"Andijon"ning yangi "topilmasi"

  • 16.08.2019 20:58
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 3
  • Futbol
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

Mavsumni ko‘ngildagidek boshlay olmagan «Andijon» jamoasi birinchi davrada ko‘p ochkolarni yo‘qotdi. Lekin ikkinchi davrani ular katta ishtiyoq bilan boshlaganliklari ko‘rinib turibdi. Ayniqsa, rossiyalik Aleksandr Xomyakov bosh murabbiy bo‘lib kelganidan keyin jamoa o‘yinida o‘zgarishlar asta-sekin ko‘zga tashlanib bormoqda. Natijada ular ikkinchi davraning dastlabki uchta turida etti ochkoni qo‘lga kiritishdi. Bu esa chindan ham «Andijon»ning o‘yini ijobiy tomonga o‘zgarganini ko‘rsatib turibdi.

Masalan, 16-turda Bekobodda «Metallurg» ustidan g‘alaba qozonishini ham ko‘pchilik kutmagandi. Lekin andijonliklar buning uddasidan chiqishdi. Shuni aytish kerakki, ushbu mavsumda iqtidorli hujumchi Shahzod Ubaydullaev o‘zidan yaxshi taassurot qoldiryapti. U «Metallurg»ga qarshi kechgan bahsda jamoasining dastlabki goliga mualliflik qildi. Umuman olganda, ushbu o‘yinchi hozirgacha chempionatda beshta gol urdi, Kubok bahslarida esa uchta golning muallifiga aylandi. Namanganlik futbolchi 2016 yili «Mash’al» a’zosiga aylangandi. 2017 yilda esa birinchi ligada to‘purar bo‘ldi. Bu yil esa «Andijon» sharafini himoya qilmoqda. Shuni alohida aytish kerakki, Ubaydullaev ilk bor Superligada to‘p surmoqda. To‘purarlik salohiyatini ko‘rsatayotgan hujumchini bemalol andijonliklarning yangi «topilmasi» sifatida baholashimiz mumkin. Futbolchi bilan muloqotimizda avvalo «Metallurg»ga qarshi o‘yin haqidagi taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.

- Biz Bekoboddagi uchrashuvda maydonga yaxshi kayfiyatda tushgandik. O‘sha kuni yutmasak bo‘lmasdi. Buning uchun bosh murabbiy Aleksandr Xomyakov futbolchilarni o‘yinga har tomonlama puxta tayyorlay olgandi. U o‘yinchilarga yaxshi dalda bera oldi va ruhlantirish uchun kerakli so‘zlarni ishlatdi. O‘z navbatida jamoa a’zolari ham «Andijon» va uning muxlislari uchun o‘ynadi. Qisqasi, biz «Metallurg» bilan bahsga ruhan tayyor edik. Bundan oldin AGMKga qarshi o‘yinda ham g‘alaba qozonishimizga juda yaqin kelgandik. Ammo 0:2 hisobida oldinda borayotib yakunda o‘yin 2:2 bilan tugagandi. Shuning uchun «Metallurg»ga qarshi bahsga biz yanada jiddiy tayyorgarlik ko‘rdik, - deydi hujumchi.

Yuqorida aytganimizdek, «Andijon» ikkinchi davrani yaxshi boshladi va hozirgacha chempionatda ikkita g‘alaba bilan bitta durangni o‘z hisobiga yozib qo‘ydi. E’tiborlisi, ular har bir turda ikkitadan gol urmoqda. Bu esa «Andijon»ning hujumkor o‘yin ko‘rsatayotganini ko‘rsatib turibdi. Bu haqida Shahzod shunday javob qaytardi.

- Ikkinchi davrada jamoamizga yangi o‘yinchilar kelishdi. Masalan, Sardor Azimovni aytishim mumkin. U bizning hujum chizig‘imizni kuchaytira oldi. Bundan tashqari, hujum chizig‘ida o‘ynaydigan yana bir futbolchi Davron Isoqov olib kelindi. U ham jamoamizga yordam beryapti. «Metallurg»ga qarshi uchrashuvda zaxiradan maydonga tushib gol urdi. Yigitlar ham ikkinchi davraga boshqacha tarzda tayyorlanishdi. Aleksandr Andreevich ham doim futbolchilarga yaxshi dalda bera oladi. Uni kuchli ruhshunos deb aytgan bo‘lardim. U yozda jamoani jismoniy tomondan yanada yaxshiroq tayyorlay oldi. Bilsangiz, birinchi davrada jamoamiz charchab qolayotgandi va o‘yinning oxirigacha kuchi etmay qolayotgandi. Endi bo‘lsa, barcha futbolchilarning 90 daqiqadan bemalol o‘ynashga kuchlari etyapti. U futbolchilarni ikkinchi davraga har taraflama yaxshi tayyorlay oldi.

shaxzod

Superligada birinchi marta to‘p surayotganiga qaramay, Ubaydullaev o‘zining sermahsulligini ko‘rsatayotgani ham e’tiborga molik. Shu bilan birga u «Andijon»ning asosiy tarkibidan joy olib, o‘zini ko‘rsatishda davom etyapti.

- Bilasizmi, «Andijon»ga kelganimdan keyin o‘zim uchun Superligada o‘ynash osonroq deb bildim, - deya gapini davom ettirdi, Ubaydullaev. - Pro-ligada esa asosan yugur-yugur va buning uchun siz jismonan ancha baquvvat bo‘lishingiz kerak. Superligada esa hammasi boshqacha. Pozitsion va texnik-taktikaga asoslangan o‘yin ko‘rsatishadi. Bu esa men uchun ham ancha qulay ko‘rinyapti. «Andijon» tarkibida birinchi marta chempionatning ilk turida safarda «Qiziqlum»ga qarshi o‘ynagandim. O‘shanda maydonga tushayotganimda o‘zimga nisbatan ishonchni his qilgandim. Shuning uchun gollar urib jamoamga yordam bera olishimga ishongandim. Boshida zaxiradan maydonga tushdim va keyinchalik asta-sekinlik bilan asosiy tarkibga kirib bordim. Ha, Superligada birinchi marta o‘ynayapman va bu men uchun debyut mavsumim hisoblanadi. O‘sha «Qizilqum»ga qarshi uchrashuvdan keyin ham aytgandim, o‘zimda hech qanday qo‘rquvni his qilmayapman.

Ushbu futbolchi ikki yil oldin birinchi ligada to‘purar ham bo‘lgandi. Keyin esa u «Mash’al»ning asosiy jamoasiga qabul qilindi. Futbolchi o‘sha paytlardagi vaziyatlarni ham esladi.

- Ha, 2017 yili «Mash’al» tarkibida birinchi liga to‘purari bo‘lgandim. O‘shanda menga oliy ligadan takliflar bo‘lgandi. Etakchi jamoalar menga qiziqish bildirishgandi. Lekin o‘shanda «Mash’al» rahbarlari bilan kelisha olishmagandi. Shundan so‘ng yana klubda qoldim va so‘ng Aleksandr Xomyakov boshchiligida biz tayyor edik. Superligaga mos jamoani tuzgandi. Balki boshida murabbiyning taktikasiga moslashishimda biroz qiyinchilik sezgan bo‘lishim mumkin. Lekin mana bu yil yana ushbu murabbiy bilan ishlash nasib qildi. Endi bemalol uning uslublarini o‘zlashtira olyapman.

Xomyakovning «Andijon»da ish boshlagani ham unga ijobiy ta’sir ko‘rsatgani ko‘rinib turibdi. Chunki Shahzod murabbiy kelganidan so‘ng kiritayotgan gollari soni ortib bormoqda.

- Xomyakovning kelgani menga boshqacha ta’sir qilgani rost. U qanday vaziyatda nima yo‘l tutishni biladi. Shuningdek, futbolchilarni o‘yinga tayyorlashga ham usta. Nasib qilsa, bu mavsumda kamida 10 ta gol urishni maqsad qilganman, - deydi «Andijon» hujumchisi.

Endi navbatdagi turda muxlislarni vodiy derbisi doirasida «Andijon» - «Navbahor» o‘rtasidagi o‘ta muhim o‘yin kutib turibdi. Namanganlik futbolchi esa mazkur bahs oldidan shunday dedi:

- Andijonda muxlislar futbolni haddan ortiq sevishadi. Ularning qo‘llab-quvvatlashi ham bizga katta kuch beryapti. Biz ham bundan ruhlagan holda o‘ynayapmiz. Har qanday futbolchiga bunday yuqori muhitda o‘ynash juda yoqadi. Oldimizda esa «Navbahor»ga qarshi vodiy derbisi uchrashuvi turibdi. Biz ushbu bahsga qattiq tayyorgarlik ko‘ryapmiz. O‘sha o‘yinda ham g‘alabamiz bilan muxlislarimizni xursand qilmoqchimiz.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Behzod Aliev
17/08/2019 07:56
Андижон биз сен билан
ELECTRIC LIGHTER
16/08/2019 23:50
maladdddes
&
Стас Михайлов
16/08/2019 21:09
Шахзод давай Андижон сен билан