"Andijon" hazillashmayapti...

  • 17 mart, 2024, 00:53
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

 

Tecno

  

Superliganing 3-turida “Andijon” Toshkentda “Surxon” klubiga qarshi maydonga tushdi. Oldindan mazkur qarama-qarshilikning ancha qiziqarli va shiddatli o‘tishi kutilgandi va amalda ham shunday bo‘lib chiqdi.

Ta’kidlash joizki, uchrashuv Aleksandr Xomyakov jamoasi uchun yaxshi boshlandi va nazorat ham “Burgutlar” tarafida bo‘ldi. Uchrashuv boshlanganidan buyon “Andijon” jamoasida biroz ustunlik borligi sezilib turgandi va bu xavfli vaziyatlar orqali ham ko‘zga tashlandi.

Masalan, Luka Zgurskiyning boshi bilan yo‘llagan zarbasi xavfli chiqdi. Keyin esa Farhod Sohibjonovning bir o‘zi raqiblarini aldab “Surxon” jarima maydoni ichiga kirib borib yo‘llagan zarbasini darvozabon bartaraf etdi. 36-daqiqada tinib-tinchimas Sohibjonov penalti ishladi. Uni raqib jarima maydoni ichida yiqitishdi va bosh hakam ikkilanmasdan 11  metrli jarima belgisini ko‘rsatdi. Bu vazifani Sherzod Esanov bexato amalga oshirdi.

Ikkinchi bo‘lim yanada qiziqarli kechdi va gollar ham ko‘proq bo‘ldi. 50-daqiqada endi Farhod Sohibjonovning o‘zi gol urishga muvaffaq bo‘ldi. U standart vaziyatdan keyin to‘pni darvozaga aniq joylab qo‘ydi. Tan olish kerak, shu kuni Farhod uchrashuvni juda faol va ko‘tarinki ruhda o‘tkazdi. 73-daqiqa o‘tib borayotganida “Burgutlar” hisobni yiriklashtirishdi. Qanotdan uzatilgan pasni Shaxrom Samiev bilan to‘p uchun kurashda “Surxon” himoyachisi o‘z darvozasiga kiritib yubordi.

Hisob 0:3 ko‘rinishiga kelgach, deyarli barchada “Andijon”ning g‘alabasiga shubha qolmagandi. Lekin futbol 90 daqiqa davom etishini amalda isbotini ko‘rdik. Chunki “Surxon” futbolchilari 82 va 90+4-daqiqalarda gol urishib, intrigani yanada kuchaytirdilar. Lekin “Andijon” baribir g‘alabani saqlab qolgan holda o‘z hisobiga navbatdagi uch ochkoni yozdirib qo‘ydi.

Uchrashuv yakunlangach, “Surxon” va “Andijon” futbolchilari – Egor Krimets hamda Shaxrom Samiev biroz qizishib ketishgani sababli hakam ularga qizil kartochka ko‘rsatdi. Shu tariqa, “Andijon” “Surxon”ni safarda mag‘lubiyatga uchratishning uddasidan chiqdi. Oxirgi bor 2003 yilda andijonliklar ushbu raqibi maydonida g‘alaba qozonishgandi. Xomyakov jamoasi birin-ketin qora an’analarga chek qo‘ymoqda. O‘tgan turda “Bunyodkor”ni o‘z maydonida 5:1 hisobida mag‘lub etdi. Bungacha “Burgutlar” ushbu raqibini engga olmagandi. Bu safar esa Toshkentda “Surxon”ni nihoyat engishga erishdi. Ko‘rinishidan "Andijon" hazillashmayapti!

“Andijon” navbatdagi o‘yinini endi 30 mart sanasida o‘tkazadi. Shu kuni “Bobur Arena”da “Nasaf”ni qabul qiladi.

“Surxon” – “Andijon” – 2:3 (0:1).

16 mart. Toshkent. “Paxtakor” markaziy stadioni. 968 tomoshabin.

Hakamlar: Asker Najafaliev, Shoxruh Maqsudov, Adxamjon Rixsiboev

Zaxira hakami: Nikita Mustafin.

VAR: Rustam Lutfullin

AVAR: Andrey Tsapenko

“Surxon”: Dilshod Yo‘ldoshev, Sunnatillo Xamidjonov, Aziz Pirmuhammadov (Behruz Shaydulov, 85), Doston Tursunov, Dmitriy Pletnev (Xumoyun Sherbo‘taev, 72), Diyor Ramazonov, Asad Karimov (Muhammadali Abdurahmonov, 56), Shoxjahon Sultonmurodov (Egor Krimets, 56), Asilbek Jumaev (Sardor Mahmudov, 72), Jahongir Abdusalomov, Ulug‘bek Hoshimov.

“Andijon”: Igor Litovka, Abduvohid G‘ulomov, Vladimir Bubanya, Islom Mamatkazin, Sardor Azimov, Farhod Bekmuratov (Levan Arveladze, 46), Muhammadkarim Toirov (Ilhom Abdug‘aniev, 46), Sherzod Esanov, Farhod Sohibjonov (Armin Boshnyak, 69), Bektemir Abdumannonov (Demir Imeri, 81), Luka Zgurskiy (Shaxrom Samiev, 62).

Gollar: Sherzod Esanov, 36-pen. – 0:1. Farhod Sohibjonov, 50 – 0:2. Aziz Pirmuhammadov, 73-avt – 0:3. Muhammadali Abdurahmonov, 82 – 1:3. Xumoyun Sherbo‘taev, 90+4 – 2:3.

Ogohlantirishlar: Jahongir Abdusalomov, 10. Ulug‘bek Hoshimov, 16 – Muhammadkarim Toirov, 26. Farhod Bekmuratov, 44. Farhod Sohibjonov, 55. Shaxrom Samiev, 75. Islom Mamatkazin, 90+3.

Chetlatishlar: Egor Krimets – Shaxrom Samiev (ikkalasi o‘yindan keyin).

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!