
Boks yulduzi Bektemirdan nima kutyapti?
Rossiyalik sobiq jahon chempioni Denis Lebedev 30 yanvar kuni Moskvada bo‘ladigan Sergey Kovalyov va Bektemir Meliqo‘ziev o‘rtasidagi jang oldidan o‘z fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.
- Men bu zo‘r jang bo‘lishiga ishonaman. Bu to‘qnashuv Sergey Kovalyovga yana o‘z mavqeini qaytarib olish uchun juda yaxshi imkoniyat bo‘lib xizmat qiladi. Bektemir Meliqo‘ziev esa, yulduz darajasidagi bokschiga qarshi jangda o‘zini ko‘rsatish imkoniga ega. Shu omillarni inobatga olib ajoyib bahs guvohi bo‘lishimiz aniq. Jangni kutamiz, - dedi Denis Lebedev.
Ta’kidlash joizki, aslida Sergey Kovalyov kubalik tajribali bokschi Sallivan Barrera bilan to‘qnash kelishi lozim edi. Biroq uning navbatdagi jangini tashkil etishga mas’ul bo‘lgan Golden Boy promouterlik kompaniyasi Kovalyovga qarshi o‘z bokschisi – Bektemir Meliqo‘zievni qo‘yishga qaror qildi.
Bu bejiz emas, albatta. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, DAZN va Golden Boy bundan buyon o‘zbekistonlik pancher Bektemir Meliqo‘zievning professional boks olamida yangi yulduzga aylanishini bilib, uning janglariga alohida urg‘u qaratishga qaror qilgan. Bek bugungi kunning etakchilaridan farqli o‘laroq, ancha yosh, yorqin va tomoshabop jang qiladi, o‘ta kuchli zarba evaziga nokaut bilan g‘alaba qozonadigan bokschi. Bunaqalar har qanday muxlisni translyatsiyalarga mixlab qo‘yadi.
Bu xususiyat DAZN va Golden Boy kompaniyalariga ayna muddao. Shu bois, o‘z davrida superchempion bo‘lgan Sergey Kovalyovga qarshi profboksga yaqinda qadam qo‘ygan, lekin yuqori salohiyatga ega Bekni ro‘baro‘ qilishyapti. Ya’ni, ular o‘zbek bokschisini tezroq ko‘tarmoqchi.
Professional bokschilik faoliyatini 2009 yilda boshlagan Sergey Kovalyov jahon boksida o‘z nomiga ega. U o‘z davrida super o‘rta vaznning WBO, WBA (Super), IBF va IBA yo‘nalishlarida jahon chempionligi, WBC brilliant kamarini qo‘lga kiritgan. 37 yoshli bokschi professional ringda 34 marta zafar quchgan va shulardan 29 tasini muddatidan oldin o‘z foydasiga hal qilgan.
Kovalyov garchi Andre Uordga ikki marotaba, Eleyder Alvares va Saul Alvaresga bir martadan imkoniyatni boy bergan bo‘lsa-da, hamon jahon reytingining yuqori pog‘onalaridagi o‘rnini saqlab turibdi. Shuningdek, uning hisobida bitta durang ham bor.
Bektemir Meliqo‘ziev professional bokschilik faoliyatini Kovalyovdan o‘n yil keyin boshlagan. Jami oltita jang o‘tkazib, barchasida zafar quchgan. Beshta bokschini nokaut evaziga mag‘lub etgan. Bek bo‘lajak raqibidan 13 yosh kichik. Kovalyovning jussasi ham o‘zbek bokschisinikidan yirikroq. Lekin uning bu ustunliklari va boy tajribasi ham unga ringda yordam bermasligi mumkin.
Bo‘lajak jangda Bektemirning asosiy ustunligi chapaqayligi. Chap qo‘l zarbasi uning eng xavfli quroli. Kovalyov tanaga berilgan zarbalarni ko‘tara olmaydi. Bekning jigarga yo‘llaydigan zarbasi o‘ta og‘riqli va og‘ir. Mutaxassislar Kovalyovga chidamlilikni oshirishni maslahat bermoqda. Ularning ta’kidlashicha, Bektemirda ortiqcha vazn yo‘q va uning charchab qolishini kutish noto‘g‘ri bo‘ladi. O‘zbek bokschisi hali ancha yosh va sarflagan energiyasi 37 yoshli rus “ayig‘i”nikiga qaraganda tezroq tiklanadi. Bu xususiyat 12 raundli janglarda muhim ahamiyat kasb etadi.
Sergeyning murabbiyi Baddi Makgirt shogirdini Bektemirga qarshi jangda masofa saqlashga chaqirmoqda. Yaqin yoki o‘rta musofadagi zarbalar almashinuvida Bekning mushtiga chidab bo‘lmaydi.
Yuqoridagi omillar hisobiga mutaxassislar bo‘lajak jangda Bektemir Meliqo‘zievning imkoniyatini yuqori baholamoqda.
Ta’kidlash joizki, 30 yanvardagi jang Bektemir uchun tramplin vazifasini o‘taydi. Chunki hamyurtimizning menejerlaridan biri Aliko Frolov o‘zbek bokschisi o‘z vaznidagi etakchilarga qarshi jang qilishga tayyorligini ta’kidlamoqda. Kovalyovga qarshi to‘qnashuvdagi g‘alaba Bektemirga yanada katta janglarga yo‘l ochadi.
Fikrlar