
Baxtiyor Hamidullaev: "Futbolda omad kuchlilarga kulib boqadi"
Andijon futbolining afsonalaridan biri Baxtiyor Hamidullaevni ham kuni kecha “Andijon” klubining Qarshida “Nasaf” ustidan erishgan g‘alabasi befarq qoldirgani yo‘q.
O‘zaro o‘yinlarda bu “Andijon”ning “Nasaf” maydonidagi ikkinchi g‘alabasidir. Dastlab 1999 yilgi mavsumda Qarshida jamoamiz 1:2 hisobida g‘alaba qozongan. O‘shanda to‘purar hujumchi Baxtiyor Hamidullaevning gollarda ulushi katta bo‘lgan. Birinchisi o‘zida penalti ishlagan va ikkinchisida o‘zi gol urgan.
Muxlislar orasida “Batigol” nomi bilan mashhur bo‘lgan Hamidullaev “Andijon”ning “Nasaf” maydonidagi g‘alabasi va 1999 yilda qo‘lga kiritilgan ilk muvaffaqiyat borasida fikrlarini bildirib o‘tdi.
“1999 yildagi o‘yin hozirgidek esimda. U paytda shahar hokimi Abdullajon Sobirov bo‘lardi va jamoamizga o‘zi qarardi. Uchrashuvdan bir kun oldin Andijondan Qarshiga uchganmiz va bizni aeroportda o‘zi kuzatib, agar yutib kelsanglar, g‘alabani o‘zim sizlar bilan birga nishonlayman deb va’da bergan. Yutib kelganimizdan keyin so‘zini ustidan chiqib, bizni g‘alaba bilan tabriklab, birga nishonlagan. O‘sha paytdagi “Nasaf” ham kuchli edi va hozirgisi ham. U erdan 3-4 ta futbolchi ketsa ham hech qachon jamoa pasayib qolmaydi. Esimda o‘sha uchrashuvda penalti ishlaganman va buni Zaxriddin Akbarov golga aylantirgan. O‘zim ham tepsam bo‘lardi, ammo unga berganman. Ikkinchi golni esa men kiritganman.
Kuni kecha bo‘lib o‘tgan “Nasaf” – “Andijon” uchrashuviga kelsak, bosh murabbiy Aleksandr Xomyakovning matbuot anjumanidagi fikrlarini o‘qidim. Omad kulib boqqanini aytdi. Jamoa shu ketishda davom etsa, har doimgidek pastki o‘rinlarda emas, balki yuqoriroq pog‘onalarni egallashga qodir.
Rostini aytsam, “Andijon”ning “Nasaf” maydonidagi g‘alabasini hech kim kutmagan bo‘lsa kerak. Faqatgina “Andijon” muxlislarigina g‘alabaga oxirigacha ishonishadi. Baribir futbolda kuchli klubga omad kulib boqadi. Demak, Qarshidagi o‘yinda “Andijon” kuchliroq bo‘lgani uchun ham ularga omad kelgan”, - dedi Hamidullaev.
“Andijon” matbuot xizmati.
Fikrlar