futbolchilarni o‘z imidji ham bor va o‘sha maqsad sari intilyapmiz. Baribir pullarni to‘lab berishadi.
- Ko‘rib turibmizki, siz oilangiz bilan “Neftchi” U-21 ishtirokidagi o‘yinni stadionda kuzatyapsiz. Doim o‘yinlarga oilangiz bilan kelasizmi?
- Farg‘onada bo‘lganimizda albatta o‘yinlarga kelib turamiz, imkon qadar.
- Chempionat siz kutgan darajada boshlandimi yoki...
- Deyarli barcha klublar xorijda tayyorgarlik ko‘rishdi. Shu bois mavsumga yaxshi hozirlik ko‘rilgan. Shuning hisobiga chempionat qiziqarli. Har bir uchrashuv jiddiy kurashlar ostida o‘tyapti, oson kechmayapti.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar