Boʻldi, Levandovski “Barsa”dan ketadi!
37 yoshli Robert Levandovski joriy mavsum oxirida “Barselona”ni tark etadi. Bu haqida Polshaning Meczyki nashri jurnalisti Tomas Vlodarchik xabar berdi.
Manba ma'lumotiga ko‘ra, 17 may, yakshanba kuni polyak futbolchisi La Liganing 37-turi doirasida “Betis”ga qarshi o‘yinda “Kamp Nou”da xayrlashuv uchrashuvini o‘tkazadi.
Qayd etilishicha, 37 yoshli hujumchining faoliyatini davom ettirishi uchun eng ehtimoliy variant Saudiya Arabistoni chempionati hisoblanmoqda, chunki futbolchi uchun vaqt mintaqasi, Evropagacha bo‘lgan masofa va iqlim muhim ahamiyatga ega.
“Chikago Fayr”dan tushgan taklif ham ko‘rib chiqilmoqda, ammo u ustuvor emas. Levandovskiga “Portu” ham qiziqish bildirgan, biroq hozirda futbolchi asosan Yaqin Sharq variantini o‘rganmoqda.
Ta'kidlanishicha, polshalik yulduz futbolchi yakuniy qarorni yaqin kunlarda qabul qiladi.
Shuningdek, hujumchining kataloniyaliklardan yangi shartnoma bo‘yicha taklifi borligi, ammo u jamoadagi roli kamayganini sabab qilib, bu taklifni qabul qilayotgani aytilmoqda. Bu holatda pul Robert uchun ustuvor emas. Levandovski o‘ynashni va faoliyatini davom ettiradigan klub natijalariga jiddiy ta'sir ko‘rsatishni istaydi.
Avvalroq “Barselona” va Levandovski yangi shartnoma bo‘yicha muzokaralarni to‘xtatgani haqida xabarlar tarqalgan edi.
37 yoshli Robert Levandovski 2022 yildan buyon “Barselona” safida to‘p tepib kelmoqda. Uning klub bilan shartnomasi 2026 yil iyuni oxirigacha amal qiladi.

Fikrlar