
Bugun “Afsungar”ning tavallud kuni
Braziliya futboli deganda negadir shu inson xayolimga kelaveradi. Uning sariq libosda maydonga chiqib kelishi, to‘p bilan harakatiyu, to‘psiz turishi ham o‘zgacha.
Hatto soch turmagidan tortib, elastik harakatlari uni eslashga majbur qilaveradi. Ha, u daho darajasiga ko‘tarila olgan, futbol sehrgari.
Ronaldu di Asis Moreyra. Uni ko‘proq Ronaldino yoki Ronaldino Gausho sifatida yaxshi tanishadi.
U 1980 yilning 21 martida Braziliyaning Portu-Alegri shahrida tug‘ilgan.
Men Ronaldinoni tanigan va uning o‘yinlariga oshufta bo‘lgan kezlarimda “afsungar” Italiya grandi “Milan”da o‘ynar edi. Men uning “Milan”dagi o‘yinlarini maqtasam, dadam avvalgi jamoalaridagi faoliyatini gapirib bergan edi.
Futbolning ashaddiy muxlisi bo‘lgan dadamdan Ronaldino PSJ va “Barselona”dagi o‘yinlari, maydonda bamisoli raqs tushishi, to‘p bilan zargarona harakatlari, ajoyib zarbalari haqida aytib berar va “bunday daholar faqat Braziliya diyoridan etishib chiqadi”, - derdi.
Menima, bu diyordan Ronaldinodan keyin uning darajasidagi futbolchi hali chiqqani yo‘q.
Ronaldinodan keyin porlagan na Kaka, na Neymar “afsungarlik” bobida unga yaqin ham kelolmadi. To‘g‘ri, Neymarning ayrim fenomenal harakatlari Ronaldinoni eslatsa-da, tomoshabinlarga su’niydek tuyuladi.
Roni maydondagi raqslarning muallifi, uning uun oddiy bo‘lgan harakatlar aslida takrorlanmas darajada bo‘lgani uchun shunday bo‘lsa kerak.
Ronaldino yuqori formada nari borsa besh yil o‘ynadi, lekin mana shu muddat butun dunyo muxlislarining qalbidan joy olishi uchun etarli bo‘ldi.
Shukurullo Jalolov,
futbol muxlisi.
Fikrlar