Aleksandr Petrov: Bizga oxirigacha ishonayotganlarga rahmat

  • 10 avgust, 2019, 14:26
  • Baxtiyorjon Toshtemirov
  • 0
  • Mini-futbol
CHERY AUTO

Tailand poytaxti Bangkok shahrida o‘tayotgan Futzal bo‘yicha klublar o‘rtasidagi Osiyo chempionati doirasida kecha AGMK Iroqning "Naft Al Vasat" klubini ishonchli tarzda mag‘lub etdi va 2-turdan keyin guruhda ikkinchi pog‘onaga ko‘tarilib oldi.

"Naft Al Vasat" ustidan qozonilgan g‘alabadan so‘ng olmaliqliklar bosh murabbiyi Aleksandr Petrov klub matbuot xizmatiga quyidagi fikrlarni bildirib o‘tdi:

— Avvalo biz uchun qayg‘urgan va oxirigacha bizga ishongan barcha muxlislarni g‘alaba bilan tabriklayman. Ularga rahmat aytaman. Chunki aynan ularning ko‘magi va ishonchi bizni ruhlantirib turibdi. O‘yinga keladigan bo‘lsam, bahs davomida jamoamiz g‘alabaga tashna va yutuqqa loyiq o‘ynadi. Natijada g‘alaba ham biz tarafda bo‘ldi. Ishonch bilan aytamanki, mazkur bahsda g‘alabaga munosib o‘ynadik. Guruhda chiqish uchun imkoniyatni saqlab qolish uchun g‘alaba zarur edi va biz bunga erishdik. Endigi maqsad pley-off yo‘llanmasini qo‘lga kiritishdagi hal qiluvchi qadamni qo‘yish. Ertangi bellashuvda biz bu ishni amalga oshirib, yurtimiz ishqibozlariga qo‘shaloq bayramni tuhfa etmoqchimiz. Garchi "Al Rayyan" guruhda autsayder bo‘lib turgan bo‘lsada, mazkur o‘yinga jiddiy yondoshishi talab etiladi. Qit’a chempionatida oson o‘yinlar bo‘lmaydi.


???? Qayd etish kerakki, mazkur g‘alaba jamoamiz uchun Osiyo chempionatlari tarixidagi ilk yutuqqa aylandi va bu guruhdan chiqish imkoniyatini saqlab qolishga yordam berdi. Endi esa jamoamiz ertaga Qatarning "Al Rayyan" klubiga qarshi o‘ynaydi. Mazkur bahsdagi ehtimoliy g‘alaba Aleksandr Petrov boshchiligidagi AGMK futzal jamoasiga pley-off yo‘llanmasini taqdim etishi mumkin. Ayni paytda "B" guruhidan o‘rin olgan jamoamiz 3 ochko bilan ikkinchi o‘rinni egallab turibdi. Biz bilan bir xil ochko jamg‘argan va to‘plar nisbati yaxshiroq ko‘rsatkichga ega Iroqning "Naft Al Vasat" klubi esa o‘zaro o‘yinlar natijasiga ko‘ra uchinchi pog‘onada turibdi. Uchinchi turdagi raqibimiz "Al Rayyan" esa har ikkala bellashuvni yutqazgan va hozircha autsayder maqomida. Peshqadam Vetnam klubi "Tay Son Nam" hisobida esa 6 ochko mavjud.

Xush, o‘rinli savol tug‘iladi: Agarda uchinchi turda AGMK futzal jamoasi "Al Rayyan"ni mag‘lub etsa va ikkinchi o‘yinda "Naft Al Vasat" peshqadam "Tay Son Nam" ustidan g‘alaba qozonsa, unda turnir jadvalidagi o‘rin qay tariqa taqsimlanadi?

Reglament bo‘yicha birinchi o‘rinda o‘zaro o‘yin hisobga olinadi. Agarda uchala jamoa to‘plagan ochkolar soni bir xil bo‘lsa, unda to‘plar nisbati asosiy o‘ringa chiqadi. Ayni paytda jamoamiz kiritgan va o‘tkazib yuborgan gollari farqi -1ni tashkil etmoqda. "Naft Al Vasat"da esa bu ko‘rsatkich plyus 3ga teng. Peshqadam "Tay Son Nam"da esa vaziyat yanada yaxshiroq, ya’ni 7ta gol farqi mavjud. Bu degani oxirgi turda jamoamiz oldida ikkita yo‘l mavjud: Biri kamida 7ta to‘p farqi bilan "Al Rayyan"ni mag‘lub etish va guruhdagi narigi o‘yin natijasidan behavotir o‘tirish. Ikkinchi variant esa g‘alaba qozonish va ikkinchi juftlikda kamida peshqadam "Tay Son Nam" iroqliklarga yutqazmasligini kutish. Qulay tarafi, narigi uchrashuv bizning o‘yindan avvalroq o‘tadi va qanday natija qayd etish kerakligini bilgan holda o‘yinga tushamiz.

Eslatib o‘tamiz, guruhdagi hal qiluvchi 3-tur o‘yinlari ertaga bo‘lib o‘tadi. Unda AGMK "Al Rayyan" bilan bellashsa, "Naft Al Vasat" "Tay Son Nam" bilan kuch sinashadi.

"B" guruhi, 3-tur.
10:00. "Tai Son Nam" - "Naft Al Vasat"
12:30. "Al Rayyan" - AGMK ("Sport TV"da to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirda)

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!