
Bir qator legionerlarimiz endi bitta chempionatda!
Qo‘shni Tojikiston chempionatida ham ikkinchi davra bahslari davom etmoqda. Bizdagi kabi u erda ham yozgi transfer vaqtida Tojikiston oliy ligasidagi klublar o‘z tarkiblarida sezilarli selektsiya ishlarini amalga oshirdilar. Biz uchun e’tiborli tomoni shundaki, tojik klublari yana bir qator o‘zbek futbolchilarining transferlarini e’lon qildi. Sizu, bizga tanish bo‘lgan o‘yinchilar endilikda Tojikiston chempionatida. Kimdir ilk bor ko‘chib o‘tgan bo‘lsa, boshqalari klubini o‘zgartirganiga guvoh bo‘lishimiz mumkin.
Superliga va pro ligada bir qator klublar sharafini himoya qilgan va bungacha Indoneziyaning “Malut Yunayted” jamoasida to‘p surgan yarim himoyachi Muhammad Isaev Dushanbening TsSKAsidan tushgan taklifni qabul qildi. Ma’lumot uchun, Isaev bir necha yil ilgari Tojikistonning etakchi klubi - "Istiqlol"da yarim mavsum o‘ynagan. Osiyo Chempionlar ligasida ham debyutini o‘tkazgan va gol ham urgan.
Shuningdek, TsSKA safiga “Qo‘qon-1912”dan hujumkor yarim himoyachi Islom Isoqjonov ham qo‘shib olingan. TsSKA klubi Tojikiston chempionatida “Istiqlol”dan keyin 26 ochko bilan 2-o‘rinni band etib turibdi. Ma’lumot uchun, “Istiqlol” shu paytgacha 14 ta o‘yinning barchasida 100 foizlik natija ko‘rsatib, hamma uchrashuvlarni yutib kelyapti, birorta mag‘lubiyat tugul, hatto durang ham yo‘q. TsSKA esa hamyurtlarimiz yordamida natijalarni yanada yaxshilash ilinjida.
Shuningdek, bir necha mavsum “Bunyodkor” sharafini himoya qilgan va joriy yil yarim mavsum “Metallurg”da o‘ynagan asli tojikistonlik himoyachi Davron Ergashev yana yurtiga qaytdi. U “Xo‘jand” klubi bilan shartnoma imzoladi. Ishqibozlarimiz esa bu futbolchini yaxshi eslab qolishgan.
Tojikistonning yana bir klubi “Kuktosh” yozda ikki nafar hamyurtimizni jalb qildi. Bular – birinchi liga a’zosi – “Jizzax” safida to‘p surgan Jahongir Alamov hamda “Paxtakor-79”dan Hasanboy Qahhorov. Legionerga aylangan o‘yinchilarimiz uchun bu o‘zlarini ko‘rsatishga qo‘shimcha imkoniyat. Boz ustiga “Kuktosh” musobaqa jadvalida 5 ochko bilan oxirgi o‘rinda. Yozda esa klub tarkibini kuchaytirishga harakat qildi va futbolchilarimizdan ham umidi katta. Qolaversa, “Esxata” klubi legionerimiz Sanjar Rixsiboevni yana ortga qaytardi. Ungacha ham futbolchimiz mazkur jamoada to‘p surib, keyin orada puaza olgandi. Ikkinchi davradan esa Sanjar “Esxata”ning “zayavka”siga kiritildi.
Bir qancha klublarida o‘ynab chiqqan va oxirgi paytda “Xorazm”da to‘p surgan hujumchi Mo‘min Melievning chempionatimizda u qadar ishlari yurishmayotgandi. Bu safar esa omadini sinab ko‘rish maqsadida Tojikiston chempionatiga yo‘l oldi. Unga No‘’mon Hasanov bosh murabbiylik qilayotgan “Istaravshan” taklif bilan chiqdi va bu chaqiruvni futbolchi ijobiy qabul qildi. Balki u erda Mo‘minning ishlari yurishib ketar.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar