Anvar Berdiev: "Legionerlarga extiyojim yo‘q"

  • 16 iyul, 2024, 00:10
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
TIGGO 2 PRO

Pro liga klublari ham astoydil yozgi yig‘inni olib bormoqdalar. Jumladan, G‘uzorning “Sho‘rtan” jamoasi ham mavsumning ikkinchi qismiga tayyorgarlikni olib bormoqda.

Bosh murabbiy Anvar Berdiev oldida ma’suliyatli vazifa turibdi va u shunga monand jiddiy ravishda o‘z ishini olib bormoqda. Sports.uz saytiga esa Berdiev jamoasining tayyorgarligi va rejasi xususida intervyu berdi.

- “Sho‘rtan”ning yozgi yig‘ini qanday reja asosida olib borilyapti?

- “Qo‘qon-1912”ga qarshi o‘yindan keyin yigitlar ta’tilga chiqishgandi. 10 iyuldan o‘z qarorgohimizda yig‘ildik. To‘rt davrali sistemada dastlabki ikki davra yakuniga etganidan keyin yana o‘z qarorgohimizda shug‘ullanishni boshlaganmiz. Mashg‘ulotlarimizni kuniga ikki mahaldan olib boryapmiz. Tayyorgarlik jarayonida 4 ta nazorat o‘yinini gaplashib qo‘yganmiz. Ilk uchrashuvimizni birinchi liga vakili “Qumqo‘rg‘on”ga qarshi o‘tkazdik. Keyingisini 18 iyul kuni “Nasaf” U21 ga qarshi o‘tkazamiz. 24 iyulda “Nasaf”ning asosiy tarkibi bilan o‘ynaymiz. 28-sanada esa birinchi liganing yana bir jamoasi – “Qiziriq”ga qarshi maydonga tushamiz. Jamoamizda ko‘p yangilik bo‘lmaydi. Ayrim o‘yinchilar safimizda ko‘rikda bo‘lib turishibdi. Agar ular bilan shartnoma imzolaydigan bo‘lsak, e’lon qilamiz. Birinchi va ikkinchi davrada o‘ynagan futbolchilarni barchasi “Sho‘rtan”da qolishdi. Birgina Abdug‘ani Kamolov jamoamizni tark etishni istab, men bilan gaplashdi. O‘zini boshqa klubda sinab ko‘rmoqchiligini aytdi. Biz unga qarshilik qilmadik. Har doim aytganman: futbolchini jamoada o‘ynagisi kelmasa u bilan ishlashni foydasi yo‘q. Ikkalamiz uchun to‘g‘ri yo‘l tanlandi, deb o‘ylayman. U19 jamoasidan besh nafar yosh futbolchini yig‘inlarga taklif qilganmiz.

- Shogirdlaringizga Superliga klublaridan chorlovlar bo‘lyaptimi?

- Takliflar bo‘ldi. Futbolchilarimiz bilan gaplashib oldik. Ularga alohida minnatdorchilik bildiraman. Chunki “Sho‘rtan” bilan shartnomamiz bor va oxirigacha siz bilan birga ishlaymiz deb meni xursand qildilar. Hozirda imkoniyatimiz yomon emas. Lekin oldindan katta gapirishni yoqtirmayman. Har bir o‘yinda faqat g‘alaba uchun maydonga tushamiz. Yil yakunida kim qaerda bo‘lishini ko‘ramiz. Oldindan hech nimani va’da bermaymiz. Ammo biz har bir bahsda astoydil kurashamiz. Muxlislarimiz biz uchun 12-o‘yinchi sifatida katta dalda bo‘lishyapti. Buning uchun ulardan minnatdormiz. Shuningdek, jamoamiz rahbariyatiga, Shamil aka Yarulinga, Nurali Sultonovga katta rahmat. Ular barcha sharoitlarni yaratib berishyapti. Tayyorgarlik ko‘rish jarayonida bizda hech qanaqa kamchilik yo‘q. Qo‘ldan kelganicha maydonga chiqib, ularning ham ishonchini oqlashga harakat qilamiz.

- Sir bo‘lmasa qaysi futbolchilaringizga Superliga klublari qiziqishdi?

- Buni aytsam to‘g‘ri bo‘lmaydi. Hammasi bilan alohida gaplashib olganmiz. 3-4 nafariga takliflar bo‘ldi. Yoqqan tomoni, ular menga jamoada qolishga va yordam berishga va’da berishdi.

- Birinchi davradan har tomonlama qoniqdingizmi?

- Baribir jamoa o‘ziga kelib olishi uchun ozgina qiynaldi. Ikkinchi davrada biroz o‘zimizga keldik. Aniq ayta olamanki, futbolchilarimiz bundan ham ko‘piga loyiqlar. Mavsumning ikkinchi qismida ham bo‘shashish yo‘q. Qaysidir joylarda muhim ochkolarni boy berdik. Ammo bitta narsa quvontiryaptiki, hali ham imkoniyatimiz bor. Mavsum oxirigacha kurashamiz. Qolgani Xudodan.

- Bir qator klublar tarkibini legionerlar bilan kuchaytirishyapti. Sizga legionerlar kerakmi-yo‘qmi?

- Yaxshi savol berdingiz. Asosiy e’tiborimni o‘zimizni o‘zbekistonlik futbolchilarga qaratganman. Chunki yaxshi legionerni pro ligada topish qiyin. Mendan xafa bo‘lishmasinu, hatto Superligada ham sanoqlilari o‘z klublariga yordam berishyapti. Men undan ko‘ra mahalliy o‘yinchilarimizga e’tibor qarataman. Legionerlarga extiyojim yo‘q.

Shuhratbek Jo‘raev.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Davlatbek Alibekov
16/07/2024 08:04
Яшанг Анварбек ишларизга АЛЛОХ, мадад берсин