Bu ish o‘xshasa, Husanov va Shomurodov bir biriga qarshi o‘ynaydi

  • 9 yanvar, 23:50
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol
BEPUL PROPAN

Qishki transferlar oynasining asosiy qahramonlaridan biriga aylangan Abduqodir Husanov Italiya futbolining grandlari nazaridan ham chetda qolayotgani yo‘q.

Evropadagi manbalar o‘zbek futbolchisiga “Napoli” va “Atalanta” kabi jamoalardan qiziqish bo‘layotgani haqida ma’lumot chiqarganiga bir necha hafta bo‘ldi. So‘nggi xabarlarga qaraganda, mamlakatning eng qudratli klublaridan “Yuventus” ham O‘zbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi uchun kurashga qo‘shildi.

- “Yuventus” himoya chizig‘ini mustahkamlash yo‘llarini qidirishda davom etmoqda. Turinliklar birinchi navbatda, iste’dodli va kelajagi porloq yosh o‘yinchilarni topishga urinmoqda. Skautlar Portugaliyadan Alberto Kosta nomzodini tavsiya qilishdi. Biroq Frantsiya chempionatida undan ham zo‘ri – Abduqodir Husanov nomzodi chiqib qoldi.

O‘zbekistonlik markaziy himoyachi 2004 yilda tug‘ilgan va ayni paytda “Lans”ning ishongan futbolchisi hisoblanadi. Bu o‘yinchini qit’aning bir necha nomdor klublari, xususan “Real Madrid” ham o‘z nishonida ushlab turibdi va dastlabki muzokaralarni boshlab yuborgan.

“Lans” bosh direktori Per Dreossi agar yaxshi taklif tushsa, klub qishki transferlar vaqtidayoq o‘z futbolchisini qo‘yib yuborishga tayyorligini bildirgan, - deb ma’lumot tarqatdi ilbianconero.com sayti.

Italiya futboli ekspertlari Abduqodir Husanovning o‘yinlarini tahlil qilib, statistik ko‘rsatkichlarga ham alohida e’tibor qaratmoqda.

Xususan, 20 yoshli futbolchi joriy mavsumning barcha turnirlaridagi dastlabki 16 ta uchrashuvida jami 1219 daqiqa harakat qildi va himoyadagi vazifalarini bajarishdan tashqari, bitta golli uzatma ham qayd etdi.

Calciomercato.com portalining ma’lum qilishicha, Husanov havodagi yakkakurashlarda g‘olib chiqish hamda himoya harakatlarini amalga oshirishda 80 foizlik ko‘rsatkich qayd etgan Evropadagi yagona markaziy himoyachi hisoblanadi.

Bundan tashqari, o‘zbek futbolchisi progressiv pas uzatishdan 88 foiz o‘yinchilardan ustunlik qilmoqda,  Husanovning oldinga oshirgan to‘plarining 81 foizdan ko‘prog‘i manzilga aniq etib borgan.

Husanov jismonan baquvvat bo‘lishiga qaramay, qisqa va uzun masofalarga tez yuguradi, koordinatsiyasi mukammal, himoya va yarim himoya hududlarining istalgan nuqtasida o‘ynay oladi. Abduqodir vaziyatlarni oldindan baholaydi va raqiblariga nisbatan erta harakat qiladi, raqib bilan yuzma-yuz kelishdan cho‘chimaydi, tanasining ustunligidan foydalanadi, podkat tashlashda aksariyat holatlarda “toza” o‘ynaydi.

O‘zbek futbolchisi to‘p bilan yaxshi ishlaydi, raqib o‘yinini sindirish va o‘z jamoasi hujumlarini boshlash hadisini olgan, keyingi paytda o‘zi ham oldingi chiziqqa o‘tib, raqiblar darvozasiga xavf sola boshladi.

Ana shu statistik ma’lumotlar va o‘yinchining shaxsiy ko‘rsatkichlariga asoslangan ekspertlar Abduqodir Husanovning noyob qobiliyati borligi va shuning uchun ham 20 yoshli futbolchi Evropaning nomdor klublari o‘rtasida talash bo‘layotganini ta’kidlamoqda.

Eslatib o‘tamiz, Abduqodir Husanov “Bunyodkor” akademiyasi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. 2023 yilning yozida “Lans”ga ko‘chib o‘tgunga qadar, Belarus oliy ligasida “Energetik-BGU” jamoasi sharafini himoya qilgan.

20 yoshli markaziy himoyachi bir yarim yildan beri O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi hisoblanadi va xalqaro maydonda hozirga qadar 18 ta uchrashuvda ishtirok etdi.

Husanovni Germaniyada kimlar kutmoqda?

“Lans” Husanovning narxini yana oshirdi!

“Roma” Shomurodov bo‘yicha qarorini o‘zgartirdi!

Husanov, “Real”ga o‘tasanmi yoki “Manchester Siti”ga?

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!