Asror Aliqulov: "Yo‘qotishlarimizni hisobga olsak, durang kerakli natija"

  • 20 iyun, 2024, 08:58
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Pro liganing 13-turida “Xorazm” – “Mash’al” to‘qnashuvida hisob ochilmadi. Uchrashuvdan so‘ng mehmonlar bosh murabbiyi Asror Aliqulov o‘z fikrlarini bildirdi.

“Birinchi navbatda kurashga boy o‘yin bo‘ldi. Jismoniy holat va xarakter asosiy o‘ringa chiqdi. “Xorazm” ham, bizning futbolchilar ham to‘xtashgani yo‘q. Havoning issiqligi o‘yin tempiga ta’sir ko‘rsatdi, desam to‘g‘ri bo‘ladi. Oxirgi soniyalargacha o‘yin taqdiri futbolchilarni ham, murabbiylarni ham asabiy holatda ushlab turdi. Qaysidir ma’noda durang - yo‘qotishlarimizni hisobga olsak, bizga kerakli natija, deyish mumkin.

Biz yotib olib uzun paslar bilan o‘ynamoqchi emasmiz. Faqat bugun maydonning holati ham ta’sir qildi. Qisqa paslar bilan o‘ynashga harakat qilamiz. Lekin bugun qisqa paslar uchun maydonning holati to‘g‘ri kelmasdi. Futbolchilarimizda bir qator bog‘lamlar uzilib qoldi. Ko‘proq hujum qilishni o‘yladik. Ammo raqib majburlasa chuqur himoyalanish ham mumkin.

Pro ligada oldingiga nisbatan bu yil jamoalar ancha kuchaytirdi desak bo‘ladi. Chunki ko‘plab Superliga futbolchilari pro ligada ishtirok etishyapti. Superliganing ham saviyasi ancha ko‘tarildi. “Buxoro”, “Sho‘rtan”, “Qo‘qon-1912” kabi jamoalarda Superligada to‘p surgan ko‘plab o‘yinchilar bor. Pro ligada o‘tkinchi o‘yinlar yo‘q va ochko olish oson emas.

Sarvar Bekjanov “Xorazm” futbol maktabi tarbiyalanuvchisi. Keyinchalik “Mash’al” akademiyasi va U19 da o‘ynadi. Uni ikkita uchrashuvdan beri asosiy tarkibda maydonga tushiryapmiz. Bundan oldingi uchrashuvda yaxshiroq harakat qilgandi. Bugun ozroq yoshligi va kurashlarda kuchi etmasligi sezildi. Baribir o‘yinidan qoniqish hosil qildik. O‘z ustida ishlayapti. Umid qilamiz, yaxshi futbolchi bo‘lib etishadi.

Evropa chempionatida Germaniya terma jamoasining o‘yini juda yoqdi. O‘yinni nazorat qilish va muvozanat doim futbolchilarda bo‘lishi kerak. Germaniyada o‘yinni nazorat qilish, ko‘rgan uchrashuvlarimiz orasida eng yuqori darajada. Bu endi ikkinchi tur. Hali yana o‘yinlar tempi oshadi. Evropa chempionati qiziqarli o‘tyapti”, - dedi Aliqulov.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!