
“Andijon” “Nasaf”ni ortda qoldirdi…
5 - 8 oktyabr kunlari Superligada 21-tur bahslari o‘tkazildi. Natijalar bilan saytimiz orqali xabar berib bordik.
Ushbu turda bir qator qiziqarli o‘yinlar, o‘ziga xos qarama-qarshiliklar kuzatildi.
Tobora ligani tark etishi oydinlashayotgan “Turon” klubi “Metallurg”dan ochko oldi. Bekobodliklar yaxshi odimlayotgan bir pallada Yaypanda durang o‘ynadi. Imkoniyatlari teng baholangan “Bunyodkor” - “Qizilqum” bahsida kutilganidek g‘olib nomi aniqlanmadi. OKMK bir kishi kam bo‘lib ham “So‘g‘diyona”ni taslim etdi. Taslim etganda ham oxirgi daqiqalarda gol urib, irodali g‘alabani tantana qildi.
“Nasaf” chempionlik uchun kurashayotgan “Neftchi”ni mag‘lubiyatga uchratib, uning o‘zi yuqoriladi. “Paxtakor” maydonni yana boshi egik holda tark etdi. “Sherlar” bu safar Andijonda imkoniyatni boy berdi. Shatskix tomon tanqidlar ortib bormoqda. Uning ta’qibchilari esa yaqinlashyapti.
“Navbahor” safarda “Buxoro”ni qiyinchiliksiz engdi. “Surxon” - “Olimpik” bahsi 19 noyabrga qoldirilgan.
Endi esa turga oid qiziqarli ma’lumotlarni taqdim etamiz. Ya’ni an’anamizga sodiq qolgan holda tur muxlislari statistikasi bilan tanishtiramiz.
21-turda stadionlarimizga jami 29447 tomoshabin tashrif buyurdi. Bu har bir bellashuvga o‘rtacha 4908ni tashkil qiladi.
Eng ko‘p muxlis Andijonda. “Andijon” - “Paxtakor” o‘rtasidagi o‘yinni 10584 tomoshabin arenadan kuzatdi. Bu uchrashuvning ahamiyati ancha yuqori edi. Chunki “Paxtakor” oxirgi o‘yinlarda g‘alaba nimaligini bilmay kelayotgandi. “Andijon” esa o‘z uyida grandlarni ochkosiz qoldirish odatga aylangan. Shuning uchun ham o‘yinni ko‘plab ishqibozlar arenadan kuzatdi.
“Nasaf” - “Neftchi” o‘rtasidagi turning markaziy uchrashuviga 6124 ishqiboz tashrif buyurdi. Mezbonlar farg‘onaliklarga qanday qarshilik ko‘rsatishi yoki chempionlik poygasiga qanday ta’sir o‘tkazishini ko‘rish qiziqarli edi. Qolaversa, o‘tgan yili aynan “Neftchi” Ro‘ziqul Berdiev jamoasini oxirgi turlarda poygadan chiqarib yuborgandi.
Eng kam tomoshabin Yaypanda. Superligada jon saqlab qolish uchun kurashayotgan “Turon”ning “Metallurg”ga qarshi bellashuviga 1936 muxlis tashrif buyurdi.
Quyida Superliganing ushbu turiga tashrif buyurgan muxlislar statistikasi bilan tanishing (muxlislar soni PFL saytidan olindi):
“Andijon” - “Paxtakor” 1:0. 10584 tomoshabin
“Nasaf” - “Neftchi” 2:0. 6124 tomoshabin
“Buxoro” - “Navbahor” 0:3. 6052 tomoshabin
OKMK - “So‘g‘diyona” 3:2. 2430 tomoshabin
“Bunyodkor” - “Qizilqum” 2:2. 2321 tomoshabin
“Turon” - “Metallurg” 1:1. 1936 tomoshabin
Fikrlar