Andijonda o‘yin 100 daqiqadan ortiq davom etdi yoxud "Bobur arena"da alamli mag‘lubiyat

  • 20 aprel, 23:46
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Futbol shunday o‘yinki, u sizni bir zumda quvonchga yoki buning aksi o‘laroq quvonchsizlikka solib qo‘yishi mumkin.

Superliganing 6-turidan o‘rin olgan “Andijon” va “Dinamo” o‘rtasidagi o‘yini ancha vaqtgacha yodda qoladigan bo‘ldi. Futbol 90 daqiqa davom etadi, qo‘shimcha vaqtlari bilan esa ba’zida bu raqam 94 yoki 95 bo‘lishi mumkin, “Bobur arena”da esa futbol 100 daqiqadan ortiq davom etdi. Bunday yuz berishi albatta VAR bilan bog‘liq edi. Chunki ko‘p to‘xtalishlar o‘yin ritmiga ta’sir ko‘rsatmasdan qolmadi. Muxlislarning ham e’tirozlariga sabab bo‘ldi. Juda asabiy, og‘ir o‘tgan uchrashuv sifatida hali ko‘p eslanadi.

Bahsda uchta gol kiritildi va barchasi tanaffusdan keyin sodir bo‘ldi. Avvaliga 66-daqiqa o‘tib borayotganida “Dinamo” futbolchisi Ulug‘bek Abdullaev hisobni ochdi. 81-daqiqada burchakdan uzatilgan to‘pdan keyin Luka Uskokovich muvozanatni tiklagandi. 90+13-daqiqada esa “Dinamo” g‘alaba golini urib ketdi. Tasavvur qilyapcizmi, 90+13-daqiqada! Hakam esa to‘xtalishlar uchun 9 daqiqa qo‘shgandi. Uni orasida VARga vaqt sarfladi. Bu uchrashuvda VAR asosiy o‘ringa chiqdi. Chunki asosiy voqealar aynan VAR bilan bog‘liq bo‘ldi.

Birinchi bo‘limda “Andijon”ning xavfli hujumlaridan birida Doniyor Abdumannopov raqib jarima maydoni ichiga kirib borayotganida himoyachi bilan kontakt yuzaga keldi va Abdumannopov yiqildi. Ushbu vaziyat ancha bahsli holatga o‘xshadi. Lekin hakam penalti belgilamadi va o‘yinni davom ettirdi.

Ikkinchi taymdagi shiddat kuchli edi. “Dinamo”ning golidan so‘ng “Andijon” o‘yinga yanada qo‘shdi va kuchli shturmlar uyushtirishga kirishdi. Kerakli o‘zgarishlar ham amalga oshirildi. Bunday jiddiy hujumlarning biri albatta gol bilan yakunlandi. Vaqt oxirlar borayotganiga qaramay, “Burgutlar” ikkinchi golni kiritish payida edilar va buni amalga ham oshirdilar. Lekin Miomir Jurichkovichning goli VAR xulosasiga ko‘ra ofsayd deb topildi. Aynan ushbu holatda aniq qaror chiqarish uchun ham VAR bilan muloqotga ancha vaqt ketib qoldi.

Yana bir hujumda Mirzad Mexanovich jarima maydoni ichida raqib bilan to‘p uchun kurashda yiqildi va bosh hakam 11 metrlik nuqtani ko‘rsatdi. Biroq yana VAR bilan muloqot ancha vaqtga cho‘zildi, natijada penalti “otmen” bo‘ldi. 90+13-daqiqada “Dinamo” ikkinchi golni urgach ham hakam va VAR muloqoti anchagacha cho‘zilib ketdi. Yakunda esa gol inobatga olindi. Tabiiyki, muxlislarga hakamning bir qancha qarorlari yoqmadi va e’tirozlariga sabab bo‘ldi. Balki hakamlar qo‘mitasi yuz bergan holatlarni ko‘rib chiqar!

“Andijon” – “Dinamo” – 1:2 (0:0).

20 aprel. Andijon. “Bobur arena” stadioni. 14007 tomoshabin.

Hakamlar: Shavkat Nasibullaev, Amir Galeev, Daniil Yattsenko.

Zaxira hakami: Umidjon Rahimjonov

VAR: Ibrohim Ismoilov

AVAR: Maksim Nexochin

Nazoratchi: Aleksandr Popov

Komissar: Sherzod Rajabov

“Andijon”: Eldor Adhamov, Miomir Jurichkovich, Luka Uskokovich, Abdulvohid G‘ulomov, Abdurahmon Komilov (Oleg Zoteev, 78), Iskandar Shoyqulov, Ilhom Abdug‘aniev (Mirzad Mexanovich, 73), Damir Temirov (Altin Kreziu, 64), Doniyor Abdumannopov (Usmonali Ismonaliev, 64), Bektemir Abdumannonov, Rustam Turdimurodov (Islam Mashukov, 78).

“Dinamo”: Ravshan Yagudin, Jahongir O‘rozov, Oleksand Kucherenko, Salim Mustafoev, Ulug‘bek Abdullaev (Sanjar Qodirqulov, 74), Ferreyra, Friday (Firdavs Abdurahmonov, 64),  Oybek O‘rmonjonov, Marko Stanoevich (Maykon, 64), Anvar Hojimirzaev  (Xislat Halilov, 89), Mirjahon Mirahmadov.

Gollar: Ulug‘bek Abdullaev, 66 – 0:1. Luka Uskokovich, 81 – 1:1. Firdavs Abdurahmonov, 90+13 – 1:2.

Ogohlantirishlar: Damir Temirov, 19 – Ulug‘bek Abdullaev, 28. Ferreyra, 68.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!