
Belotti kutib tur, Shomurodov ketvosin!
“Roma” erkin agent maqomida yurgan eng qimmatbaho futbolchi Andrea Belottini o‘z safiga qo‘shilishga ko‘ndirdi.
Corriere dello Sport nashrining xabar berishicha, tomonlar o‘zaro to‘rt yil hamkorlik qiladi. Poytaxt klubi Italiya terma jamoasi hujumchisiga har mavsum uchun 3 million evrodan maosh to‘lashga rozi bo‘ldi.
Manbaning ta’kidlashicha, klub mutasaddilari Belotti bilan shaxsiy shartnoma bo‘yicha kelishuvga erishganidan keyin 28 yoshli hujumchidan biroz kutib turishni so‘ragan. Ular hamkorlikni Eldor Shomurodov transferi yakunlanganidan keyin amalga oshirmoqchi.
“Roma” mutasaddilari moliyaviy feyr-pley qoidalarini buzmaslik uchun o‘zbekistonlik hujumchining boshqa klubga o‘tishini kutmoqda.
O‘z navbatida, Shomurodov Italiya, Angliya va Saudiya Arabistonidan taklif olgan va bir necha klub hujumchimiz uchun raqobatlashmoqda.
“Roma” Shomurodovning transferini har qanday usulda bo‘lsa ham amalga oshirishga tayyor. Ya’ni sport direktori 27 yoshli futbolchini to‘liq transfer qilish yoki keyinchalik sotib olish majburiyati bilan ijaraga berish shartlarini qabul qilishini bildirgan.
Eldorga ayni paytda “Bolonya”, “Sassuolo”, “Montsa”, “Torino”, “Vulverxempton” va “Al-Hilol” jamoalari da’vogarlik qilmoqda. Shomurodovga xaridor jamoalar soni yana oshishi kutilmoqda.
Shomurodov joy bo‘shatishini kutayotgan Andrea Belotti Joze Mourino qo‘l ostida to‘p tepish uchun “Milan”, “Monako” va “Valensiya” kabi klublar taklifini qabul qilmadi va faoliyatini poytaxtlik “bo‘rilar” safida davom ettiradigan bo‘ldi.
Fikrlar