
"Andijon" futbolchisi: "Bu juda yaxshi tashabbus, o‘yindan keyin ularning sharhini eshitsak maza qilamiz"
Pro liga etakchilaridan biri “Andijon” 12 iyun kuni o‘z maydonida “Xorazm” bilan bahsga jiddiy tayyorlanmoqda.
Jamoa safida yaxshi o‘yinchilar jamlangan bo‘lib, ularning orasida Ilhom Alijonov ham bor. Iqtidorli himoyachi bo‘lajak uchrashuv oldidan bir qator savollarga javob qaytardi.
- 12 iyun kuni “Andijon”ning o‘z maydonida “Xorazm”ga qarshi o‘yini bor. Bo‘lajak uchrashuvga tayyorgarlik qanday ketmoqda?
- 7 iyundan “Xorazm” bilan o‘yinga tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Jamoamizda kayfiyat juda yuqori darajada. Anchadan beri yutqazmasdan kelyapmiz. Faqat o‘tgan turda mehmonda “Yangier” bilan durang o‘ynab qo‘ydik. Endi o‘z maydonimizda o‘ynaymiz. Bilsangiz, biz hali o‘z uyimizda mag‘lubiyatga uchraganimiz yo‘q. Rahbariyat va muxlislarimiz qarshisida g‘alaba qozonish uchun bor kuchimizni beramiz, buning uchun astoydil tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Mashg‘ulotlarda ham 100 foiz emas, 200 foiz kuch sarflab mehnat qilyapmiz.
- O‘zingiz aytganingizdek, safarda “Yangier” bilan bahsda durang qayd etildi. O‘shanda g‘alaba uchun nima etishmadi, deb o‘ylaysiz?
- G‘alaba uchun hisob 0:0 bo‘lganidan keyin albatta gol etishmadi. Bizda imkoniyatlar ko‘proq bo‘ldi. Faqat foydalana olmadik, birinchi sabab shu. Ikkinchi sababi kun issiq bo‘ldi. Balki bu bahonadek tuyulishi mumkin. Lekin issiq havoda unga moslashib olguncha birinchi taym tugab qoldi. Ikkinchi bo‘limda shoshildik va shuning evaziga xatolar bo‘ldi.
- “Andijon” jamoasi hozircha yagona bo‘lib turgan mag‘lubiyatini birinchi davrada aynan “Xorazm” maydonida qabul qilib olgandi. Shu bois muxlislar bu safar o‘sha mag‘lubiyat uchun revansh olishlarini kutmoqda...
- Ha, chempionat boshlanganidan beri birinchi mag‘lubiyatimiz “Xorazm” bilan bahsga to‘g‘ri keldi. O‘shanda afsuski 3:0 hisobida yutqazib qo‘ygandik. Esimda, uchrashuvdan keyin qattiq tanqidlar bo‘lgandi. Hozirda jiddiy tayyorlanyapmiz. Murabbiy va futbolchilar buni yaxshi his qilib turishibdi. Revansh olishga bor kuchimiz bilan astoydil harakat qilamiz. Muxlislarimizni g‘alaba bilan xursand qilish asosiy maqsadimiz.
- Shaxsan o‘zingiz “Xorazm” bilan bellashuvda qanaqa hisob kutyapsiz?
- Aslini olganda, bizga 1:0 ham g‘alaba. Asosiysi, ishonchli tarzda yutsak bo‘ldi. Futbolchi shunaqa, hisob 1:0 bo‘ladimi, 3:0 mi yoki 3:1 mi, farqi yo‘q, biz g‘alaba uchun harakat qilamiz. Qanaqa natija bo‘lishi Xudodan. Biz mehnat qilishda harakat qilyapmiz. Albatta, iloji boricha yirik hisobda g‘alaba qozonishga intilamiz.
- “Andijon” – “Xorazm” uchrashuviga e’tibor katta. Chunki mazkur to‘qnashuvni ko‘zga ko‘ringan Xayrulla Hamidov bilan Davron Fayziev birgalikda bevosita stadionda sharhlashi rejalashtirilgan. Bu holat siz futbolchilarga qanday ta’sir qiladi?
- O‘zimiz ham yoshligimizdan ikkala insonning sharhlarini eshitib kelganmiz, muxlisi bo‘lganmiz. Davron aka Fayziev bilan yonma-yon o‘tirib suhbatlashganman. Yaxshi inson. Xayrulla aka Hamidov ham xuddi shunday. Ularning sharhlari odamni ruhiyatini ko‘taradi, bu yaxshi. Uchrashuvga mana shunday tomondan e’tibor qaratilayotganini qo‘llab-quvvatlayman. Biz futbolchilarning ham ruhiyatimiz ancha oshadi. Masalan, o‘yindan keyingi tasvirni ko‘rib, ularning sharhini eshitsak maza qilamiz. Bu juda yaxshi tashabbus bo‘ldi. Ikkalasining stadionda sharhlashini eshitib xursand bo‘ldik. Xayrulla Hamidov va Davron Fayziev qancha ko‘p sharhlasa o‘yinning maqomi va darajasi ham oshib boraveradi.
- Shuningdek, ashaddiy muxlislar ham jamoani faol qo‘llab-quvvatlashadi va shunga yarasha tabiiyki faqat g‘alaba kutishadi. Bu sizlarga qo‘shimcha bosim o‘tkazmaydimi?
- Yo‘q. O‘zimdan qiyos qilib aytadigan bo‘lsam, maydonda bo‘lgan paytimda faqat o‘yinga bor e’tiborimni qarataman. Turli gap-so‘zlarga quloq solmayman. Bizning jamoada bosimga tushib hayajonlanib qoladigan futbolchi yo‘q. Hammasi o‘ziga yarasha tajribali va maydonda nima qilishi kerakligini biladilar. Muxlislarning qo‘llashidan kuch olsak olamizki, aslo bosimga tushmaymiz. Ishqiboz har qanday holatda ham jamoasini yolg‘izlatib qo‘ymasligi kerak. Bizdagi ishqibozlar ana shunday, qaerda bo‘lsa ham jamoani qo‘llab-quvvatlaydi.
- O‘tgan yili yarim yil pro ligada “Yangier” uchun ham to‘p surdingiz. Keyin esa “Navbahor”da. Aytmoqchimanki, bu yil pro ligada mana shunday kuchli intriga bo‘lishini kutganmidingiz?
- O‘tgan yili ham ma’lum vaqt o‘ynab buni sezgandim. Bu yil esa Superligadan uchta jamoa qo‘shildi. Shu bois yangi mavsumda pro ligada yanada shiddat oshishini kutgandim. Mana, kutilgan natijalar bo‘lyapti. Hamma klub harakat qilyapti, kuchli beshtalikka kirishga. Jamoalar ochkolari sonini ko‘paytirishga intilishmoqda. Superligadan ozgina farq qiladi xolos.
- Mavsum boshida oldingizda Superligada to‘p surish varianti ham bor edi. Ammo siz pro ligani tanladingiz. Bu qaroringiz to‘g‘riligiga qanchalik amin bo‘lyapsiz?
- “Navbahor”da menda o‘yin amaliyoti kamroq bo‘lgandi. Bu erga kelganimdan aslo afsuslanganim yo‘q. Hammasi yaxshi. O‘yin amaliyotiga ham ega bo‘lyapman. Rag‘batlantirishlar ham juda yaxshi. Sharoitlar Superliga darajasida. Hatto, Superligada ko‘p klublarida ham bunday sharoitlar yo‘q. Futbol muhitida ham, futboldan tashqari holatda ham bu erda muammo ko‘zga tashlanmayapti.
Fikrlar