"Andijon"ning qishki rejalari qanday?

  • 13.01.2020 21:56
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

«Andijon» jamoasi Yangierdagi qishki yig‘inini davom ettirmoqda. Doimgidek muxlislarni klubda yuz berayotgan o‘zgarishlar qiziqtirishi aniq. Bu borada gap ketar ekan, darhaqiqat «Andijon» tarkibida ham asta-sekin o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Bosh murabbiy Aleksandr Xomyakov tarkibni imkon qadar kuchaytirish zarurligini yaxshi tushunib turibdi. Chunki Superligada munosib ishtirok etish uchun tarkib ham shunga yarasha bo‘lishi kerak.

Hozirda bir qator futbolchilar bilan muzokaralar olib borilyapti. Tarkibga esa ayrim yangi o‘yinchilar ham qo‘shilishgan. Oldin xabar berib o‘tganimizdek, ularning orasida moldaviyalik hujumchi Artyom Litvyakov ham bor. 1996 yili tug‘ilgan 24 yoshli futbolchi o‘tgan mavsumni Moldaviyaning «A» divizioni ishtirokchisi «Tigina» klubi safida o‘tkazgan. Taqqoslash uchun aytishimiz mumkinki, Moldaviya «A» divizioni bizning pro-ligamiz kabidir. Litvyakov esa klubi bilan chempionatda 4-o‘rinni egalladi va 30 ta gol urib to‘purargan aylandi. Hozirda ushbu hujumchi ko‘rikda bo‘lib turibdi. Bundan tashqari, yana boshqa legionerlarning ham «Andijon» safiga qo‘shilishi kutilmoqda. Bungacha jamoa tarkibiga tojikistonlik Oybek Abdug‘afforov qo‘shilganligini eslatib o‘tish joiz. Shuningdek, o‘zimizning boshqa jamoalardan ham o‘yinchilar jalb etilgan. Masalan, Farg‘onaning «Istiqlol» jamoasidan Rustam Abdulhamidov ko‘rikdan o‘tmoqda. «So‘g‘diyona»dan esa yarim himoyachilar – Siroj Meliev, Izzat Abdullaev va Muhammad Yo‘ldoshev ham taklif etilgan.

Yangierdagi yig‘in chog‘ida andijonliklar dastlabki nazorat uchrashuvini ham o‘tkazishdi. Pro-liga vakili «Sherdor»ga qarshi bo‘lib o‘tgan o‘yinda «Andijon» 4:0 hisobida g‘alaba qozondi.

Tarkib bilan tanishing: Arslon Ahrorov, Usmonali Ismonaliev, Rustam Abdulhamidov,  Oybek Abdug‘afforov, Farhod Mirahmatov, Artur Mamatkazin, Doniyor Ismoilov, Muhammadaziz Ibrohimov, Valilillo Toshxo‘jaev,  Farhod Bekmurodov, Artyom Litvyakov.

Zaxiradan maydonga tushganlar: Doniyor Abdumannopov, Robbimjon Hasanov, Siroj Meliev, Muhammad Yo‘ldoshev, Mirzohid Mamatxonov, Xushnud Avilov, Sardor Azimov, Asilbek Azizov, Qahramon Bahodirov, Davron Isoqov, Baxtiyor Qosimov, Abdulloh Olimov, Dilmurod Abduqahhorov.

Moldaviyalik legioner Artyom Litvyakov hamda zaxiradan maydonga tushgan Abdulloh Olimov ikkitadan gol urishdi. Hozirda murabbiylarni darvozabon masalasi ham o‘ylantirmoqda. Chunki o‘tgan yilgi posbonlar – Vitaliy Mirniy, Ruslan Matniyozov va Akmal Ortiqov jamoa bilan xayrlashishgan. Ayni paytda «Lokomotiv»dan yosh posbon Arslon Ahrorov sinovdan o‘tkazilmoqda. Murabbiylar esa klubga yangi darvozabon ham taklif etish borasida izlanishlar olib borishmoqda. «Andijon»ning o‘tgan mavsumdagi sardori Bobur Akbarov «Qo‘qon-1912» mashg‘ulotlariga qo‘shilgan. Ko‘rib turganingizdek, deyarli barcha chiziqlar uchun yangi ijrochilar kerak bo‘lmoqda. «Andijon» navbatdagi o‘rtoqlik uchrashuvini 15 yanvar kuni Tojikiston klublaridan biriga qarshi o‘tkazishi ham ko‘zda tutilgan. Shundan so‘ng 18 yanvarda Toshkentda «Qo‘qon-1912»ga qarshi maydonga tushishi ham rejalashtirilgan. Keyin jamoa a’zolariga ikki kunlik dam beriladi. So‘ngra futbolchilar poytaxtda tibbiy ko‘rikdan o‘tadilar. Reja bo‘yicha 25 yanvarda Farg‘onadagi «Hokim Kubogi»da qatnashishi ham ko‘zda tutilgan.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!