Anvar Berdiev: "A" litsenziyasi bilan pro ligada ishlashga ruxsat berishmagan"

  • 23 may, 2024, 00:15
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Pro liganing 9-turi boshlandi. Undagi ilk to‘qnashuvda “Sho‘rtan” o‘z maydonida “Xorazm”ni 1:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. O‘yindan keyin "Sho‘rtan" bosh murabbiyi Anvar Berdiev bir qator savollarga javob berdi.

Tecno

- Bu g‘alabani G‘uzor ahlining ashaddiy muxlislariga bag‘ishlaymiz. Futbolchilarimga katta rahmat. Hammasi o‘ziga berilgan ishonchni oqlashdi.

- “Sho‘rtan” o‘z maydonidagi uchrashuvlarga yaxshi tayyorgarlik bilan chiqyapti. Safarda esa o‘z o‘yinini yo‘qotib qo‘yyapti. Bunga sabab nima?

- Safardagi o‘yinlar uchun bunday demagan bo‘lardim. Chunki bundan oldin “Buxoro” jamoasiga qarshi o‘yinda ham futbolchilarimiz yaxshi harakat qilishdi. Lekin ko‘rdinglar, futbolda omad degan narsa ham bor. Futbolchilarimiz o‘z darvozamizga gol urib qo‘yishdi. O‘yinchilarimiz mehmonda ham yaxshi harakat qilishyapti. Faqat qandaydir omad etishmayapti. Bundan keyin ham mehmondagi bahslarga yaxshi tayyorlanib g‘alaba qozonishga intilamiz.

- Bugungi o‘yindagi yagona golga darvozabon assist bo‘ldi. Shu gol haqida fikringiz.

- Bu uchrashuvdan oldingi rejamiz edi. Bizga hujum bo‘lsa, darvozabonimiz to‘pni egallab darhol oldingiz chiziqdagi Xolto‘raevga to‘pni uzatadi. Bu mashg‘ulotlarda ishlangan rejamiz. Aynan shu rejamiz ish berganidan xursandman. Yana shuni ham alohida ta’kidlashim kerakki, darvozabonimiz birinchi bo‘limdan keyin og‘riqli holatda edi. Ikkinchi bo‘limga qiynalib chiqdi. Biz uni majburlab chiqardik, desak ham bo‘ladi. Uchinchi posbonimiz 19 yoshli bola. Darvozabonimizga ham rahmat, qo‘lidan kelganicha harakat qilib, g‘alabamizga munosib ulush qo‘shdi.

-.Unda qanday jarohat bor edi?

- O‘yin jarayonida raqib bilan to‘qnashib ketdi. Ikkinchi bo‘limda to‘pni oldinga tepa olmay ham qoldi. U haqida yana o‘zimizni shifokorlar bilan gaplashamiz. Bu uchrashuvni unutib, keyingi bellashuvlarga tayyorgarlikni boshlaymiz.  

- Mahmud Jo‘raboev maydonga tushgandan keyin hujumda o‘zgarish bo‘ldimi?

- Jo‘raboevga bunday uchrashuvlarda hamma vaqt o‘yinga qo‘shilib ketishi oson emas. U ham qo‘lidan kelganicha harakat qildi. G‘alaba bo‘lganidan keyin har bir futbolchimni o‘yinidan qoniqdim, desam bo‘ladi.

- Mavsum boshidan beri o‘yin qaydnomalarida yordamchi murabbiy sifatida qayd etilasiz. Uchrashuv chog‘ida esa bosh murabbiy rolida namoyon bo‘lasiz. Zoir To‘raqulov esa deyarli ko‘rinmaydi. Bu holat haqida nima deya olasiz?

- To‘g‘risini aytaman, hali “Pro” litsenziyaga o‘qiganim yo‘q. “A” litsenziya bilan pro ligada ishlashga ruxsat berishmagan. Zoir akani “Pro” litsenziyasi bor. Xudoga shukr, Zoir aka bizga kelib qo‘lidan kelganicha maslahatlarini beryapti. Hammamiz hamjihatlikda ishlayapmiz. Avvalo, “Sho‘rtan”ni natijalarini yaxshilashimiz kerak. Qolgani ikkinchi darajali, deb o‘ylayman.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!