"Bu shubhasiz sifatli jamoa bo‘ladi" yoxud Chexiya klubi "Andijon" haqida nimalarni yozdi?

  • 13 fevral, 02:22
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
BEPUL PROPAN

Ma’lumki, “Andijon” klubi 13 fevral sanasida ikkita o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazadi va dastlabki bahs Chexiyaning “Zlin” jamoasiga qarshi bo‘lib o‘tadi.

O‘z navbatida “Zlin” ham bo‘lajak o‘yinga tayyorlanmoqda va klub matbuot xizmati "Andijon"ga qarshi uchrashuv oldidan jamoa haqida ma’lumot taqdim etgan. Unda jumladan shunday yozilgan:

“Oldinda jamoamizni Turkiyadagi so‘nggi o‘yin kutib turibdi. Ukrainaning “Obolon”i (0:1) bilan ilk uchrashuv va seshanba kuni Shveytsariyaning “Ditikon” (3:0) jamoasiga qarshi o‘yindan so‘ng, payshanba kuni O‘zbekistonning “Andijon” jamoasi bilan uchrashamiz. Shu kuni O‘rta er dengizi sohilida qiziqarli to‘qnashuv bo‘lib o‘tadi.

Jamoamiz uchun bu Chexiyaga qaytish oldidan so‘nggi sinov bo‘ladi – noma’lum raqib bilan navbatdagi jang.

“Bu biz uchun yig‘inning eng muhim voqeasi bo‘ladi. Yigitlar 100 foiz tayyor bo‘lishi uchun kuchlarimizni taqsimladik. Bizda raqib haqida aytarli ma’lumot yo‘q. Faqat biz uning chempionatdagi o‘yinining bir qismini ko‘rdik. Bu albatta sifatli jamoa bo‘ladi. Faqat payshanba kungi o‘yin uning holatini ko‘rsatadi”, - deydi “Zlin” yordamchi murabbiyi Ivo Svetlik.

Shuningdek, “Zlin” matbuot xizmati "Andijon" haqida to‘xtalar ekan, yana quyidagilarni davom ettirdi:

“Andijon” FK Andijon viloyatining ma’muriy, iqtisodiy va madaniy markazi hisoblanadigan Andijon shahrida joylashgan. U Farg‘ona vodiysining janubi-sharqidagi  va Qirg‘iziston bilan chegaradosh bo‘lgan viloyatdir.

Andijon mintaqaning eng qadimgi shaharlaridan biri. “Andijon” FK 1964 yili “Spartak” nomi ostida tashkil etilgan, bugungi nomi ostida 1997 yildan beri faoliyat yuritib kelmoqda. Jamoa bahor-kuz tizimida o‘tkazib kelinadigan o‘zbek Superligasida qatnashib kelmoqda. Jamoa sig‘imi 18360 tomoshabinga mo‘ljallangan “Bobur Arena”da uy o‘yinlarini o‘tkazib keladi.

O‘tgan yil oktyabr oyida klub o‘zi uchun ilk sovrin - O‘zbekiston Kubogini qo‘lga kiritdi va mavsumni 9-o‘rinda tamomladi. O‘zbekiston Kubogi sohibi sifatida “Andijon” 2025/26 mavsum OChLda debyutini o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Qishki yig‘inda “Andijon” bir qator o‘rtoqlik uchrashuvlarini o‘tkazdi. Polshaning “LKS Lodz” klubi bilan 0:0 o‘ynadi. Ukrainaning “Vorskla” jamoasi 4:3 hisobida mag‘lub etildi. Bosniya “Boras Banya-Luka”siga 0:1 hisobida yutqazdi va Norvegiyaning “Raufoss” jamoasi bilan uchrashuvda 0:2 hisobi qayd etildi. Endi esa biz bilan o‘ynashadi.

Jamoaning asosiy futbolchilarini o‘zbekistonlik o‘yinchilar tashkil etishadi va legionerlari ham bor. Jamoaga bu yil chernogoriyalik Miomir Jurichkovich va Luka Uskokovich, shuningdek, “Zlin”ning sobiq futbolchisi Mirzad Mexanovich, rossiyalik Islam Mashukov hamda Kosovodan Altin Kreziular bor”, - deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, “Andijon” – “Zlin” o‘yini bugun Toshkent vaqti bilan 13:30 (Antaliya vaqtiga 11:30) da boshlansa, ikkinchi uchrashuv Qozog‘istonning “Shaxtyor”i bilan Toshkent vaqti bilan soat 19:00 (Antaliya vaqtiga 17:00)da start oladi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!