
Birinchi dubulg‘asiga ega bo‘lgan Tim, hakamni jarohatlagan Jokovich, revolyutsiyaga qodir Osaka – “US Open-2020” yakunlari
“Katta dubulg‘a” turkumiga kiruvchi 4 turnirdan biri - “US Open-2020” bir necha sensatsion natijalar va shiddatli uchrashuvlarni tuhfa etdi. 31 avgustdan 13 sentyabrgacha dunyo tennis ixlosmandlarini o‘ziga qarata olgan ushbu musobaqaning erkaklar o‘rtasidagi yakkalik bahslarida avstriyalik Dominik Tim zafar quchdi. Ayollar bahsida Naomi Osaka g‘alaba qozondi. Shuningdek, Mate Pavich va Bruno Soares erkaklar o‘rtasida, Laura Zigemund va Vera Zvonaryova ayollarning juftlik bahslarida g‘olib bo‘ldi.
Biz “US Open” chempionlari haqida so‘z yuritamiz.
Dominik Tim.
Musobaqa oldidan ikkinchi tartib raqam ostida saralangan Dominik Tim yakunda o‘z faoliyati davomida ilk bor “Katta dubulg‘a” turnirida g‘alaba qozondi. Musobaqa mobaynida jami 7 ta o‘yin o‘tkazgan avstriyalik tennischi dastlabki ikki uchrashuvda ispaniyalik Xaume Munyar va hindistonlik Sumit Nagalni oson engdi. Keyingi raqiblaridan faqat Marin Chilich unga biroz muammo tug‘dirdi. Xorvatliyalik tennischi finalga qadar Timdan geym olishni uddalagan yagona raketka ustasi bo‘ldi. Finalgacha qiyinchiliksiz etib kelgan Dominikni hal qiluvchi bahsda syurpriz kutib turar edi. Jokovich nimchorak finalda diskvalifikatsiyaga uchraganidan keyin asosiy favorit maqomida ko‘rilayotgan Aleksandr Zverev - Dominik Tim uchrashuvi o‘yin oldidan katta munozaralarga sabab bo‘ldi. Aytish mumkinki, final o‘z darajasiga mos ravishda kechdi. O‘sha mashhur “Artur Esh” o‘yingohi va har galgidek super bellashuv!
Dastlabki, 2 setni o‘z foydasiga hal qilgan Zverev uchrashuv yakunida yutqazishini xayoliga ham keltirmagani aniq. Ammo ortiqcha ishonch uni xotirjamlikka berilishiga sabab bo‘ldi. Shu tariqa, uchinchi setni boy bergan Sasha o‘ziga kela olmadi va keyingi setni ham yutqazdi. Tay-brekka qadar davom etgan final o‘yinining hal qiluvchi setida ustunlikni o‘z tomoniga og‘dirayotgan Tim kambekni amalga oshirdi. Yakuniy hisob: 2-6, 4-6, 6-4, 6-3, 7-6 (8-6)
Naomi Osaka.
Qit’adoshimiz uchun har yili kamida bitta “Katta dubulg‘a” turnirini yutish odatga aylandi. Jahon tasnif jadvalida 3-o‘rinda joylashgan yapon raketka ustasiga finalgacha jiddiy raqib uchramadi. Yo‘lidan chiqqan tennischilarni xotirjamlik bilan ortda qoldirgan Osaka taniqli tennischi Viktoriya Azarenko bilan bo‘lgan final bahsida biroz qiynaldi. Birinchi setni Belarus tennischisiga boy bergan Naomi keyingilari uchun o‘zida iroda topa oldi. O‘zining hujumkor o‘yini bilan minglab muxlis orttirishda davom etayotgan 22 yoshli sportchi uchun bu uchinchi “Katta dubulg‘a” sovrini bo‘ldi. Bungacha yapon qizi 2018 yilda “US Open”, keyingi yili Avstraliya ochiq chempionatida zafar quchgandi. Bu yil Amerika ochiq chempionatidagi sovrinlarini ikkitaga etkazgan kunchiqar yurt vakilasi tennis olamida katta revolyutsiya amalga oshirmoqda. Har holda, Viktoriya Azarenko, Serena Uilyams, Simona Xalep kabi tennis olami darg‘alarini mag‘lub etishni boshlagan yapon raketka ustasining natijalari tasodif emas.
Mate Pavich va Bruno Soares.
Ushbu tennischilarning ikkisi ham yakkalik bahslarida o‘zini deyarli ko‘rsata olmagan. Har ikki sportchi ham 200-o‘rindan pastda yuradi. Hech qachon, hech qanday sovrin yutmagan. Biroq, ular juftlikda reytingning eng yuqori pog‘onasini zabt eta olgan. Muntazam ravishda juftlikda “Katta dubulg‘a” turnirlarini yutib keladigan ushbu tennischilar bu safar ham raqiblariga imkoniyat qoldirmadi. Finalda Uesli Kolhof hamda Nikola Mektichdan ustun kelgan qahramonlarimiz dastlabki ikki setda qarshilikni his qilgandek bo‘lsa-da, hisobda oldinda bordi – 7:5, 7:5. Hal qiluvchi uchinchi setda raqib oson engildi – 6:3.
Laura Zigemund va Vera Zvonaryova.
Bu juftlikda Zigemund o‘zining “Katta dubulg‘a” turkumidagi dastlabki titulini yutgan bo‘lsa, Zvonaryova uchinchi marta bunday nomga loyiq bo‘ldi. Raqibalar esa ilk bor finalga chiqqan edi. Hal qiluvchi bahsda Zigemund hamda Zvonaryova juftligi Nikol Melixar va Syuy Ifan tandemini xotirjam mag‘lub etdi. Har ikki setda ham 6-4 hisobi qayd etildi.
Zigemund germaniyalik tennischi qizlar o‘rtasida 32 yil ichida birinchi marta “Katta dubulg‘a” g‘olibasiga aylandi. Undan avval bu natijani 1988 yili Shteffi Graf uddalagan.
Bir necha kunlardan so‘ng yana bir “Katta dubulg‘a” turniri - Frantsiya kortlari mezbonligidagi “Roland Garros” boshlanadi. Keyingi musobaqalarda ham unutilmas bahslarni kutib qolamiz va ularni siz aziz muxlislar uchun yoritishda davom etamiz.
Javohir Azimov tayyorladi.
Fikrlar