
Asror Aliqulov "Buxoro" ustidan qozonilgan g‘alabadan so‘ng: "Kuchayishimiz shart, selektsiyadan ko‘nglim to‘lgani yo‘q"
Superliganing 8-turi “Mash’al” uchun omadli kechdi. Boisi, muborakliklar “Buxoro” mezbonligidagi o‘yinda 1:2 hisobida muhim g‘alabani qo‘lga kiritdi. G‘alaba goli esa 90-daqiqada kiritildi. Natijada “Mash’al” uchinchi g‘alabasiga erishdi. Uchrashuvdan so‘ng jamoa bosh murabbiyi Asror Aliqulov bir qator savollarga javob berdi.
- “Buxoro” himoyaga urg‘u berib, qarshi hujumlarga va standartga e’tibor qaratadi. Biz shunga tayyorgarlik ko‘rgandik. Shu vaqtgacha o‘ynagan o‘yinlarida shunday uslubda, standart holatlarda xavf tug‘dirgan. Birinchi bo‘limda ko‘p xatolarga yo‘l qo‘ydik, to‘pni nazorat qilishga harakat qildik. Ikkinchi bo‘limda “Buxoro” o‘yinchilarida charchoq sezildi va bo‘sh zonalar paydo bo‘ldi. Hujumlarimizni soni oshdi, vaziyatlar yarata boshladik. G‘alabaga hissa qo‘shgan futbolchilarni va ularni tayyorlashga hissa qo‘shgan har bir insonlarni tabriklayman. Uzoq yo‘l bosib kelgan muxlislarimizga ham rahmat. G‘alabani ularga bag‘ishlaymiz.
- Birinchi bo‘limda xaddan tashqari zerikarli futbol ko‘rdik. Bunga sabab nima? Taktika shunaqa bo‘lganmi? Nafaqat “Mash’al”, balki “Buxoro”da ham shunday. Passiv futbol bo‘ldi. Ikkinchi bo‘limda o‘yin ochilib ketdi.
- Bunday passiv futbol ko‘rsatmoqchi emasdik. Birinchi navbatda “Buxoro” himoyaga urg‘u berdi. Biz to‘p bilan sekin ishladik. Hujumga qo‘shilishda himoyachilarimizda o‘zlariga ishonch yo‘q edi. Ko‘p xatolikka yo‘l qo‘yishdi. Kecha yo‘l bosib keldik va yo‘lni charchog‘i ham sezildi. Ikkinchi bo‘limda havo salqinligi va harakatlanib ancha engillashgandi. Shu bois tanaffusdan keyin o‘yinga tezkorlik qo‘sha oldik. Zaxiradan Islom Baratov maydonga tushib, o‘yinga yaxshi qo‘shildi. Ikkinchi bo‘limda “Buxoro” yana taktikasini o‘zgartirmadi. Qarshi hujumda o‘ynadi. Bo‘shliq zonalar bo‘lganidan keyin biz yaxshiroq ko‘rindik va faolroq o‘ynashga harakat qildik. Qiyin o‘tgan uchrashuvda g‘alaba qozondik.
- Bugun darvozabon Umid Hamroev o‘ynadi. Oldingi o‘yinlarda boshqasiga ishonch bildirilgandi. Darvozabonni tanlashda qanday mezonlarga amal qilasiz? Yoki xato qilishi bilan almashtirasizmi?
- Mashg‘ulot jarayoni. Umid bir nechta uchrashuvdan beri asosiy tarkibdan joy olib yaxshi o‘yin ko‘rsatyapti. Chempionat boshida Doston To‘xtaboevga imkoniyat berdik. Yaxshi o‘yinlari ham bo‘ldi. Qaerdadir sustkashlikka yo‘l qo‘ydi. Ikkalasi ham asosiy darvozabonimiz. O‘yinga yaqin va o‘yin uslubimizdan kelib chiqib, darvozabonlar murabbiyi bilan maslahatlashgan holatda uchrashuvga tushiramiz.
- Jamoa gohida ishonchli o‘ynayapti va mana shunday holatda “So‘g‘diyona”ni mag‘lub etdi. Gohida ishonchsiz o‘ynayapti. Mavsumlar oralig‘ida tarkib sezilarli darajada kuchayishi mumkinmi? Yo tarkib o‘zagi saqlangan holatda chempionat oxirigacha etib borishni o‘ylayapsizmi?
- Kuchayishimiz shart. Chunki selektsiyadan ko‘nglimiz to‘lgani yo‘q. Aytish mumkinki, yangi futbolchini qaerdan olamiz? Masalan, bugun ikkinchi bo‘limdagi o‘yinni birinchi bo‘limda ham ko‘rsatsa bo‘ladiku. Futbolchilarga o‘ziga ishonch etishmayapti. Ko‘plari pro ligada debyut qilishgan. Ayrimlari Superliganing boshqa klublarida o‘yin amaliyotisiz qolib ketishgan.
- Jismoniy holatda kamchiliklar ko‘zga tashlanyapti. Mavsum boshi bo‘lganida tushunishimiz mumkin edi, ammo hozir o‘rtasi. Nega hali ham shu muammo mavjud?
- Jismoniy holat deganda siz nimani tushunasiz? Yugurish yoki...
- Faqat yugurish nazarda tutilmaydi...
- Umumiy jismoniy holatda yutqazdik, deya olmayman. Harakat bor edi. Faqat tezlikda yutqazdik. Buni tan olaman. “Buxoro” futbolchilari tezkorroq. Kurashlarda ular ko‘proq g‘alaba qozonishyapti. Ammo bu futbolchilarni umumiy jismoniy tayyorgarligidan emas. Ko‘proq o‘yinchilarni individual imkoniyatlari. O‘yinchilarimiz 90 daqiqa o‘ynashdi. Qandaydir o‘yin cho‘zishlar bo‘lmadi. Atletizm bo‘yicha “Buxoro” bizdan ustun, buni tan olaman.
Fikrlar