BBC: Gvardiola “Siti”dan ketadigan bo‘ldi
“Manchester Siti” bosh murabbiyi Xosep Gvardiola kelasi yozda ingliz klubini tark etish niyatida, deb xabar beradi nufuzli manbalardan hisoblangan BBC nashri.
Nashr ma'lumotiga ko‘ra, hozirda klubda bosh murabbiyning kelajagi borasida jiddiy noaniqlik bor. Qayd etilishicha, yakuniy qaror mavsum oxiriga yaqin qabul qilinadi. Agar ispaniyalik mutaxassis dastlabki qarorini o‘zgartirib, klubda qoladigan bo‘lsa ham, 2027 yilda tugaydigan amaldagi shartnomasini uzaytirishi ehtimoli past.
Hozirgi vaqtda “Manchester Siti” Angliya chempionati 24 o‘yindan keyin 47 ochko bilan jadvalda ikkinchi o‘rinni egallab turibdi. Shuningdek, jamoa Yevropa Chempionlar ligasi 1/8 finaliga, Angliya Liga kubogi finaliga va mamlakat kubogi 1/16 finaliga chiqqan.
55 yoshli Gvardiola “Manchester Siti”ni 2016 yildan beri boshqarib kelmoqda. Uning rahbarligida klub olti marta Angliya chempioni bo‘lgan, ikki marta mamlakat kubogini, to‘rt marta Liga kubogini va uch marta Angliya Superkubogini qo‘lga kiritgan. 2023 yilda “Manchester Siti” Chempionlar ligasi, UEFA Superkubogi va klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida g‘alaba qo‘zongan.
Fikrlar