
Anvar Berdiev: "O‘yin bitta golgacha bo‘ldi"
Superliganing 6-turidan o‘rin olgan “Sho‘rtan” – “Mash’al” (0:1) uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanida g‘uzorliklar bosh murabbiyi Anvar Berdiev savollarga javob qaytardi.
- O‘yin haqida nima deyish mumkin? O‘yin bitta golgacha bo‘ldi. Ikkala jamoa ham bir-biriga teng edi. “Mash’al” o‘z vaziyatidan foydalanib ketdi. Futbolchilarim esa imkoniyatdan foydalana olishmadi. “Mash’al” jamoasini g‘alaba bilan tabriklayman.
- Bitta uchrashuvda 4 sariq va 1 ta qizil kartochka ko‘rsatildi. Jamoada tartib-intizom borasida muammolar bormi?
- Tartib-intizom bo‘yicha hech qanaqa muammo yo‘q. Qizil kartochka bo‘lgan vaziyatda hujumchi ehtirosga berildi va bunday o‘ynamasligi kerak edi. Xohlaymizmi-yo‘qmi, hujumchida darvozaga zarba yo‘llash ishtiyoqi kuchliroq bo‘ladi. Balki o‘sha vaziyatda hujumchimiz o‘zini tuta olmay qoldi, deb o‘ylayman.
- Sirojiddin Qo‘ziev tarkibda ko‘rinmadi...
- Ko‘rgan bo‘lsanglar, Qo‘ziev “Navbahor” bilan uchrashuvda jarohat olgach, o‘yinni oxirigacha etkaza olmagandi. Bundan tashqari, eng yaxshi o‘yinchilarimizdan biri Shaxzod Ne’matjonov ham bizga yordam bera olmayapti. Albatta, ularning o‘rni bilindi.
Fikrlar