Asror G‘ofurov "Andijon"ga qanday kelib qoldi?

  • 4 aprel, 2019, 15:47
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Besh yil davomida Turkiya chempionatida to‘p surib ilk bor O‘zbekiston chempionatiga qaytgan Asror G‘ofurovni bilsangiz kerak. Yarim himoyachi ushbu mavsumdan boshlab «Andijon» jamoasi sharafini himoya qilmoqda. U o‘tkazilgan ikkita bellashuvda asosiy tarkibda ishtirok etdi. «Qo‘qon-1912»ga qarshi bellashuvdan so‘ng Turkiyadan qaytib kelgan o‘yinchi bilan suhbatda bo‘ldik.

Tecno

- Ilk bor vodiy derbisida ishtirok etdingiz. Taassurotlaringiz qanday?

- Taassurotlar yaxshi. O‘yin mana shunday qiyin bo‘lishini bilardik. Shunga qarab tayyorgarlik ko‘rdik. Biz uchrashuvdan oldin ham futbolchilar bilan o‘zaro gaplashganimizda og‘ir bo‘lishini, ammo so‘nggi daqiqagacha kurashishimizga kelishgandik. Baribir o‘yin davomida biz ustunroq bo‘ldik. Hakam esa urgan golimizni hisoblamadi. O‘sha paytda ofsayd yo‘q edi. Raqib darvozasi tomon penalti belgilamadi. Menimcha, o‘yinimiz bilan yomon taassurot qoldirmadik. Muhimi, muxlislarga yoqqan bo‘lsa bo‘ldi. Eshitishimcha, ishqibozlar o‘yin haqida yaxshi gaplarni aytishyapti. Chindan ham vodiy derbisi aytganlaricha bor ekan. Bundagi o‘yin, kurash va keskin yuqori darajada. Agar bu o‘yin Qo‘qon yoki Andijonda o‘tkazilganida stadion muxlislar bilan to‘lib-toshardi. Lekin bu safargi vodiy derbisi betaraf maydonda o‘tkazilgani uchun stadionni muxlislar bilan to‘ldi deya olmayman. Chunki men bungacha derbilarning o‘yinlarini va rasmlarini ko‘rganimda stadionlarda bo‘sh joylar bo‘lmasdi. Agarda bu o‘yinni «Sport» telekanalida to‘g‘ridan-to‘g‘ri olib berishganida boshqa muxlislar uchun ham yanada qiziqarli bo‘lardi. Lekin nimagadir televizorda to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatilmadi. Keyin o‘yindan so‘ng efirga berishadi deyishdi, ammo yana ko‘rsatishmadi. Ha, mayli, endi biz «Lokomotiv» bilan o‘yinga tayyorgarlik ko‘ryapmiz.

- Turkiya futbolida ko‘plab derbilarni ko‘rgansiz. Ular bilan o‘zimizdagi derbilarni solishtirib ko‘rdingizmi?

- U erda ham derbiga qiziqish katta. To‘g‘risi, Turkiyada fanatizm boshqacharoq. Turkiya futbol federatsiyasi esa ishqibozlarga ko‘plab huquqlarni bergan. Masalan, o‘yin paytida muxlislar olovli buyumlar yoki tutatadigan narsalardan foydalanishlari mumkin. Ammo katta erkinlik berilishi ham yaxshi emas. Chunki o‘yin paytida muxlislar tartibsizliklarni ham keltirib chiqarishlari mumkin. Baribir u erda derbilar boshqacharoq bo‘ladi. Lekin O‘zbekistonda ham muxlislarning jonkuyarligini ko‘rib qoyil qoldim. Farg‘onadagi derbida ikkala jamoaning ishqibozlari 90 daqiqa davomida tinim bilishmadi. Turkiyada basketbol, voleybol, kurash yoki boksga unchalik qiziqishmaydi. Hamma faqat futbol ko‘rishni xohlaydi. Baribir O‘zbekistondagi birinchi derbidagi o‘yindan qoniqdim. Bizni hali oldinda yana boshqa qiziqarli derbilar ham kutib turibdi.

- Turkiyada o‘ynab yurgan chog‘ingizda O‘zbekistondan hech kim xizmatlarimga qiziqmayapti degandingiz. Aytingchi, «Andijon» jamoasiga o‘tishingiz jarayoni qanday yuz berdi?

- To‘g‘risini aytsam, «Andijon»ga o‘tishim Shuhrat Rahmonqulov orqali hal bo‘ldi. Uni yaxshi bilsangiz kerak, Namangan futbolida katta rol o‘ynagan. Rahmonqulov mening birinchi ustozim bo‘ladi. Futbolga Shuhrat aka orqali kirib kelganman. U kishi bilan gaplashganimda O‘zbekistondan variantlar bor, o‘zimizga qaytib o‘ynab ko‘rgin, balki terma jamoada to‘p surishga imkoniyating bo‘lar, o‘zingni ko‘rsat deganidan keyin ustozimning gapini ikki qilishni istamadim. Ustoz baribir shogirdiga noto‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatmaydi. O‘zbekiston futbolida katta o‘zgarishlar bo‘layotganini, jamoalar hamda futbolchilarni qo‘llab-quvvatlayotgani haqida ko‘p aytdi. Vaqti kelib ona vatanimga qaytib to‘p surishimni xoxlardim va o‘sha kun etib keldi.

- Oldingizda «Andijon»dan boshqa taklif ham bormidi?

- Menga «Andijon»dan tashqari ham boshqa takliflar bor edi. Lekin ustozim vodiyda o‘ynagani uchun sen ham vodiyda o‘ynaging, u erda xalq futbolni sevadi. Shu bois «Andijon»da o‘ynashimni aytdi.

- O‘zbekistonlik bo‘lsangizda Turkiyada besh yil o‘ynab keldingiz va faoliyatingizda ilk bor chempionatimizda ishtirok etyapsiz…

- Vatan baribir vatan. Siz boshqa mamlakatdan o‘ynasangiz ham ona yurtingizni qumsayverasiz. Bundan keyin ham o‘z ishtirokimizni yanada yaxshilashga harakat qilamiz. Taassurotlarim yaxshi. Ayrim muxlislarimiz o‘zbek futboli yaxshi emas deb gapirishadi. Yo‘q, unday emas. O‘zbek futbolini doim hurmat qilaman. Muhtaram Prezidentimiz aytganlaridek, bizdagi futbolchilar jaydari yigitlar. Futbolchilar maydonga katta xohish va istak bilan tushishyapti. Biz ham maydonga qandaydir boshqacha «ishtaha» bilan tushyapmiz. Ayniqsa, Qo‘qondagi o‘yinimiz ancha qiziqarli bo‘ldi. To‘g‘ri, natija nursiz bo‘ldi, ammo o‘yin jangovor ruhda kechdi.

- «Andijon» mavsumni ikkita durang bilan boshladi. Sizningcha, natijalar adolatlimi?

- Hamma jamoa ham maydonga g‘alaba uchun tushadi. Lekin biz asosan safarda o‘ynayotganimizni ham unutmaslik kerak. Navoiyda «Qizilqum» bilan o‘yinda g‘alabani qo‘ldan boy berdik. Ikkala uchrashuvda bizda g‘alaba uchun imkoniyatlarimiz ko‘proq bo‘lgandi. Hozir bizning hisobimizda ikki emas, olti ochko bo‘lishi kerak edi. Balki ikki ochkoni ham ololmasligimiz mumkin edi. Shu sababli yomon boshlamadik. Tarkibimizda ishtiyoqmand va ko‘zi yonib turadigan futbolchilar to‘plangan. Hamma o‘yinchilarimizga ishonaman.

- O‘zbekistonning amaldagi uch karra chempioniga qarshi o‘yinda «Lokomotiv»ga qarshi uchrashuvdan nimani kutyapsiz?

- Men «Paxtakor»da sakkiz yil davomida shug‘ullanib, tahsil olganman. Oybek Qilichev, Ildar Mamatkazin va Dilshod Rahmatullaev ham «Paxtakor»da o‘ynashgan. E’tibor bersak, tarkibimizdagi ko‘plab o‘yinchilar yaxshi jamoalarda o‘ynashgan. Ishonasizmi, jamoamizda zarracha shubha yo‘q. Biz maydonga uch ochkoni ko‘zlab tushamiz. To‘g‘ri, «Lokomotiv» O‘zbekistonning uch karra chempioni va bizga qiyin bo‘ladi. Lekin biz yutqazish uchun o‘ynamaymiz.

- «Andijon»da siz uchun tanish futbolchilar ham bormi?

- Albatta. Masalan, «Paxtakor»ning o‘rinbosarlar safida o‘ynaganimda Oybek aka Qilichev asosiy tarkibda o‘ynardi. Ildar Mamatkazinni ham yaxshi bilaman. Farhod Mirahmatov ham «Paxtakor»da «katta» bo‘lgan. Umuman aytganda, ko‘pchiligini taniyman va moslashish qiyin bo‘lmadi.

- Turkiyadagi faoliyatingizdan o‘zingiz uchun nima oldingiz?

- O‘yinchi 17, 17 yoki 18 yoshidan boshlab katta futbolga kirib keladi. Qaysi uchun tajribaliroq bo‘ladi? U doim har uchrashuvda 90 daqiqadan o‘ynaganida tajribasi ortib boraveradi. Men har doim o‘ynagan jamoalarimda barqaror va to‘liq ko‘rinishda o‘ynaganman. Shu bois Turkiyada o‘zimga yarasha tajribali futbolchi bo‘lib qaytdim deb o‘ylayman.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!