"Andijon"ni O‘zbekistondagi boshqa klubga almashtirmoqchi emas! Unga xorijdan takliflar bor, legionerga aylanish niyatida
Bu yil “Andijon” tarkibiga nazar tashlasangiz, salohiyati yuqori iqtidor egalari talaygina. Ayniqsa, ko‘pchilikning e’tiboriga tushib ulgurgan Doniyor Abdumannopov haqida ko‘pchilikdan iliq fikrlarni eshitib kelyapmiz.
Hatto, bu borada o‘zimizdan ham bir qator Superliga klublarining ustozlari qiziqib so‘ragan. Uning tezkorligi, yaxshi driblingga egaligi, hujumlarni uyushtirishda faolligi muxlislarga yoqadi. Shu bois, iloji boricha uning iqtidoridan maksimal darajada foydalanib qolish lozim.
Shunisi aniqki, Abdumannopovni oldinda katta maqsadlar kutmoqda. Mavsum boshida uning klubda qolishi biroz jumboq bo‘lib turgandi. Yakunda futbolchi klubda qolishga qaror qildi. Uning o‘zi ham andijonlik bo‘lgani sababli boshqa jamoaga ketgisi kelmadi, chog‘i.
“Hujumlarni yaxshi yakunlay olsak, hammasi joyiga tushadi”
Hozirgi paytda u klubda muhim o‘yinchilardan biriga aylandi. Lekin “Andijon” mavsumni ko‘ngildagidek boshlay olmadi. Bunga nima sabab? Abdumannopov dastlab shu haqida o‘z fikrini bildirdi.
- O‘yinimizni topishda biroz qiyinchiliklar bo‘layotganini tan olishimiz kerak. Ammo shuni ham aytishim kerakki, bunday holat mavsum boshlarida har bir jamoada ro‘y beradi. Faqat “Andijon”da bu biroz cho‘zilib ketdi. Mening fikrimcha, hujumlarni yaxshi yakunlay olsak, hammasi joyida bo‘ladi.

“Andijon” ligada jon saqlab qolish uchun kurashmaydi”
E’tibor bergan bo‘lsangiz, rahbariyat tomonidan jamoaga barcha sharoitlar yaratilyapti. Katta-katta va’dalar berilyapti, albatta vazifa bajarilsa! Lekin mag‘lubiyatlardan so‘ng, ishqibozlar orasida xavotirga tushib qolganlari ham talaygina. Superligada qolsa ham katta gap, degan fikrlarni bildirayotganlar ko‘payib boryapti. Bu masalada Doniyorning munosabati qanday?
- Ha, rahbariyat tomonidan aniq va jiddiy va’dalar berilgani rost. To‘g‘ri, chempionatni o‘zimiz istagandek boshlay olmagandirmiz, lekin “Andijon” ligada jon saqlab qolish uchun kurashmaydi. Xudo xohlasa, o‘yinimizni yaxshilab boryapmiz. Shunga yarasha natija ham albatta ijobiy tarafga o‘zgaradi.

“Futbolda o‘z imzoim bo‘lishi uchun 33-raqamni tanlaganman”
Shuningdek, andijonlik ushbu qanot yarim himoyachisi doimiy ravishda 33-raqam ostida to‘p surib keladi. Qiziq, buning qanday siri yoki mohiyati bor? Shu xususida uning o‘zidan qiziqib so‘raganimizda, o‘ziga xos javob qaytardi.
- 33-raqamni tanlashimdan maqsad futbolda o‘z imzomga ega bo‘lishni xohlayman. Shuning uchun bu raqamni tanladim. To‘g‘risi, 33-raqam ostida esda qolarli mashhur futbolchi yo‘q. Balki Xudo qodir qilsa, ana shu men bo‘larman!

“Andijon”da qolganim o‘zim uchun ham foydali edi”
Yuqorida to‘xtalib o‘tganimizdek, Abdumannopovga mavsum avvalida takliflar etarlicha edi. Uning “Andijon”dan ketishi haqida ham gap-so‘zlar chiqqani rost. Albatta, yakunda futbolchining jamoada qolgani ishqibozlarni xursand qildi. Yarim himoyachi klubda qolishiga nima sabab bo‘lganini aytdi.
- “Andijon” jamoasida qolishimga, avvalo, ustozim – Otabek G‘ulomxo‘jaev sabab bo‘lgan. Bundan tashqari, shu erda to‘p surib, o‘yinimni kuchaytirib olishim kerak, deb o‘ylayman. Boshqa klubga ketsam, mening u erdagilar bilan tushunib ketishim va muhitiga ko‘nikib olishim uchun ham vaqt talab qilinardi. Yaxshisi, “Andijon”da qolganim o‘zim uchun ham foydali edi.

“Chetdan yaxshiroq taklif bo‘lsa, ketishga harakat qilaman”
Yana bir gap: Doniyor Abdumannopovga chetdan takliflar bo‘layotgani xususida ham eshitib turibmiz. Katta ehtimol bilan u keyinchalik faoliyatini legioner sifatida davom ettirsa ajab emas. Qolaversa, Doniyor qaysidir agentlik kompaniyasi bilan shartnoma tuzdimi? Aynan qaysi mamlakatlardan unga qiziqishlar bor? Futbolchi shular haqida ham gapirdi.
- Mening maqsadim kuchli chempionatda to‘p surish. Ha, oldimda xorij jamoalaridan takliflar bor. Ammo men hali bir to‘xtamga kelganim yo‘q. Qachonki, bu haqida qaror qabul qilsam, shunda ma’lum qilaman. Hozir bir narsa deyishim qiyin. Imkon qadar chetdan yaxshiroq taklif bo‘lsa, ketishga harakat qilaman. “Andijon” jamoasini O‘zbekistondagi boshqa klubga almashtirmasam kerak. Agentlik bilan hali shartnoma imzolaganimcha yo‘q. Gapning ochig‘i, agentlar bilan muzokara o‘tkazib, keyin bir to‘xtamga kelamiz. Hozirda faqat oilam bilan maslahat qilib, o‘zim qaror qabul qilaman.



Fikrlar