
Bugun qo‘shni Qozog‘iston bilan o‘ynaymiz. Raqib haqida bilishingiz kerak bo‘lgan barcha ma’lumotlarni taqdim etamiz
Bugun O‘zbekiston milliy terma jamoasi Qozog‘iston termasiga qarshi bahs olib boradigan bo‘ldi. O‘yin 18:00 da Toshkentdagi "Paxtakor" o‘yingohida start oladi.
Raqib ayni paytda Evropada ham ko‘pchilikning e’tiboriga tushgan. Mazkur o‘rtoqlik uchrashuviga qiziqish yuqori bo‘lgani sabab SPORTS.uz sayti jurnalisti Shohrux Zoirov Qozog‘iston terma jamoasi haqida batafsil to‘xtalib o‘tishga qaror qildi.
Umumiy ma’lumot.
Qozog‘iston Futbol Federatsiyasi 1994 yildan 2002 yilga qadar OFK a’zosi sifatida qayd etib kelingan. Biroq 2002 yildan hozirgacha terma jamoa UEFA ta’siri ostidagi turnirlarda qatnashib keladi. Ya’ni 20 yil oldin qo‘shnilarimiz OFKni UEFAga "almashtirgan". "Lochinlar" xuddi biz kabi Jahon chempionatida ishtirok etish baxtiga muyassar bo‘lmagan. 2002 yilda UEFAga ko‘chib o‘tgan bo‘lsa-da, terma jamoa Evropa chempionatlarida ham ko‘rinish bermagan.
Qozog‘istonliklar ilk rasmiy o‘yinini o‘rtoqlik uchrashuvi doirasida Turkmanistonga qarshi o‘tkazgan. Olma-otada kechgan bahs mezbonlarning kichik 1:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakun topgan. Eng yirik g‘alaba Pokistonga qarshi o‘yinda qayd etilgan. 1997 yil 11 iyunda qo‘shnilarimiz raqibi darvozasiga oz emas, ko‘p emas naq 7 ta javobsiz to‘p kiritgan. Eng yirik mag‘lubiyatni qozog‘istonliklar 2021 yilda Frantsiya terma jamoasidan qabul qilib olgan - 0:8.
Terma jamoa Nur-Sultondagi "Astana Arena"da o‘z uy uchrashuvlarini o‘tkazadi. Ushbu o‘yingoh o‘z bag‘riga 30 ming tomoshabinni sig‘dira oladi.
Raqiblarimizning FIFA reytingidagi eng yaxshi natijasi 2016 yil sentyabr oyiga to‘g‘ri keladi. O‘shanda ular jahon tasnifi bo‘yicha 83-o‘rinda e’tirof etilgan. Eng yomon natija 1996 yil may oyida qayd etilgan. Shu yili jamoa 166-pog‘onadan o‘rin egallagan. Ayni paytda qo‘shnilarimiz reytingda 113-o‘rinni band etib turibdi. Taqqoslash uchun, O‘zbekiston terma jamoasi xuddi shu reytingda 77-o‘rinni egallagan.
Qayd etayotgan natijalari.
"Lochinlar" oxirgi 6 o‘yinida 4 g‘alaba, 1 durang va 1 mag‘lubiyat qayd etgan. Taslim etilgan jamoalar orasida Ozarbayjon, Belarus va Slovakiya terma jamoalarining nomini ko‘rishimiz mumkin. Eng so‘nggi bahsda Ozarbayjon termasi Nur-Sultondagi mag‘lubiyat uchun "qasos" olgan - 3:0.
Millatlar ligasida mazkur jamoalarga qarshi kurash olib borgan Magomed Adiev shogirdlari yakunda guruh etakchisi sifatida bir pog‘ona yuqoridagi "B" ligaga yo‘llanma oldi.
Shuningdek, Evro-2024 saralash bosqichiga qur’a tashlash marosimi qozog‘istonliklar to‘rtinchi savatchadan o‘rin oldi. Ushbu savatchada qo‘shnilarimiz bilan bir qatorda Gruziya, Gretsiya, Turkiya, Ozarbayjon va Shimoliy Makedoniya termalari joy olgan edi.
Qur’a natijalariga ko‘ra, Qozog‘iston "H" guruhidan o‘rin oldi. Unda bo‘lajak raqiblarimizga Daniya, Finlyandiya, Sloveniya, Shimoliy Makedoniya va San-Marino jamoalari raqiblik qiladi.
Murabbiy haqida.
Terma jamoa bosh murabbiyi rossiyalik mutaxassis Magomed Adiev hisoblanadi. U 2022 yil 6 may sanasida bosh murabbiylik postini qabul qilib olgan. Undan oldin esa murabbiy "Shaxtyor" Qarag‘andida ish olib borgan. 45 yoshli mutaxassis Qozog‘iston bilan o‘tkazgan 6 o‘yinida 4 g‘alaba, 1 durang va 1 mag‘lubiyat qayd etgan. Yomon natija emas, bizningcha.
Shuningdek, rossiyalik murabbiy saytimiz uchun bergan intervyusida o‘zbek futbolida mahoratli o‘yinchilar va murabbiylar borligi, terma jamoamizni munosib raqiblar sirasiga qo‘shishi, shuningdek, agar O‘zbekiston UEFAga kiradigan bo‘lsa, evropacha futbolga moslashish uchun biroz vaqt kerak bo‘lishi borasida o‘z fikrlarini bildirib o‘tgan edi.
Adiev jamoada asosan, 5-4-1 taktik sxemasidan foydalanib kelmoqda. Ushbu ishlanma vaqti-vaqti bilan 3-4-3 ko‘rinishiga ham keladi. Ya’ni qozog‘istonliklar zamonaviy 3 markaziy himoyachi bilan o‘ynashni yaxshi o‘zlashtirib bormoqda. Bu borada vaziyat O‘zbekiston terma jamoasi bilan o‘xshash.
Futbolchilar bilan tanishamiz.
Futbolchilar orasida eng qimmat deya ko‘rsatilgan o‘yinchi Baxtiyor Zaynutdinov sanaladi. U "Transfermarkt" portalida 3,5 million evroga baholangan. Baxtiyor Qozog‘iston terma jamoasi safida 24 bahsda o‘z nomiga 10 ta gol yozdirib qo‘ygan.
Qayd etish lozim, TsSKA vakili o‘z vaqtida "Rostov" safida ayni paytda "Roma" a’zosi hisoblanadigan Eldor Shomurodov bilar birga to‘p tepgan.
Shuningdek, RPLning "Zenit" klubi vakili Nurali Alip 1,5 million evro narx bilan termaning eng qimmat ikkinchi futbolchisi hisoblanadi. Markaziy himoyachi "lochinlar" libosi ostida 20 ta o‘yinda maydonga tushgan. Biroq hozircha u o‘z hisobiga gol yozdirib qo‘ymagan.
Jamoa sardori, "Tobol" klubi yarim himoyachisi Askat Tagibergen 750 ming evroga loyiq ko‘rilgan va u termaning uchinchi eng qimmat o‘yinchisi bo‘lib turibdi. 32 yoshli tajribali futbolchi ayni paytga qadar Qozog‘iston tarkibida 40 ta o‘yin o‘tkazgan. Hozircha uning hisobida gol mavjud emas.
Qo‘shimcha qilib shuni aytish mumkinki, tarkibdan Marat Bistrov ("Axmat", Rossiya), Yan Vorogovskiy ("Molenbek", Belgiya), Georgiy Jukov ("Changju Mayti Layins", Xitoy) va Aleksey Shyotkin ("Kuban", Rossiya) singari legionerlar o‘rin olgan.
Bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston - Qozog‘iston bellashuvida ikki tomonga ham omad tilaymiz. Shuningdek, qo‘shnilarimizga Evropa maydonlarida muvaffaqiyatlar tilab qolamiz!
Shohrux Zoirov tayyorladi.
Fikrlar