"Andijon"FK uchun rivojlanishning turkcha modeli. "Antalyaspor" bilan hamkorlik qanday samara beradi yoxud jiddiy loyiha haqida

  • 2 fevral, 2023, 12:58
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Rivojlanish ishtiyoqida yonayotgan “Andijon” Antaliyadagi yig‘inidan foydalanib, Turkiya Superligasi qatnashchisi – “Antalyaspor” klubi bilan hamkorlik qilish bo‘yicha dastlabki amaliy qadamni tashladi.

Tecno

Klub bosh direktori Ulug‘bek Mirzaev boshchiligidagi “Andijon” delegatsiyasini “Antalyaspor” bosh menejeri Ferda Ramanli, bosh koordinator Abdulloh Sarachoglu, “Fanatik tur” kompaniyasi mudiri Hoqon Onkur va marketing menejeri Serap Atmasa xonim juda iliq qarshi oldilar.

“Antaliyaga xush kelibsizlar. Murojaat qilganinglardan xursand bo‘ldik. Biz uchun O‘zbekiston yangi bir bozor va yangi futbol mamlakati. “Andijon” rivojlanishni xohlayotgan klub ekanidan mamnunmiz. Bugun tanishuv amaliyoti va qanday yordam kerak bo‘lsa, biz tayyormiz”, - dedi janob Ramanli.

antaliyaspor

O‘z navbatida Ulug‘bek Mirzaev qabul uchun minnatdorchilik bildirdi va boshlanajak hamkorlik ikki tomon uchun har tomonlama qulay hamda foydali bo‘lishiga ishonchi komil ekanini bildirdi va bir qator muhim masalalar bilan o‘zaro fikrlar almashildi.      

Avvalo jarayon “Antalyaspor” klubi futbol akademiyasini yaqindan tanishish bilan boshlandi. Bolalar uchun yaratilgan sharoitlar, ularni tarbiyalashda nimalarga e’tibor qaratilayotgani, oziq-ovqat masalasi, murabbiylar bilimi va yana boshqa ish yo‘nalishlari bo‘yicha barchasi ko‘rsatildi hamda ma’lumotlar berildi. “Antalspor” futbol akademiyasiga 3-4 yoshdan bolalarni qabul qilish boshlanadi. Avvaliga gimnastika bilan shug‘ullantirishadi va keyin asta-sekinlik bilan futbol o‘rganib boriladi. Ular uchun oyiga 25 dollardan badal puli bor.

antalyaspor2

Shuningdek, bizga klub bosh skauti Adnan Gulek tanishtirildi. Sobiq futbolchi “Antalyaspor”da muhim kadrlardan biri sanaladi. O‘z navbatida Ulug‘bek Mirzaev mart oyida O‘zbekistonda U-20 Osiyo chempionati bo‘lib o‘tishini va bizda iqtidorli yoshlar ko‘pligini aytib, musobaqani kuzatish uchun taklif qildi. Bu esa Adnan Gulekda katta qiziqish uyg‘otdi.   

Keyin akademiya direktori Sedat Qorabuq bilan tanishdik. U kishi akademiya haqida yanada to‘liq ma’lumotlarni berdi va Ulug‘bek Mirzaev o‘z navbatida akademiya direktoriga ham mart oyida yurtimizda U-20 Osiyo chempionati o‘tkazilishi va unda selektsiya bo‘yicha qatnashish imkoniyati borligini aytib taklif qildi. Shuningdek, ushbu terma jamoamizda “Andijon” vakili Sherzod Esonov ham to‘p surayotgani alohida ta’kidlandi. Rosti, ular bo‘lajak Osiyo chempionatini yaxshi eslab qoldilar.

antalyaspor3

Antaliya markazidagi yagona futbol maktabi “Antalyaspor” markaziy futbol maktabidir. Ushbu futbol maktablari “Antalyaspor” tomonidan tuzilmaga kiritilgan va bitta markazdan nazorat qilinadi.

Qolaversa, klub muzeyi ham tashkil qilingan bo‘lib, klub tashkil etilganidan boshlab shu davrgacha bo‘lgan har 10 yillikning alohida rasmlari bor. Qo‘lga kiritilgan Kuboklar uchun alohida joy ham barpo qilingan. Ma’lumot uchun, “Antalyaspor” 1966 yilda tashkil topgan. Bundan tashqari, kutubxona ham mavjud. Akademiyada U-9 dan U-19 gacha jamoalar bor va ularning har biri uchun alohida xonalar ajratilgan. Shu o‘rinda uchrashuvni tashkillashtirishda yaqindan yordam bergan “Fanatik tur” kompaniyasining sport menejeri Abdulhamid Hamidovga minnatdorchilik bildirildi.

Futbol akademiyasi bilan tanishib chiqqanimizdan keyin bosh menejer Ferda Ramanli jamoamiz delegatsiyasini “Antalyaspor” stadioniga boshladi. "Corendon Airlines Park Antalya Stadium" muhtasham arenalardan biri sifatida yorqin taassurot qoldirdi.

antaliya stadion

Stadion 2015 yilda ochilgan bo‘lib 32 539 nafar tomoshabinni o‘z bag‘riga sig‘dira oladi. Ushbu arena qurilishi uchun 103 million turk lirasi sarflangan. Maydon holati ideal darajada. Stadionning ichki va tashqi ko‘rinishi jamoaning ramziy ranglari – oq va qizilga burkangan.

Stadionning ichki ko‘rinishida, ayniqsa, raqib jamoa a’zolari kirib kelish yo‘lakchalarida turli yozuvlarni ko‘rish mumkin. Ular psixologlar bilan maslahatlashgan va futbolchilarni ruhlantirish uchun ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan jumlalar yozilgan.

Stadion direktori Mitat Ridan yordamida seminar xonalari, matbuot anjumani va kiyinish xonalari tanishib chiqildi. Kiyinish xonasida katta ekran bo‘lib, birinchi bo‘limdan keyin o‘yin tahlili uchun darhol ekranda namoyish etiladi va futbolchilarga shunga qarab qo‘shimcha ko‘rsatmalar beriladi. Darvoqe, uning orqa qismida kiyinish xonasida kattaroq bo‘lgan alohida xona bor bo‘lib, u erda futbolchilar shug‘ullanishi uchun sharoit yaratilgan.

antaliya stadion1

Stadionda quyosh batareyalaridan foydalaniladi. Ahamiyatlisi, muqobil energiya manbalaridan foydalangan holda qurilgan birinchi stadion hisoblanadi va quyosh panellari bilan ishlaydigan dunyodagi eng katta stadiondir. Arxitektura ko‘rinishida ham bu o‘zgacha tarzda yaratilgan.

Matbuot anjumani xonasida “Andijon” klubi bosh direktori Ulug‘bek Mirzaev “Antalyaspor” bosh menejeri Ferda Ramanliga “Andijon” libosini topshirdi. Shuningdek, klub bosh skauti Adnan Gulekka “Andijon” klubining vipmeli berildi. Shu bilan birga janob Ramanli ham “Andijon” klubi bosh direktoriga esdalik sovg‘alarini topshirdi. Bunday tanishuv amaliyoti ikki tomon uchun ham juda foydali ekanligini alohida ta’kidlash o‘rinli.

antalyaspor4

“Antalyaspor”da marketing yo‘nalishidagi ishlar ham ko‘ngildagidek. Stadoni yonida klub do‘koni joylashgan. U erda klub futbolkalari, sharf, kepka, umuman jamoa emblemasi joylashtirilgan yana boshqa kiyim-kechaklar sotuvi yo‘lga qo‘yilgan.

Antalyaspor”ga amaliy tashrifimizning keyingi manzili klub qarorgohi bo‘ldi. U erda bizni xalqaro aloqalar va strategik rivojlantirish menejeri Erdem Erdal hamda media-ofitser xodimi Mexmet Ali kutib oldilar.

“Antalyaspor” jamoasi shu kuni Turkiya chempionati doirasida safarda “Trabzonspor”ga qarshi o‘yini bor edi. Shu sababli bazani obdon ko‘zdan kechirish imkoniyati bo‘ldi. Ayniqsa, bunda Erdem Erdal katta yordam ko‘rsatdi. U klubning rivojlanish strategiyasini batafsil tushuntirib berdi. Unda 26 ta yo‘nalish belgilab chiqilgan va klub shunga asosan faoliyatini olib bormoqda.

Antalyaspor6

“Antalyaspor”ni butun dunyoga keng qamrovli tarzda yoyish ishlarini jadallik bilan olib borishyapti. Dunyoning turli burchaklarida ushbu jamoaning filiallari va futbol maktablari bor. Jumladan, Argentina, Janubiy Afrika, Kosovo, Kipr, Belgiya kabi mamlakatlarda klub o‘zining filiallarini, futbol maktablarini tashkil qilgan. Masalan, Argentinaning 3-divizionida “Antalyaspor”ga qarashli jamoa qatnashadi. U erda turk klubi uchun iqtidorli futbolchilar tarbiyalab beriladi. Shuningdek, “Antalyaspor”dan har yili 6 nafar o‘yinchi Argentinaga yuboriladi. Afrikadan esa 18 yoshdan yuqori bo‘lgan yigitlar “Antalyaspor”ga jo‘natiladi. Yaqinda Eronning “Sepaxon” jamoasida “Antalyaspor”ning filiali ham ochilyapti. Germaniyada ham Turkiya klubining futbol maktabi barpo etilayotganini Erdal aytib o‘tdi.

“O‘zbekistonda iqtidorli bolalar ko‘pligini bilamiz va shu tomonga ham e’tiborimizni qaratmoqchi bo‘lib turgandik va sizlar ayni paytda kelib qoldinglar. Masalan, bizning U-19 jamoamizda tojikistonlik futbolchi bor. Bizga strategik nuqtai nazardan Andijon ham juda mos tushadi. Chunki bu Tojikiston bilan Qirg‘izistonning tutash joylarida joylashgan”, - dedi Erdem Erdal.

antalyaspor7

Shuningdek, u yana so‘zida davom etar ekan shunday dedi: “Turkiyada birinchi bo‘lib xalqaro aloqalar va strategik rejalashtirish departamentini ochdik. Ispaniyada o‘qib kelganman va UEFAning Pro litsenziyasiga egaman. Bunday departamentlar 2006 yili “Barselona”, “Real” singari klublarda ochilgan. Turkiyada “Fenerbaxche”, “Galatasaroy”, “Beshiktosh”, “Trabzonspor” kabi kuchli klublar bo‘lsa-da, ularda bunday departamentlar yo‘q. Biz alohida uzoq yilga mo‘ljallangan yo‘l xaritasini ishlab chiqqanmiz. Hatto, futbol klubi shu darajada bo‘lishi kerakki, oziq-ovqat mahsulotlarini sotib olayotgan odamlar halol bo‘lishlari kerak. Ba’zida xiyonat ham qilishlari hech gap emas. Bu esa tomib-tomib katta zarar etkazishi mumkin. Sarflanayotgan barcha mablag‘lar keyinchalik klub uchun foydali tarzda qaytishi lozim. Biz xalqaro aloqalarni rivojlantiryapmiz. Bunda sizlarning ham bu erga kelishinglar ayni muddao bo‘ldi. Biz “Andijon” klubi bilan hamkorlik qilishga tayyormiz. Har jihatdan yuksalish yo‘lidamiz. Masalan, Erik Abidal bu erga kelib murabbiylarni o‘qityapti. Afrikadan ham mutaxassislarni chaqiryapmiz. Kerak bo‘lsa xalqaro musobaqalarimizni Evropa Ittifoqi moliyalashtiradi. Kuni kecha Ispaniyadagi o‘smirlar o‘rtasidagi turnirga bordik va u erda 5-o‘rinni oldik. “Real”, “Atletiko”, “Barselona” dastlabki uchtalikdan joy olishdi. Masalan, bu turnirda 20 ta klub qatnashdi. PSJ, “Arsenal” va yana boshqa kuchli jamoalar ham bor edi. Shveytsariya, Ispaniya va yana boshqa mamlakatlarda “Antalyaspor” haqida ko‘rsatuvlar, reportajlar tayyorlanyapti va bu orqali klub imidjini oshirib boryapmiz”, - dedi Erdal.

Klubda har bir bo‘limning o‘z mutaxassislari ish olib bormoqda. Bosh murabbiy turk futbolining yorqin yulduzlaridan biri Nuri Shaxin ekani haqida xabar berib o‘tdik. Shuningdek, bir necha yil oldin “Antalyaspor” da Samuel EtoO, Samir Nasri kabi yulduzlar o‘ynashdi.

antalyaspor9

Yana baza bilan yaqindan tanishtirish chog‘ida u erda ikki kishilik bo‘lgan 130 ta xona bor bo‘lib, bu 260 ta bola uchun joy bor deganidir. 6 ta maydon ham shay holatda va buning uchun ishchi-xodimlar etarli darajada. Klub prezidenti Aziz Chetin hamma ishlarni yuqori darajada bo‘lishini ta’kidlab, nazorat qilib boradi.

Tez orada “Andijon” va “Antalyaspor” klublari o‘rtasida memorandum imzolanadi. Hamkorligimizning birinchi ko‘rinishi sifatida 4 fevral kuni Turkiya Superligasi doirasida bo‘lib o‘tadigan “Antalyaspor” hamda “Gaziantep” o‘rtasidagi uchrashuvga jamoamizni taklif qilishdi. Klub zamonaviy texnologiyalar bo‘yicha ham zamon bilan hamnafas bo‘lib boryapti. 

Yana bir gap: 2024 yili “Andijon” futbol klubi tashkil topganiga 60 yil to‘ladi. Shu munosabat bilan Ulug‘bek Mirazev Ferda Ramanli va Erdem Erdal bilan uchrashuvlar jarayonida jamoamizning yubileyi nishonlanadigan bayram kechasiga “Antalyaspor” klubini o‘rtoqlik uchrashuvi uchun taklif qildi. Shuningdek, murabbiylar va yosh futbolchilarni amaliyot uchun yuborish bo‘yicha ham kelishib olindi. 

antalyaspor8

Ochig‘i, “Antalyaspor” klubiga tashrif shu qadar qiziqarli va ma’lumotlarga boy bo‘ldiki, “Andijon” jamoasi hamkor tanlashda adashmaganligi o‘z ifodasini topdi. Turk hamkasblarimiz o‘zbek futboliga va xususan “Andijon” klubiga jiddiy qaramoqdalar va buning istiqbolli loyiha ekaniga Ulug‘bek Mirzaevning fikr va mulohazalaridan so‘ng iqror bo‘ldilar. Nasib qilsa, tez orada memorandum imzolansa, amaliy ishlar faollashadi.

Shuhratbek Jo‘raev.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!